19:07 / 24.04.2018
27230

​Sergeli “Yarmarkasi” buzilish ishlari nega qarorda ko‘rsatilganidek amalga oshirilmay kelmoqda?

Kun.uz saytiga so‘nggi paytlarda bozorlar hududi va undagi muammolar bo‘yicha juda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Lekin mazkur o‘rganilgan murojaat umuman o‘zgacha tarzda. Muammo markazi bu safar Toshkent shahrining Sergeli tumani hisoblanadi.

Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 15 mart sanasida «Yer maydonida obodonlashtirish va buzish ishlarini olib borish haqida»gi №430  sonli qarori chiqarilgan. Qarorga ko‘ra, Sergeli tumani, Yangi Sergeli ko‘chasi bo‘yida joylashgan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli noturar joy binolarni buzilishi hisobiga hududda obodonlashtirish ishlarini olib borishga ruxsat berilgan. Qarorga e'tiborimizni qaratadigan bo‘lsak, uning 3-qismida noturar joy binolari buzilishga tushgan yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zarar turini va miqdorini qoplash bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli komissiya xulosasi olinishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan. Vakolatli komissiya xulosasi olinganidan so‘ng, buzilish ishlari amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Belgilangan tartib-qoida bo‘yicha buzilish ishlari haqida avvalo jismoniy va yuridik shaxslarga ogohlantirish berilishi kerak edi. Chunki, jismoniy va yuridik shaxslar hududida mavjud bo‘lgan tovar yoki moddiy qiymatga ega bo‘lgan ashyolari, mahsulotlarini tashib olishi uchun vaqt kerak. Qarorga e'tirozimiz yo‘q. Biroq, ogohlantirish masalasi bo‘yicha fuqarolar hech qanday ma'lumot olishmaganini, buzilish ishlari esa usiz ham boshlab yuborilganini tasdiqlashdi. Sergeli tuman hokimligi vakillari bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida esa ular ogohlantirish xati berilganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qila olmadi.

Hokimiyat vakillaridan qarorda ko‘rsatilgan hududda buzilishga tushgan noturar joy binolariga yetkazilgan zarar turi va miqdori yuzasidan vakolatli komissiya xulosasini so‘raganimizda ham ular bunday hujjatni ko‘rsata olishmadi. Vaholanki, shahar hokimi qaroriga ko‘ra, vakolatli komissiya xulosasi olinganidan so‘ng, buzilish ishlari amalga oshirilishi belgilab o‘tilgan.

Qarorning beshinchi bandida esa buzilishga tushgan yuridik va jismoniy shaxslarga kompensatsiya tariqasida Sergeli tumanida savdo majmualari va noturar-joy obektlarini joylashtirish yuzasidan yer maydoni ajratish ham ko‘rsatib o‘tilgan. Lekin, yer maydoni ajratilishidan darak yo‘q. O‘nlab tadbirkor va yuzga yaqin ishchilarning esa boshi qotgan. Nima qilishini, qayerdan najot kelishini bilmaydi.

Bu yerda buzish ishlari avjiga chiqishi bilan boshqa bir muammolar ham paydo bo‘lmoqda. Ya'ni, «Yarmarka» bozori buzilishi bilan atrofda yashovchi yuz minglab fuqarolar bozorsiz qolmoqda. Ular bu vaziyatdan juda ham norozi. Axir xalq manfaati, roziligi hozirgi siyosatimiz asosi emasmi?!

Sergeli-3 mavzesi aholisi o‘ziga kerakli mahsulotlarni Sergeli-6 mavzesiga borib sotib olishga majbur bo‘lishmoqda. Hududda shahar infrastrukturasi yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli transport muammosi ham mavjud. Sergeli-6 mavzesida joylashgan bozorga o‘tish uchun yerosti yo‘li mavjud emas, piyodalar o‘tish joyi esa professional darajada tartibga solinmagan. Kuni bilan yo‘l tirbandlikka ega.

Tadbirkorlar ham, atrofdagi aholi ham davlat tasarrufiga o‘tkazilayotgan hududni nima maqsadda olinganligi bilan qiziqishdi. Hokimiyat vakillari shundoq ham ko‘p qavatli uylar ko‘p bo‘lgan hududga ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilayotganligini aytishdi. Atrofda yashovchi xalq vakillari esa zamonaviy va belgilangan standartlarga javob beradigan marketlar yoki bozor qurilishini xohlaydi. 

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, ijro hokimiyati organlari qarorda nima ko‘rsatilsa, shularni bosqichma-bosqich amalga oshirsa hech kim qaqshab qolmaydi. Yangi ish o‘rni yaratayotgan tadbirkorlar ulug‘lanayotgan davlatda, ularning manfaati hisobga olinmasdan ularga to‘siq bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q deb o‘ylaymiz. Shu bilan birga hudud aholisi xohishlari ham inobatga olinsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ikkala taraf rozi-rizoligi olinib, siyosat yuritilsa,  hech kim zarar ko‘rmaydi. Xalq rozi bo‘ladi, davlat yanada rivojlanadi. Axir islohotlar markazida inson omili yotadi-ku!

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top