Özbekiston prezidentining ekologiya masalalari böyiça maslahatçisi boşçiligidagi Maxsus komissiya havoning ifloslanişini kamaytiriş maqsadida sanoat korxonalarida ekologik reydlarni davom ettirmoqda. Navbatdagi reydlar 13 yanvar kuni Toşkent şahrining Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi sanoat zonalarida ötkazildi.

Sergeli tumanida V.L.Galparin nomidagi Toşkent quvur zavodi faoliyati tekşirildi. Mazkur korxona payvandlangan quvurlar işlab çiqaradi hamda atrof-muhitga yuqori darajada ta’sir körsatuvçi korxonalar toifasiga kiradi.

Yangihayot tumanidagi janubiy sanoat zonasida «Özvtorsvetmet» AJ korxonasi faoliyati ham örganildi. Uşbu obekt ekologik xavfi yuqori bölgan korxonalar sirasiga kiradi. Ma’lum qilinişiça, 2025 yil oktyabr oyida bu yerda tekşiruv ötkazilib, uning yakunlari böyiça majburiy körsatma berilgan.

Maxsus komissiya qarori hamda Ekologiya va iqlim özgarişi milliy qömitasi tomonidan berilgan körsatmaga muvofiq, zavod boşqa hududga köçirilmoqda va Yangihayot tumanida işlab çiqariş faoliyatini töxtatmoqda. Şuningdek, eskirgan va ekologik jihatdan zararli eritiş peçlari utilizatsiya qilinişi, korxona esa boşqa hududda texnologik jihatdan yanada takomillaşgan uskunalarda faoliyatini davom ettirişi belgilangan.

Körilgan çoralar natijasida atmosferaga qariyb 226,7 tonna ifloslantiruvçi moddalar çiqarilişining oldi olinişi aytilmoqda. Bu Toşkent şahrining Yangihayot tumanida havo sifati sezilarli darajada yaxşilanişiga xizmat qilişi kutilmoqda.

Şuningdek, janubiy sanoat zonasida «Ikkilamçi qora metallar» korxonasining Toşkent filiali faoliyati ham tekşirildi. Mazkur korxona metallolomni saralaş va presslaş bilan şuğullanadi hamda atrof-muhitga örtaça darajada ta’sir körsatuvçi obektlar qatoriga kiradi.

Tekşiruvlar yakuniga köra korxonalarga ekologik me’yorlarga qat’iy rioya etiş böyiça qat’iy körsatmalar berildi. Toşkent şahrining sanoat zonalarida ekologik nazorat işlari davom ettirilişi, aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etiş esa alohida nazoratga olingani ma’lum qilindi.