8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

18:20 / 15.02.2018 7414

Dortmund, Marsel yoki Neapol?: Kunning asosiy o‘yinlari anonsi

Nihoyat yevrokuboklar katta sahnaga qaytdi va so‘nggi ikki kun davomida Yevropaning eng kuchli klublari o‘z o‘yinlari bilan tomoshabinlarga zavq ulashishdi. Bugun esa, ikkinchi maqomdagi turnir bo‘lmish Yevropa Ligasida 1/16 final dastlabki o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Bu yilgi Yevropa Ligasi juda qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda. So‘nggi yillarda Chempionlar Ligasining kuchli jamoalari sanalgan «Atletiko», «Borussiya», «Arsenal», «Napoli» va yaqin o‘tmishning eng kuchli klublaridan biri «Milan» kabi klublar bu sovrin uchun bahsga kirishadi. 16 juftlikka sochilib ketgan bu jamoalarni darrov payqash qiyindek ko‘rinadi. Ammo bu bosqichda ham alohida e'tiborga molik juftliklar borki, «Tribuna.uz» bu to‘qnashuvlar haqida fikr yuritadi.

BORUSSIYa DORTMUND (Germaniya) – ATALANTA (Italiya)

Kuchli beshlik chempionatlari yetakchi jamoalarining o‘zaro o‘yinlarini ko‘p kuzatamiz. Ammo ushbu ligalarni solishtirishda o‘rtamiyona jamoalarning bunday to‘qnashuvlardagi natijasi har tomonlama qiziq bo‘lsa kerak.

«Atalanta» nomini Yevropa miqyosdagi turnirlarida deyarli eshitmagan bo‘lsak-da, A Seriya ishqibozlari uchun bo‘sh nom emas. Albertinidan tortib aka-uka Indzagilargacha, Veridan tortib, Donadonigacha ushbu jamoa orqali futbolga kirib kelgan. Mashhur Klaudio Kanijja ham uch yil «Atalanta» libosida maydonga tushganini ko‘pchilik eslamasa kerak.

Bergamoliklar milliy chempionatda o‘tgan yilgi natijalarini takrorlay olmayotgan bo‘lishsa-da, Yevropa Ligasi guruh bosqichida ko‘pchilikni hayron qoldirishdi. «Lion», «Everton» kabi kuchli jamoalar joylashgan guruhda 1-o‘rin qo‘lga kiritildi. Ayniqsa, inglizlar ustidan har ikki o‘yinda qozonilgan yirik g‘alabani alohida e'tirof etish lozim.

Piter Bosh qo‘l ostida mavsumni juda kuchli boshlagan «Borussiya» esa, baribir chempionlik uchun kurasha olmaydi, bu degani, sovrin yutish uchun bu turnir juda ahamiyatli bo‘lib qoladi. Agar «Borussiya» o‘zini o‘nglay olmasa, kuchli to‘rtlik uchun ham imkoniyatini pasaytirib yuborishi mumkin. Yevropa Ligasi esa, kelasi mavsumda YeChLda qatnashish uchun yana bir imkoniyat.   

NITsTsA (Fransiya) – LOKOMOTIV (Rossiya)

Legionerlarimizning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatadigan muxlislar uchun juda qiziqarli juftlik. Hamyurtimiz Vitaliy Denisov «temiryo‘lchilar» safida yetakchi himoyachilardan biriga aylangan va yevrokuboklar Denisov uchun juda yaxshi tajriba vazifasini o‘tab beradi.

«Lokomotiv» Rossiya chempionatida juda ishonchli harakat qildi va qishki tanaffusga 8 ochkolik farq bilan peshqadam sifatida chiqib ketdi. Jamoaning asr boshlaridagi nufuzini qayta tiklash yo‘lida jiddiy qadamlar tashlanganini payqash oson.

«Nitstsa» o‘tgan mavsumda, oradan 40 yil o‘tib, Fransiya chempionligi uchun kurashib ko‘rdi, ammo «Monako» va «PSJ»ning tajribaliroq ekani, nitstsaliklarga «Monpele»ning qahramonligini takrorlash imkonini bermadi. Ammo Yevropa Ligasida Lusen Favr shogirdlarida uzoqroqqa borish imkoniyati mavjud. Jamoa yetakchisi yuqorida tilga olingan futbol yulduzlari emas, 26 yoshli Jan Mishel Seri hisoblanadi. Uni yozda hatto «Barselona» o‘z safida ko‘rmoqchi bo‘lgan, transfer qiymati 40 million yevro deb baholangandi. Ammo bu transfer amalga oshmadi, endi esa, ushbu hujumkor yarim himoyachiga «Manchester Siti» qiziqib qolgan.   

NAPOLI (Italiya) – RB LeYPTsIG (Germaniya)

Bu juftlik aynan ushbu mavsumda Chempionlar Ligasi nimchorak finalida ham duch kelishlari mumkin edi. Har ikki jamoa mavsumni Chempionlar Ligasida boshlagan va so‘nggi turlargacha imkoniyatini saqlab turgandi. Ammo so‘nggi turda deyarli ochko kerak bo‘lmagan «Manchester Siti» va «Monako» ushbu ikki jamoaning raqiblariga imkoniyatni boy berishdi.

A Seriya g‘olibligi uchun kurashayotgan «Napoli» uchun balki Yevropa Ligasida qatnashish ortiqcha bo‘lar, ammo biz neapolliklarning boshqacha o‘ynay olmasliklarini juda yaxshi bilamiz. Kutish mumkinki, jamoa o‘z muxlislari qarshisida yarim kuch bilan o‘ynamaydi.

Uslub jihatidan har ikki jamoa bir-biriga o‘xshash – hujumkor, tezkor va yuqori pressingga asoslanadi. «RB Leyptsig» o‘tgan yilgi natijalar tasodif emasligini isbotlashda davom etmoqda va Bundesliga «Bavariya»ga eng yaqin bo‘lgan jamoa bo‘lib turibdi. Klub o‘tgan mavsumdagi deyarli barcha yetakchilarini o‘z safida saqlab qola olgani tahsinga sazovor. Demak, Zabittser, Varner, Keyta, Forsberg kabi futbolchilar kelasi yozda top klublarga o‘tish oldidan o‘zlarini juda yaxshi reklama qilib olishlari uchun Yevropa Ligasi ayni muddao.    

OLIMPIK LION (Fransiya) – VILYaReAL (Ispaniya)

2015/16 yilgi mavsumda «Vilyarreal» ushbu turnir yarim finalida «Liverpul»ga imkoniyatni boy bergandi. O‘tgan mavsumda esa, «Lion» xuddi o‘sha bosqichda «Ayaks» qarshiligini yenga olmadi va final ostonasida qolib ketdi.

Ya'ni, bu jamoalarning Yevropa Ligasining doimiy favoritlari qatorida tilga olish mumkin. Ayniqsa, «Lion» so‘nggi ikki yilda oldinga juda dadil qadamlar tashlamoqda va Fransiya  chempionatidagi beqaror klubdan «PSJ»ning eng yaqin ta'qibchisi maqomiga juda tez sur'atlarda yetib keldi. Mariano Dias, Nabil Fekir va balki Memfis Depay keyingi mavsumda Liondan uchirma bo‘lishi mumkin.

Har ikki jamoa holatini qaysidir ma'noda yuqorida tilga olingan «Borussiya» holatiga o‘xshatsa bo‘ladi. Ichki frontlarda «Lion»ga ham, «Vilyareal»ga ham non yo‘q. Boshi uzra biror sovrin ko‘tarish uchun esa, bu turnir ayni muddao.

Shuningdek, «Vilyareal»ning Ispaniya chempionatida kuchli to‘rtlikdan ancha ortda qolganini ham ta'kidlash kerak. Ya'ni jamoa faqat Yevropa Ligasi orqali kelasi mavsumda YeChLda qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin.

SPARTAK (Rossiya) – ATLeTIK (Ispaniya)

Negadir ruslar Rossiya chempioniga qur'a omadli kelganini baralla aytmoqda va asos sifatida «Atletik»ning Ispaniya chempionatidagi beqaror natijalarini keltirmoqda. La Liganing kuchliroq sanalgan jamoalaridan biri «Sevilya» ustidan 5:1 hisobida qozonilgan g‘alaba balki «Spartak»ning kuchini mubolag‘alashtirib yuborgandir.

Ammo besh yil oldin Yevropa Ligasi finaligacha yetib borgan, Ispaniyada tez-tez Qirollik kubogi finaliga chiqib turadigan bilbaoliklar aynan kubok o‘yinlarida juda xavfli ekanini e'tirof etish kerak. Umuman ispan jamoalari, ayniqsa, «Atletik» kabi o‘rtamiyona bo‘lsa, bahorni butunlay Yevropa kuboklariga bag‘ishlashni yaxshi ko‘rishadi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumda Ispaniya chempionatida o‘rtada qolib ketgan «Selta» bor e'tiborini Yevropa Ligasiga qaratgan va Liga o‘yinlarida ikkinchi tarkibni tushirib yuravergan. Oqibatda vigoliklar «Manchester Yunayted»ga qanchalik xavf tug‘dirganliklari va finalga juda yaqin kelganini eslash kifoya.

«Atletik» ham xuddi o‘sha seriyadan. Rossiya klublari tanaffusga chiqib ketganliklari va fevral oyida optimal sport formaga kirishga ulgurmay qolishlarini ham e'tiborga olsak, bu juftlikda «Atletik»ning imkoniyatlarini yanada oshirib baholash mumkin.

Nima bo‘lganda ham, bu juftlik ko‘rishga tavsiya etiladigan juda qiziqarli bahs bo‘lishini ishonchimiz komil.

«Arsenal» hujumchilarsiz

«Kanonirlar» ustozi Arsen Venger Shvetsiyaning «Estersund» klubiga qarshi o‘yinga asosiy tarkibni tushirishni va'da qildi. Ammo u jamoa asosiy forvardlardan ayrilganini hisobga olmasdan bu gapni gapirdi. Lyakazett jarohat tufayli 6 haftaga safdan chiqdi, Obameyang zaigra «Borussiya» tarkibida Chempionlar ligasida o‘yin o‘tkazib bo‘lgani uchun Yevropa Ligasida maydonga tusha olmaydi. Yana ikki hujumchi – Uolkott va0 Jiru – «Arsenal»ni yanvar oyida tark etishgan. Shunday ekan, Vengerda faqat bir hujumchi qolmoqda – Uelbek.

Arsen Venger endi Obameyang o‘ynay olmasligi tufayli UYeFA qoidalariga e'tiroz bildirmoqda: «Menimcha barcha klublar men bilan hamfikr bo‘ladi. Bu qoidani bekor qilmoq kerak. Bugungi kundagi transferlar narxiga e'tibor qaratsak, mavsum o‘rtasida 50 yoki 60 mln yevro sarflab sotib olingan futbolchilar jamoaga yordam bera olmaydi. Bunda qanday ma'no bor».

Yuzaga kelgan bu vaziyat «Arsenal»ga keyingi raundga chiqishga xalal bermaydi, ammo «Estersund»da ko‘plab gollar o‘tkazmaslik imkoni paydo bo‘lgan.

BARChA O‘YINLAR

20:00 Astana - Sporting L 

22:00 Estersund - Arsenal

22:00 Ludogorets - Milan

22:00 Real Sosedad - Zaltsburg

22:00 Spartak M - Atletik

22:00 Nitstsa - Lokomotiv M

22:00 Borussiya D - Atalanta

22:00 Marsel - Braga

00:05 Partizan B - Viktoriya Plzen

00:05 Lion - Vilyarreal

00:05 Napoli - RB Leyptsig

00:05 Seltik Glazgo - Zenit

00:05 AYeK - Dinamo Kiyev 

00:05 Kopengagen - Atletiko Madrid

00:05 Styaua - Latsio

Tsrvena Zvezda – TsSKA o‘yini 13 fevral kuni bo‘lib o‘tgan va 0:0 hisobi qayd etilgan.

Top