15:10 / 07.03.2018
35614

Azot va fosfor o‘g‘itlar uchun cheklangan chakana narxlar belgilandi

Foto: Norma.uz

Tegishli raqamlar Vazirlar Mahkamasining 28.02.2018 yildagi 149-son qarorida keltirilgan, deb yozmoqda Norma.

Joriy yilning 1 martidan boshlab, mineral o‘g‘itlar ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan faqat birja savdolarida quyidagi shartlarga rioya etgan holda (ichki tarmoqlarga yetkazib berishdan tashqari) sotiladigan bo‘ldi:

1 – birja savdolariga qo‘yiladigan mineral o‘g‘itlarning boshlang‘ich narxi rentabellik hisobga olingan holda ishlab chiqaruvchilar tomonidan tannarxning 10 foizi miqdorida shakllantiriladi (shu jumladan Hukumatning kafolati bilan jalb etilgan kreditlar bo‘yicha asosiy qarzni qoplash bilan bog‘liq to‘lovlar hisobga olinadi);

2 – azot va fosfor o‘g‘itlar birja savdolariga ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan shakllantiriladigan va xaridorlar toifalari uchun tabaqalashtirilgan lotlar bo‘yicha qo‘yiladi. Bunda birja savdolariga:

• qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar va tadbirkorlikning boshqa sub'yektlari, shuningdek, «O‘zagrokimyohimoya» AJ korxonalari uchun – yirik lotlar (bitta lot bo‘yicha 300 tonnadan ortiq);
• faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar uchun – mayda lotlar (bitta lot bo‘yicha 5 tonnadan 70 tonnagacha) qo‘yiladi;

3 – 1.03.2018 yildan 1.08.2018 yilgacha bo‘lgan davrda oxirgi iste'molchi – qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga sotiladigan azot va fosfor o‘g‘itlarining narxi quyida belgilangan cheklangan narxlardan oshmasligi zarur.

4 – boshqa turdagi mineral o‘g‘itlar ochiq birja savdolarida barcha toifadagi xaridorlar uchun lotlar hajmlari cheklanmagan holda va cheklangan narxlarsiz sotiladi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan va mazkur shartlar asosida xarid qilingan mineral o‘g‘itlar o‘z ehtiyojlari uchun foydalaniladi yoki ular ichki bozorda faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga sotilishi mumkin.

Mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqaruvchilar kesimida birja savdolariga qo‘yishning har o‘n kunlik jadvallari bir hafta muddatda tasdiqlanadi.

Hujjat 1.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Top