18:32 / 14.05.2018
19114

O‘zbekistonda yuz yillik gazeta bosh muharriri o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida “Pravda Vostoka” gazetasining yangi bosh muharririni tanishtirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Salim Doniyorov gazetaga yangi bosh muharrir etib tayinlangani ma'lum qilindi.

“Xalq so‘zi” xabariga ko‘ra, Salim Doniyorov bungacha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devonida mas'ul lavozimda ishlab kelayotgan edi.

Salim Doniyorov 1970 yilda Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilgan. Mutaxassisligi bo‘yicha filolog. U Moskva davlat pedagogika universitetini tamomlagan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi akademiyaning Oliy biznes maktabini tamomlagan.

Salim Doniyorov Foto: Xalq so‘zi

2001 — 2017 yillarda “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyatida turli mas'ul lavozimlarda faoliyat olib borgan. Jumladan, u 2007 — 2017 yillarda “Narodnoye slovo” gazetasi bo‘yicha bosh muharrirning o‘rinbosari vazifasida ishlagan.

“Pravda Vostoka” 1917 yildan beri chop etilib kelinayotgan O‘zbekistondagi taniqli nashrlardan biri. Nashrning muassisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hisoblanadi.

Ma'lumot sifatida aytib o‘tamiz, 2007 yildan beri “Pravda Vostoka” gazetasida Abbosxon Usmonov bosh muharrir bo‘lib ishlab kelayotgan edi.

 

Top