O‘zbekiston Respublikasining prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 30 avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 27 sentabrda ma'qullangan.

O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 25 aprelda qabul qilingan «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi 216–I-sonli Qonuni 4-moddasining ikkinchi qismiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartish kiritildi:

quyidagi mazmundagi o‘n birinchi xatboshi bilan to‘ldirildi:

«mikroqarz berish»;

o‘n birinchi xatboshi o‘n ikkinchi xatboshi deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2000 yil 25 mayda qabul qilingan «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi 71–II-sonli Qonuniga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

12-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyalar ularning amal qilishi muddati cheklanmagan holda beriladi.

Faoliyatning litsenziyalanadigan ayrim turlariga nisbatan qonun hujjatlarida litsenziyaning cheklangan amal qilish muddati belgilanishi mumkin, lekin bu muddat besh yildan kam bo‘lmasligi lozim»;

16-modda:

quyidagi mazmundagi yettinchi va sakkizinchi qismlar bilan to‘ldirildi:

«Agar litsenziyalovchi organ litsenziya berish yoxud litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati davomida litsenziya berish haqida yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida yoxud litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish haqida yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan so‘ng litsenziya da'vogari arizada ko‘rsatilgan faoliyat turini amalga oshirish huquqiga bu haqda litsenziyalovchi organni yozma ravishda xabardor qilgan holda ega bo‘ladi.

Ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan holda litsenziyalovchi organ litsenziya da'vogarining yozma xabari olinganidan keyin besh ish kuni ichida unga litsenziya berishi yoki litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirishi shart. Taqdim etilgan hujjatlarning ular qabul qilib olingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan ro‘yxati hamda litsenziya da'vogari tomonidan litsenziyalovchi organga yuborilgan yozma xabar litsenziya olinguniga qadar litsenziyaga tenglashtiriladi va shunday faoliyatni amalga oshirish uchun asos bo‘ladi. Bunda litsenziya da'vogari litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas»;