11:44 / 12.04.2018
8166

Lisenziyalar va ruxsatnomalarni rasmiylashtirib berish muddatlari qisqartirilmoqda

Foto: Pixabay

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonning 3-ilovasida 2018 yil 1 iyundan rasmiylashtirilishi qisqartiriladigan tadbirkorlik faoliyatining ayrim litsenziyalashtiriladigan turlari va ruxsat berish tartib-taomillari ro‘yxati keltirilgan.

Jumladan, veterinar faoliyat davlat veterinariya qo‘mitasi tomonidan eski 30 kun o‘rniga 20 kunda rasmiylashtirib berilishi nazarda tutilmoqda.

Neft mahsulotlari (avtobenzin, aviabenzin, ekstrabenzin, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, mazut, pech yoqilg‘isi, neftebitum, shuningdek, texnik yog‘lar va moylash materiallari) zavod qadog‘iga solinganlaridan istisno etilganda (neft avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari va moy almashtirish punktlarida realizatsiya qilinadigan neft mahsulotlardan tashqari) O‘zdavneftgaznazorat tomonidan 30 kun o‘rniga 20 kunda rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish Qurilish vazirligi tomonidan 15 kun o‘rniga 10 kunda, Turistik faoliyat Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 15 ish kuni o‘rniga 10 ish kunida, Noshirlik faoliyati O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan 30 kun o‘rniga 20 kunda rasmiylashtirib berilishi nazarda tutilmoqda.

Hujjatga ko‘ra ko‘plab ruxsatnomalarning rasmiylashtirish muddatlari ham qisqartirilgan.

Top