08:47 / 23.07.2018
7866

Oilaviy poliklinikalarda malakali shifokorlar sonini oshirish taklif etilmoqda

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida oilaviy poliklinikalarda malakali shifokorlarning sonini oshirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Hozirgi kunda butun respublikamizda malakali shifokorlarga ehtiyoj mavjud. Malakali shifokorlar soni ko‘paysa, yaxshiroq bo‘lar edi. Respublikamizda barcha sohalarda izchil islohotlar olib borilayotgan bir paytda, hayotimiz va sog‘ligimiz uchun muhim bo‘lgan sog‘liqni saqlash masalalarida hali ham kamchiliklar mavjud, deyiladi murojaatda. 

Qayd etilishicha, oilaviy poliklinikalarda bitta shifokor barcha kasalliklar bo‘yicha bemorlar murojaatini qabul qilib, tashxis qo‘yadigan holatlar ko‘p uchraydi. Holbuki, sog‘liqni saqlash masalasining boshlang‘ich mezoni aynan poliklinikalarga murojaat qilishdan boshlanadi. Ayniqsa, yosh bolalarga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilishi oqibatida ayanchli holatlar ham uchrab turibdi.

“Poliklinikalardagi shifokorlarning malakasini oshirish, ularni attestatsiyadan o‘tkazish va har bir bo‘limlarda kasallik turiga qarab alohida shifokorlar fuqarolarni qabul qilishi hamda ko‘rikdan o‘tkazishi maqsadga muvofiq. Mazkur taklifning amalga oshirilishi xalqimizning sog‘lig‘ini asrashga, ona va bola salomatligini ta'minlashga va kasalliklar profilaktikasiga xizmat qiladi”, - deya yakunlanadi murojaat.

Top