Light | 12:33 / 10.09.2018
32538
30 daqiqa o‘qiladi

Kitobsevarlar uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqidan 27 tuhfa

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston yoshlar ittifoqidan 27 tuhfa sifatida «Yoshlar kutubxonasi» doirasida badiiy kitoblar chop etildi.

«Yoshlar kutubxonasi» loyihasi 2017 yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan ishga tushirilgandi. Loyiha yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ta'lim muassasalarining badiiy kitoblarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgandi.

Joriy yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan loyiha uchun 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Loyiha doirasida har bir kitob kamida 10 ming nusxada chop etilib, respublikadagi barcha maktab, kollej, akademik litsey va oliy ta'lim muassasalari kutubxonalariga bepul tarqatiladi. 2018 yil oxiriga qadar har bir ta'lim muassasa kutubxonasiga 100 nomdagi badiiy kitoblar yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida 2018-2019 yillarda chop etiladigan 200 nomdagi kitoblar ro‘yxati O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari tavsiyasi asosida shakllantirilgan.

2018-2019 yillarga mo‘ljallangan nashr rejasi 200 nomdagi badiiy kitob bo‘lib,  jumladan, jahon adabiyotiga oid 65 dona, o‘zbek adabiyotida doir 135 dona nodir asarlar chop etilishi rejalashtirilgan. Bu kitoblarning 45 foizi 20 yoshdan kattalar uchun, 25 foizi 7-14 yoshdagi bolalar uchun hamda 30 foizi 15-20 yoshdagi o‘smirlar uchun chop etiladi. Qolaversa, badiiy asarlarning 50 foizi zamonaviy adabiyot, 15 foizi klassik adabiyot, XX asr adabiyoti esa 35 foizni tashkil etadi.

Quyida ta'lim muassasalari uchun maxsus chop etilgan kitoblar ro‘yxati bilan tanishishingiz mumkin:

Alisher Navoiy, «MAHBUB UL-QULUB»

Alisher Navoiyning «MAHBUB UL-QULUB» («Qalblar sevgilisi») asari 1501 yilda umri davomidagi butun hayotiy kuzatishlari asosida yozilgan. Asar o‘zaro bog‘liq 3 qismdan iborat. 1-qism 40 faslni (bob) o‘z ichiga oladi. Bunda Alisher Navoiy o‘z davrining tipik vakillari hayotini tasvirlagan. 10 bobdan tashkil topgan 2-qismda yaxshi va yomon, maqtovga sazovor va nafratga loyiq xislatlar tafsiloti berilgan. 3-qismga masal va hikmatlar kiritilgan. Har bir jumla o‘zaro qofiyadosh. Shu boisdan har bir ijtimoiy tabaqa aniq tasvirlangan. Asarning saj'da yozilishi unga alohida badiiy nafosat bag‘ishlagan. Asarga baytlar, ruboiylar kiritilib, ular ulug‘ shoir va mutafakkirning hayot haqidagi xulosalarini mujassamlashtirgan. Ushbu kitob orqali xalqimiz orasida allaqachon naqlga aylanib ulgurgan Navoiyning hikmatli so‘zlaridan ham bahramand bo‘lasiz.

G‘iyosiddin Xondamir, «MAKORIM UL-AXLOQ»

G‘iyosiddin Xondamirning «Makorim ul-axloq» («Olijanob xulqlar») asari buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning hayoti, adabiy, ilmiy va ijtimoiy-siyosiy faoliyati to‘g‘risidagi qimmatli manba hisoblanadi. Asarning qo‘lingizdagi tarjimasi afg‘onistonlik navoiyshunos Abdulg‘affor Bayoniy tomonidan 1981 yili Kobulda bosmadan chiqqan nashri asosida amalga oshirilgan.

Ushbu asar Alisher Navoiyning sermahsul adabiy va ilmiy faoliyati bilan birgalikda, uning mamlakatning siyosiy barqarorligi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san'atning taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, olijanob xulqlari, yuksak insoniy fazilatlari to‘g‘risida ma'lumotlar beradi.

O‘tkir Hoshimov, «O‘ZBEKLAR»

O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov nomi «Bahor qaytmaydi», «Dunyoning ishlari», «Nur borki, soya bor», «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar» kabi qissa, roman va teran hikoyalari bilan allaqachon muxlislar qalbidan mustahkam joy olgan taniqli adibdir. Voqealikni hayot haqiqatiga omixta qilib, asar qahramonlarining ichki olamini har tomonlama mukammal, to‘g‘ri va aniq tasvirlash, unga o‘quvchini ishontira bilish adib ijodining tayanch nuqtasi hisoblanadi. Adibning ushbu to‘plamiga kiritilgan sara hikoyalarda ham inson taqdiri, uning o‘y-xayollarining nozik qirralari o‘zining badiiy ifodasini topgan. «O‘ylar» rukni ostida qalamga olingan mavzularda esa, insof, andisha, uvol kabi insonga xos odob-axloq, ma'naviy olam, milliy qadriyatlar, sho‘ro davri adolatsizliklari dadil yoritilgan va mavzular har bir vijdoni uyg‘oq insonni bahsga chorlaydi. Hazil-mutoyiba, jarangdor qahqahaga boy hajviy hikoyalar turmushda uchrab turadigan noxush illatlarni fosh etish bilan birga kitobxon labida shirin tabassum uyg‘otadi.

Adib «... kitob yozsangki, uni o‘qigan kitobxon hamma narsani unutsa, asar qahramonlari hayoti bilan yashasa ...» deb orzu qiladi. O‘ylaymizki, ushbu to‘plam ana shu orzular mahsuli bo‘lib, siz aziz kitobxonlarni o‘ylashga, mulohaza qilishga chorlaydi.

Shukur Xolmirzayev, «O‘N SAKKIZGA KIRMAGAN KIM BOR»

Adibning 1965 yilda chop etilgan yuksak badiiy asarida haqqoniy hayot aks ettirilgan. Shuning uchun ham o‘quvchi unda o‘zini topadi, o‘zining aksini ko‘radi, hayajonlanadi, quvonadi, yig‘laydi, iztirobga tushadi. Bir so‘z bilan aytganda, asar qahramonlari bilan yashaydi. Taniqli yozuvchi Shukur Xolmirzayevning ushbu qissasi avlodlar qismatiga, aniqrog‘i o‘z avlodi – tengqurlari hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, voqelik ilk muhabbat iztiroblari tarixida tasvirlanadi. O‘quvchi qalbiga ana shu tarzda kirib boradi.

Odil Yoqubov, «ULUG‘BEK XAZINASI»

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning 1974 yilda yozilgan «Ulug‘bek xazinasi»  romanida ulug‘ o‘zbek  astronomi Ulug‘bek va uning o‘g‘li Abdulatif o‘rtasidagi ziddiyatlarni ko‘rsatib, progressiv va reaksion kuchlar orasidagi kurashlarni tasvirlaydi. «Ulug‘bek xazinasi» romani o‘quvchilarga yaxshi tanish. Asarda Mirzo Ulug‘bekning shaxsiy hayoti, fojiaviy qismati haqida hayajon bilan hikoya qilinadi. Shuningdek, asarga Ulug‘bekning iste'dodli shogirdi, mashhur olim Ali Qushchining ulug‘vor obrazi ham kiritilgan.

Chingiz Aytmatov, «ASRNI QARITGAN KUN»

Yozuvchi Chingiz Aytmatov barcha asarlarida bo‘lgani kabi, mazkur asarida ham o‘z an'anasiga sodiq holda muayyan hayotiy voqealar tasvirini rivoyatlar fonida tasvirlaganki, asarni o‘qiganimizda, hayot turmush tasviri qayerdan boshlanadiyu, hayratomuz taxayyul ramzlari, fantastika qayerda tugashini bilmay qolamiz. Adibning «Asrni qaritgan kun» romani ma'naviy-ruhiy poklanish pallasida insonga o‘z-o‘zini anglash darsidan saboq berishi, shubhasiz. Roman qahramonlari siz-u biz, voqealar esa o‘tmishimiz va bugunimizdir.

O‘ZBEK XALQ ERTAKLARI

 

Ertak Mahmud Qoshg‘ariyning 1074 yilda yozilgan «Devonu lug‘ot-it-turk» asarida «etuk» tarzida qo‘llangan. Shundan ko‘rinadiki, ertaklar qadim o‘tmishga borib taqaladi.

Ushbu kitobga jamlangan «O‘zbek xalq ertaklari»da bir necha yuzlab avlodlarni kamolga yetkazgan, bolalik murabbiyiga aylangan afsonaviy ertaklar jamlangan. Ularda yolg‘on gapirma, o‘g‘irlik qilma, nomard bo‘lma, hech kimning haqiga xiyonat qilma, yaxshilik qilguvchilardan, hech bo‘lmaganda yaxshilik istaguvchilardan bo‘l, kabi oddiy haqiqatlar mujassam. Bu haqiqatlar har bir davrning va o‘sha davrga mansub odamlarning yuragiga, qalbiga ko‘zgu tutishdan hech toliqmaydi.

Tog‘ay Murod, «OT KIShNAGAN OQShOM»

Tog‘ay Murodning asarlarini nasrdagi poeziya deyishadi. Uning ijodida poetik til bilan yozilgan «Ot kishnagan oqshom» qissasi alohida o‘rin tutadi. Xo‘sh, bu qissa qaysi jihatlari bilan e'tiboringizni jalb etadi? Qissa qahramoni Ziyodilla siz va biz bilgan, biroq o‘zimizni bilmaganga olib yurgan, e'tibor bermagan odamlarimiz toifasidan. Bir qarashda Ziyodilla chapanitabiat, to‘pori qiyofasida gavdalansa, biroq qalb qiyofasi bilan kitobxonni o‘ziga tortadi. Tog‘ay Murodning ushbu qissasi she'rday o‘qiladi, katta bir asardek taassurot qoldiradi. «Oti bor odamning qanoti bor» deydi yozuvchi. Yozuvchining badiiy mahorati, jonivor bilan o‘zaro suhbatlashuv uslubi asar oxirigacha sizni o‘zidan uzoqlashtirmaydi. Ziyodilla dastlab o‘zining jismoniy kamsitilganiga o‘ksinadi, oxir-oqibat «Ziyodilla kal»ga ko‘nikadi. Hatto «Ziyodilla kal» demagan pochtachi bilan urishadi. «Har to‘kisda bir ayb» deganlaridek, Ziyodilla xarakterida ziddiyatli tomonlar ham bor. U biroz arazchi, biroq arazi o‘ziga yarashgan. Eng muhimi, u sodda. Hammani o‘zi singari deb biladi. Nihoyat buning azobini ham tortadi. Akademik A.Saxarov «Jamiyatni faqat ma'naviy zaminlarga suyanib yuksaltirish mumkin» degandi. Birovning shodligi bilan quvonib, kulfati bilan qayg‘u chekadigan Ziyodillaga o‘xshagan ma'naviyati boy kishilar kamayib borayotganiga asarni o‘qib yana bir bor amin bo‘lasiz.

Sa'diy Sheroziy, «GULISTON»

Sa'diy Sheroziyning «Guliston» asari faqat fors adabiyotining emas, bashariyat adabiyotning mulkidir. Ushbu asar 1634 yildayoq fransuz va boshqa tillarga tarjima qilingan edi. Mashhur adiblar Gyote, Gyugo va Pushkin o‘z davrida bu asardan qattiq ta'sirlanishgan.

Asar falsafiy – didaktik ruhda yozilgan bo‘lib, unda turli ko‘rinishdagi axloqiy masalalarga urg‘u beriladi. «Yomon bo‘lma, yolg‘on gapirma, birovga ozor yetkazma» kabi oddiy, biroq muhim haqiqatlar turfa hikoyatlar orqali badiiy aks ettirilgan.

Iogann Volfgang Gyote, «YoSh VERTERNING IZTIROBLARI»

Jahon adabiyoti tarixida muhim o‘ringa ega bo‘lgan ulug‘ nemis shoiri Iogann Volfgang Gyote umri so‘ngida nasriy asar yozishga jazm etgan. Buning samarasi o‘laroq «Yosh Verterning iztiroblari» romani dunyoga kelgan. Bu romanda Gyote o‘z davri uchun dolzarb bo‘lgan hayotiy muammolarni ko‘tarib chiqdi. Feodal-dvoryan reaksiyasi hukm surgan nemis muhitida ilg‘or yoshlar o‘z qobiliyati va iqtidorini sarf qilish imkonidan mahrum. Ularning olijanob intilishlari bo‘g‘ib tashlangan. Asar qahramoni Verter – byurger oilasidan chiqqan iste'dodli yosh yigit. U zamonasiga ko‘ra juda yaxshi ma'lumot olgan, mumtoz adabiyotni, ayniqsa, Gomer asarlarini sevib o‘qiydi. Qalbi olijanob his-tuyg‘ularga boy. Verter – tabiatning erkin farzandi. Asar Verterning zavq-shavqi, iztirobi, qaynoq muhabbati haqida.

Chingiz Aytmatov, «OQ KEMA»

Ushbu asar so‘z zargari Chingiz Aytmatovning yana bir ijod namunasi bo‘lib, «Oq kema» qissasida poklik va adolat, xunrezlik va uning ahloqiy ildizlari, milliy an'analar va insoniy qadriyatlar talqiniga bag‘ishlangan. Asarda o‘quvchi nurday toza orzular og‘ushida yashovchi, Ona bug‘u hamda Oq kema haqidagi ertaklarning ertak emas, chin ekaniga astoydil ishongan va ularning ro‘yobga chiqishiga ko‘z tutgan Bola; nihoyatda halol, samimiy va haqgo‘y bo‘lishiga qaramay qizi, nabirasi tinchligi va osoyishtaligi deb o‘zlariga qaram va mute bo‘lib qolgan, shu bois, hatto Ona bug‘uni o‘ldirishgacha borib yetgan Mo‘'min bobo; odam qadri-yu tabiat, milliy qadriyat-u, urf-odat barchasiga bir pul deb qaraydigan vahshiysifat O‘rozqul singari obrazlarga duch keladi. Ona bug‘uning o‘ldirilishi natijasida barcha orzu umidlari chilparchin bo‘lgan Bolaning baliqqa aylanib, Oq kemaga yetish maqsadida suvga tushib nobud bo‘lishi ramziga yozuvchi toza umid va insoniy poklikni, ma'naviy tubanlikka qarshi isyonni, barkamollikni ulug‘lovchi katta estetik ma'noni singdirgan. Yana bir ko‘ngilga yaqin kitobning dunyoga kelishi va uni miriqib o‘qish imkoni sizga muborak bo‘lsin, aziz o‘quvchi.

Luqmon Bo‘rixon, «QUYoSh HALI BOTMAGAN»

Taniqli yozuvchi Luqmon Bo‘rixon bir qator roman qissa hamda hikoyalari bilan kitobxonlar e'tiborini qozongan. «Quyosh hali botmagan» qissasida adib yoshlarning turfa sarguzashtlari, hayot so‘qmoqlarida duch kelgan sinovlari, jasorat, mardlik va muhabbat mojarolaridan hikoya qiladi. Adib qalamga olgan voqealar o‘tgan asrning saksoninchi va to‘qsoninchi yillarda zamona zayli tufayli tog‘dan cho‘lga ko‘chirilgan Kengsoy qishlog‘ida bo‘lib o‘tadi. Asar bosh qahramoni Norsoatning oilasi otasining vafotidan so‘ng marhumning do‘sti, cho‘ldagi xo‘jalik raisi Quvondiq akani qora tortib dashtda tashkil topgan sovxozga ko‘chib kelishadi. Shu orada posyolkada kutilmagan voqea sodir bo‘ladi. Tirnoqqa zor usta Abil va Uldon checha Tanzila ismli qizchani asrab olishadi. Qissani mutolaa qilar ekansiz, beixtiyor bolalik va o‘spirinlik paytlaringiz yodingizda qayta jonlanadi. Asarda tilga olingan barcha qahramonlar siz uchun begona emas, siz ularni yaxshi taniysiz. Norsoatning Tanzilaga bo‘lgan ilk muhabbati yuragingizda ajabtovur xotiralarni uyg‘otadi. Qizga yuragidagi otashin sevgisini izhor etmoqqa ma'shuq uchun naq besh yil ketdi. Qiz bechora birgina shu so‘zni qanchalar intiqib kutmadi, deysiz. Shu o‘rinda siz Davronni ham yoqtirib qolasiz. Uning qaysarligi, dangalligi, mardligi va metin irodasiga qoyil qolasiz. Uning ba'zida haddan oshirib yuborgan xurmacha qiliqlari ham o‘ziga qanchalik yarashgan. Shu qiliqlari bo‘lmasa, obraz to‘laqonli chiqmas edi.

Asar keng kitobxonlar hamda o‘smir-yoshlarga mo‘ljallangan.

Nodar Dumbadze, «ELLADA»

Ushbu majmuada allaqachon jahon adabiyoti durdonalariga aylangan bir necha asarlar jamlandi. O‘ziga xos uslubda bitilgan ushbu asarlar o‘quvchilarimizga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz. Asarning bosh qahramoni Yanguli — suxumilik grek Xrista Aleksandridining o‘g‘li. Hikoya qishloqdagi barcha bolalarga mushtumzo‘r Yanguli hukmronlik qiladigan Chalbash daryosi bo‘yidagi Venesian ko‘chasiga Jamolning kelishi bilan boshlanadi. Jamol Yanguli bilgan boshqa bolalarga o‘xshamasdi. U irodali, ayni paytda o‘ziga hukm o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymaydigan darajada mag‘rur bola edi. Yangulining qalbida ota-bobosi tug‘ilgan Gretsiya emas, o‘zi o‘sib ulg‘aygan Suxumi Vatan timsolida edi. Oqibatda u o‘zini bu vatani uchun, Jamoldan qizg‘onib ayovsiz mushtlashgan Suxumisi uchun qurbon qildi. Garchi muallif tomonidan Yangulining kemadan sakragani yoki greklar mingan kemaning halokatga uchragani oydinlashtirilmay, mavhumroq tarzda qoldirilgan bo‘lsa-da, yuragidagi mehr tuyg‘usi sabab  Vatanidan ayrilishni istamagan Yangulining o‘zini kemadan suvga otishi orqali Ona vatanga muhabbat va sadoqat mohirona aks ettirilgan. Yangulidagi bu fidoyilik urush asoratlari haqidagi bo‘lak ko‘pgina asarlardan farqli o‘laroq haqqoniy va samimiy ifoda topgan. O‘zining kichkina vatani – Venisian ko‘chasiga beqiyos mehr bilan yashagan Yanguli, vatani uchun har qanday  qurbonlikka shubhasiz qodir edi…

G‘afur G‘ulom, «ShUM BOLA»

«Shum bola» — o‘zbek yozuvchisi va shoiri G‘afur G‘ulom qalamiga mansub qissa. Muallif asarni 1936-yili yozgan. Qissa bir necha marta nashr qilingan. Qissada ijodkorning bolaligi, 20-asr boshidagi Toshkent hayoti tasvirlangan. G‘afur G‘ulomning mazkur qissasi turfa hangomalarga boy asar. Undagi ichakuzdi syujyetlar zamirida davrning jiddiy muammolari, og‘riqli nuqtalari tilga olingan. Qissada shum bola, ya'ni Qoravoy hayoti hikoya qilinadi. Qoravoy uyidan ketib qolib, o‘zining topqirligi, zukkoligi, sho‘x-shaddodligi tufayli turli sarguzashtlarni boshidan kechiradi. Shum bola bir gal o‘g‘rilarga, bir gal har bir gapga «innaykeyin?» deb javob qaytaruvchi boyga, bir gal giyohvand mullalarga duch keladi. Axiyri oila sog‘inchi uni o‘z uyiga yetaklab boradi. Qissa o‘tkir hajviy asar bo‘lib, haqiqiy voqealar va shaxslar taqdiriga asoslangan. Asar markazida yozuvchining hayotidan olingan ko‘p faktlar turgan bo‘lsa-da, u avtobiografik emas. Unda haqiqiy tarixiy faktlarga nisbatan badiiy to‘qima, fantaziyasi kuchli yozuvchi o‘zi yashagan davrning qiyofasini mahallalardagi hayot tarzini, ish va ishsizlik, qashshoqlar va boylar hayotini tasvirlagan. Siz ham asar davomida yozuvchi bilan birga Toshkent mahallalari bo‘ylab safarga chiqasiz.

 Ahmad A'zam, «ASQARTOG‘ TOMONLARDA»

Ahmad A'zam qator qissalari, «Gulistonga safar» romanlari bilan adabiyotimizda yorqin iz qildirgan katta iste'dod egasi. Ushbu kitobga yozuvchining eng sara qissalari jamlangan. O‘ziga xos usul, nuqtayi nazar o‘quvchilarni sira befarq qoldirmaydi. Ahmad A'zamning «Asqartog‘ tomonlarda» qissasida syujyet va xarakter o‘zaro shunday munosabatda tartiblashtirilgan. «Asqartog‘ tomonlarda» qissasini avtobiografik asar deb olsak, yanglishmaymiz. Bu vositalar asar sarlavhasi «Asqartog‘ tomonlarda» - Ahmad A'zam qissasining ramziy falsafiy nomi. Bunday deyishimizning boisi hali kitobxon asar kontekstidan xabardor bo‘lmay turib, bu nomni ma'lum bir joyda kechgan voqea-hodisalar haqida degan tasavvur paydo bo‘ladi.

Paulo Koelo, «Alkimyogar»

Paulo Koeloning 1988 yilda yozilgan ushbu romani dunyo miqyosidagi bestseller romanlardan biridir. Asarning asosiy voqealari andalusiyalik Santyagoning ko‘rgan tushi asnosida rivojlantiriladi. Insonning Yerdagi umri mobaynida amalga oshiradigan ishlari nimalardan iborat? O‘z taqdiri yo‘lidan borib, ko‘ngliga tukkan orzu-umidlarini amalga oshirishi uchun insonga eng zarur narsa nima?.. «Alkimyogar» romani mana shunday ko‘lamli, mazmunan falsafiy, mohiyatan esa oddiy insoniy muammo haqida. Asar muallifi — hozirgi zamonning mashhur yozuvchisi braziliyalik Paulo Koelo. «Alkimyogar» Richard Baxning «Oqcharloq Jonatan» yoki «Sharpalar» asarlariga o‘xshamaydi. Ekzyuperining «Kichik Shahzoda»siga ham o‘xshash tomonlari juda kam. Biroq negadir «Alkimyogar»ni o‘qiganda beixtiyor o‘sha rivoyat-qissalar yodga tushadi. Zotan, bu asar aynan hozirgi zamon kitobxonlari uchun yozilgandek va «Alkimyogar»ning turli davlatlar arboblari-yu, mashhur san'atkorlar hamda hozircha bir yuz o‘n yetti mamlakatdagi millionlab adabiyot muxlislari tomonidan sevib o‘qilishi shundan dalolatdir.

Asar o‘quvchini «Dunyoning qalbi»ni tushunishga, o‘z taqdir so‘qmog‘idan yurishga o‘rgatadi. Asarni o‘qish jarayonida, voqealar silsilasida uning asosida sharq falsafasi, tasavvuf mujassam ekanligining guvohi bo‘lasiz.

Abdulla Qahhor, «ANOR»

Ushbu kitobda badiiy so‘z ustasi Abdulla Qahhor hikoyalari va bir qissasi jamlangan. Yozuvchi ixcham va kichik hajmli hikoyalarda murakkab xarakterli insonlar obrazini yaratadi. Bir necha avlodlar tomonidan sevib o‘qilgan va bugun ham sevimli bo‘lib qolayotgan ushbu asarlar yoshu qariga birdek manzur bo‘ladi.

Oybek, «Bolalik xotiralarim»

Ushbu kitobda o‘tgan asr boshlaridagi hayot tarzi aks ettirilgan. Sevimli yozuvchingiz Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning qaltis tuzum davrida kechgan bolaligi, eski maktab va u yerdagi o‘qitish tizimi, yosh Oybekning bola dunyosi bilan dunyoga qarashlari tasvirlangan. Ushbu asarni o‘qirkansiz beixtiyor o‘tgan asr hayoti ko‘z o‘ngingizdan o‘tadi, qahramonlar kechinmalarini his etgandek bo‘lasiz.

Erkin Vohidov, «QIZIQUVChAN MATMUSA»

Turli janrlarda ijod qilgan sevimli shoirimiz Erkin Vohidov hajviy she'rlarni ham maromiga yetkazgan. Ushbu kitobda el sevgan shoirning turli yillarda yozilgan she'rlari jamlangan. She'rlardagi yengil kulgi, til jozibasi, tiniq kayfiyat e'tiboringizni tortadi, xalqona tilda yozilgan she'rlardan iborat ushbu kitob javoningiz to‘ridan o‘rin olishga munosib.

Anvar Obidjon, «MEShPOLVONNING JANGLARI»

Anvar Obidjonning sarguzasht-doston yo‘sinida yozilgan ushbu qissasi ozodlik haqida, ozodlik, chin hurriyat yo‘lida yo‘lga otlangan vatanparvar bolalar haqidadir. Sepkilshohning askarlari tinch qishloqni talab, ko‘pchilikni qul va cho‘ri qilib haydab ketishadi. Bandilar orasida Meshpolvonning yarador otasi va onasi ham bor edi. Qunlardan bir kuni Meshpolvon o‘qlovni nayza, qozonqopqoqni qalqon, daskallani qilich qilib, ota-onasini ozod etish uchun cho‘loq xachirda jangga jo‘naydi... Sevimli yozuvchingiz Anvar Obidjonning o‘zbek xalq dostonlari yo‘lida yozilgan ham quvnoq, ham mushohadatalab qissasi ana shu safar sarguzashtlari haqida. Unda o‘tmish va kelajak, tarix va taqdirlar erk va ozodlik motivlari o‘zaro tutashib ketadi. Meshpolvonning ozodlik yo‘lidagi qahramonliklari bir qarashda Alpomishning bahodirliklarini esga tushiradi. Asar xalqona tilda yozilgani, qahramonliklar bolalarga yoqadigan yo‘sinda tasvirlangani bilan e'tiborni tortadi.

Nosiriddin Rabg‘uziy, «QISSASI RABG‘UZIY»

Rabg‘uziy turkiy xalqlar adabiyotida birinchilardan bo‘lib rivoyatlardan hikoyatlar, hikoyatlardan esa qissalar yaratishni boshlab bergan adibdir. Asar 72 qissadan iborat bo‘lib, ularda dunyoning yaratilishi, payg‘ambarlar hayoti juda qiziqarli tarzda hikoya qilib berilgan. Qur'oni karimdagi ba'zi lavhalar, islomga oid boshqa kitoblardan dalillar asarga asos qilib olingan. Asar musulmon mo‘g‘ul beklaridan Nosiriddin To‘qbug‘aning topshirig‘i bilan yozilgan. Kitob turkiy tilda, asosan, nasrda, madhiyalar, ba'zi qissalarning xulosalari, lirik kechinmalar va xotima qismi esa nazmda yozilgan. Qur'oni karimdagi ba'zi lavhalar, islomga oid boshqa kitoblardan va Abu Ishoq Nishopuriyning «Qisas ul-anbiyo»sidan ayrim faktlar asarga asos qilib olingan. Asar an'anaviy hamd va na't bilan boshlanadi, so‘ng uning yozilish sababi, muallif haqida ma'lumot beruvchi qisqa so‘zboshi, keyin esa qissalar keladi. Jami 72 qissadan iborat. Mavzu doirasiga ko‘ra, asar qissalari juda rang-barang. Olamdagi butun mavjudot egasi bo‘lgan Allohni ulug‘lash, payg‘ambarlar hayotiga doir lavhalarni eslash, kamtarinlik va takabburlik, ota-ona va farzand munosabatlari, erk va adolat mavzulari shular jumlasidandir. Qissalar hajmi turlicha: masalan, Yusuf haqidagi qissa salkam 100 sahifani tashkil qilsa, Lut haqidagi qissa bir necha sahifadangina iborat. Qissalarda real hayot voqealari bilan bog‘liq mavzular ham uchraydi. Qissalar bayonida, personajlar tasvirida xalq og‘zaki ijodining bevosita ta'siri seziladi. Asarda ma'rifiy-didaktik hikoyatlar ham mavjud (Luqmon hikoyasi va b.), qissalardagi hikoyatlarga dunyoviy ruh ham singdirilgan

Mirkarim Osim, «TO‘MARIS»

«To‘maris» o‘zbek xalqining qadimiy afsonalaridan biri. U mardlik, qahramonlik timsoli. To‘maris erining o‘limidan so‘ng taxtga o‘tirgan malikadir. Uning Eron shohi Kir II ga qarshi kurashi afsonadan joy olgan. Unda haqiqatning, adolatning, mardlik va jasurlikning makr, hiyla va yovuzlik ustidan qilgan g‘alabasi eroniylar va massagetlar o‘rtasidagi jang misolida ochib berilgan. Asarda Erondan kelgan bosqinchilar qo‘shini bilan massagetlar o‘rtasida shiddatli janglar tasvirlangan. Dastlabki jangda To‘marisning o‘g‘li Sparangiz (Sparganis) boshchiligidagi massagetlar g‘olib chiqqan. ... To‘maris o‘g‘lining halokatidan esankirab qolmay, o‘z xalqining manfaatini o‘ylab, Kir II dan massagetlar yurtidan chiqib ketishini so‘raydi. Biroq forslar shohi rad javobini bergach, ikki o‘rtada ayovsiz jang boshlanadi.

Amir Temur, «TEMUR TUZUKLARI»

«Temur tuzuklari» («Tuzuki Temuriy») «Malfuzoti Temuriy», «Voqioti Temuriy» nomlari bilan ham atab kelingan. Ushbu asar fransuz, ingliz, urdu, rus va eski o‘zbek tillarida chop qilingan.

«Temur tuzuklari» podshohlarning turish-turmushlari va odob-axloq normalarini belgilab beruvchi asar hisoblanadi. Asarda jahongir Amir Temurning yetti yoshidan to hayotining so‘ngigacha kechgan ijtimoiy-siyosiy hayoti, harbiy yurishlari, taxt vorislariga vasiyat va pand-nasihatlari ixcham bayon etilgan.

Asarni o‘qigan o‘quvchi Amir Temur davri va o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy hayoti haqida to‘laqonli tushunchaga ega bo‘libgina qolmay, muhim ma'lumotlardan xabardor bo‘ladi.

«KALILA VA DIMNA»

«Kalila va Dimna» uzoq vaqtlardan beri o‘zbek xalqiga ma'lum. Uning ko‘p hikoyatli so‘zlari, ajoyib hikoyalari har xil yo‘llar bilan xalq orasida keng yoyilib, og‘izdan-og‘izga o‘tib kelmoqda. Asarning o‘zbek xalq ijodi va yozma adabiyotiga ham ta'siri katta. Bu asar necha asrlarki, hikmat va masallar bobida munosib o‘rin egallab kelmoqda. Halq hayoti, dardi, ahli donishlar ulug‘vorligi, hozirjavoblik, donolik aks etgani uchun ham «Kalila va Dimna» ta'rif va tavsifga ega. Undagi masallar, hikmatlar mag‘zi insoniylik, olijanoblikni ulug‘laydi. Tarbiyaviy ahamiyati jihatidan ham ushbu bebaho asar bugunda o‘z qiymatini yo‘qotmagan    Butun dunyo xalqlarining, jumladan o‘zbek xalqining ham mulkiga aylanib qolgan shoh asarni qayta o‘qish har bir kitobxonning orzusi.

Tursunoy Sodiqova, «OILA ILMI»

Tursunoy Sodiqovaning ushbu kitobi oila mavzusida. Muallif kuyovlik ilmi, kelinlik ilmi, qaynotalik ilmi, qaynonalik ilmi haqida ta'sirchan tushunchalar beradi. Muallifning mazkur asari keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan bo‘lib, turmush qurish arafasidagi yoshlarga ham, oilalilarga ham birdek foydali hisoblanadi.

O‘lmas Umarbekov, «ODAM BO‘LISh QIYIN»

O‘lmas Umarbekovning har bir asarida bo‘lgani kabi «Odam bo‘lish qiyin» romanida ham hayot nafasi, hayotning haqiqatga to‘la nafasi ufurib turibdi. Asar tilining soddaligi, voqealarning jonliligi bois bir o‘qishdayoq sizni o‘z izidan ergashtirib ketadi.

Iqbol Mirzo, «SIZNI KUYLAYMAN»

Iqbol Mirzoning she'rlari xalqonaligi, o‘ynoqiligi va ohangdorligi bilan diqqatni tortadi. Shoir she'rlaridagi jarangdorlik, tabiiy quyiq ohang, ichki yorug‘lik ruhingizga oydinlik eltadi. Lirik «men»ning dardi ham, iztirobi ham shunday yorug‘ki, bu she'rlarni o‘qigach, ruhingizda mas'um bir farog‘atni his qilasiz. Shoir she'rlaridan tartiblangan ushbu kitob sizga manzur bo‘ladi degan umiddamiz.

O‘ylaymizki, «O‘zbekiston yoshlar ittifoqidan 27 tuhfa» har qanday ta'bi nozik kitobxon uchun  bayramga munosib tuhfa bo‘la oldi! Ta'lim muassasangiz kutubxonalaridan ushbu kitoblarni so‘rang va mutolaa zavqidan bahramand bo‘ling.

Mavzuga oid