18:50 / 17.07.2018
128635

Prezident o‘qituvchilarning maoshini va jamiyatdagi mavqeini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Keyingi yillarda ta'lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha farmon va qarorlar qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 sentabrdagi qaroriga muvofiq Xalq ta'limi vazirligining boshqaruv tizimi takomillashtirildi, asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi. Yaqinda vazirlik rahbariyatida o‘zgarishlar amalga oshirilib, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish orqali ta'lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘plab vazifalar qo‘yildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

Yig‘ilishda ushbu ko‘rsatmalar asosida ishlab chiqilgan xalq ta'limi tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti o‘tkazilgan.

Prezident pedagoglarning oylik maoshini, jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni ijtimoiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Turli nazorat organlari tomonidan o‘qituvchilar faoliyatini tekshirishlarni cheklash, pedagoglarni obodonlashtirish, majlislarda qatnashish, obuna va shu kabi kasb faoliyatiga tegishli bo‘lmagan ishlarga jalb qilmaslik kerakligi ta'kidlangan. O‘qituvchilarning haq-huquqlarini himoyalash uchun maxsus huquqiy xizmat tashkil etish vazifasi qo‘yilgan. 

«Umumiy o‘rta ta'lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish kerak. Har bir sinfda bolalarning nimalarni bilishi zarurligidan kelib chiqib, davlat ta'lim standartlari va o‘quv rejalarini qayta ko‘rib chiqish lozim. Darsliklarni eng zamonaviy metodikalar asosida yaratish va chop etish, maktablarda texnologiya, muhandislik fanlari, matematika, san'at, chet tillari yo‘nalishlarini kuchaytirish, bu boradagi laboratoriyalarni qayta jihozlash talab etiladi. Maktabgacha ta'lim va oliy ta'lim tizimlari bilan uzviylikni ta'minlashga ham e'tibor berish kerak», degan Shavkat Mirziyoyev.

Umumta'lim maktablari direktorlari va o‘rinbosarlariga bo‘lgan talabni qayta ko‘rib chiqish, bu lavozimga haqiqiy boshqaruvchilik – menedjyerlik qobiliyatiga ega shaxslarni tayinlash, ma'naviy-ma'rifiy va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari mas'uliyatini keskin oshirish kerakligi qayd etilgan. 

Xalq ta'limi tizimini moliyalashtirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilgan. 2019 yil uchun davlat byudjyetini shakllantirishda mazkur sohaga moliyalashtirishni oshirish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun Xalq ta'limi vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etish maqsadga muvofiqligi ta'kidlangan.

Maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarini sifatli bajarish uchun xalq ta'limi tizimida maxsus injiniring kompaniyasi tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.  

Shuningdek, ta'lim tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, maktablarning byudjyetdan tashqari topayotgan daromadlarini ularning ixtiyorida qoldirish, maktablarda ichki jamoaviy nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish, namunaviy maktablarni ko‘paytirish maqsadida maktablar reytingini ishlab chiqish kabi masalalarga e'tibor qaratilgan.  

Yig‘ilishda muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitilgan va tegishli topshiriqlar berilgan. 

Top