18:48 / 10.09.2018
4638
"Miya gigiyenasi": Kompaniyalarga psixoanalitiklar kerakmi?

Korxonalar egalari va top-menejyerlar o‘z xodimlari uchun psixoanalitik yollab, foyda ko‘rishmoqda. Nima uchun «Bitriks-24» rahbari bunday mutaxassisni shtatga yolladi va bu ijtimoiy tadqiqot qanday natija berdi? Forbes tahlilchi Sergey Rijikovning shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

World Health Organisation'ga ko‘ra, stress XXI asrning asosiy kasalliklari ro‘yxatiga kiritilgan. Sayyoramiz iqtisodiyoti har kuni xodimlarning ish joylarida stress orttirishi sabab yuzlab milliardlarni yo‘qotadi. AQSh yo‘qotishlarni 300 milliard dollar, Germaniya - 29,2 milliard yevro, Avstraliya - 5,3 milliard Avstraliya dollari, Fransiya esa 3 milliard yevroga baholamoqda.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ma'lumotlariga ko‘ra, har yili 2,3 million kishi stress va ish joyida sog‘lig‘ini yo‘qotish natijasida hayotdan ko‘z yumadi. Har 15 soniyada kimdir ish joyining o‘zida vafot etadi. Xodimlar o‘limiga asosan yurak-qon tomir kasalliklari sabab bo‘ladi.

Foto: pixabay

Davomli stress og‘ir psixologik deformatsiyalar - depressiya va ruhiy kasalliklarga olib keladi. Ko‘p holatlarda muammoni spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar va assotsial xatti-harakatlar bilan "davolash" kuzatiladi.

Psixolog urushda

Dalillarga murojaat qilamiz — haftasiga 55 va 77 soat ishlagan xodimlarning o‘rtacha samaradorligi taxminan bir xil bo‘ladi. Biroq ko‘p mehnat qilgan ishchining jiddiy kasallik "orttirish" xavfi 33 foizga o‘sadi. Kompaniyalarning egalari va top-menejyerlari stress, ofisdagi noqulay muhit, qat'iy dedlayn va noahil jamoaga jiddiy muammo sifatida qarasharmikan? Yo‘q, albatta. Bu kabi muammolar aksariyat rahbarlarni qiziqtirmaydi.

Aslida esa transmilliy korporatsiyalar bir necha o‘n yillardan buyon o‘z xodimlarida stressni bartaraf qilishga juda jiddiy munosabatdalar. Ular shtat psixoanalitiklari yordamiga murojaat qilishadi. 1940-yillardan psixologlar hatto alohida yo‘nalish — Industrial-Organisational Psychology (I-O psychology) sifatida paydo bo‘lgan. Yo‘nalish asosan amerikalik psixolog Robert Yyerkes sharofati bilan yuzaga kelgan. Birinchi jahon urushi davrida u Army Alpha va Army Beta psixologik muvofiqlik testini ishlab chiqqan.

Bu hujjatlar AQSh hukumatiga o‘z armiyasi personalini samarali yollash va taqsimlashga yordam bergan. Ikkinchi jahon urushi davrida Amerika harbiy rahbariyati Yyerks va uning jamoasini yana harbiy kuchlarda ishlashga jalb qildi. Ushbu kampaniya davomida u armiya bo‘limlarida  axloq-odob va mental iqlim masalalari bilan shug‘ullangan. Psixologning armiyada faoliyat yuritishi shu qadar ijobiy samara berganidan biryo‘la ikki gigant — Standard Oil i General Electric Robertning xizmatlariga qiziqib qoldi. Bu — tashkilot shtatida psixoanalitik faoliyatidan foyda bo‘lishi isbotlangan ilk mashhur holatlardan biri. Bugunga kelib AQShda hatto NFL futbol jamoalari rahbarlari ham I-O Psychology mutaxassislarini o‘zi ishiga jalb qiladi. Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, ushbu liganing 32 jamoasi ham dunyoning eng qimmatbaho top-50 jamoasi ro‘yxatiga kiradi.

Rossiyada ham qator kompaniya va idoralar, jumladan Markaziy bank, Ichki ishlar vazirligi, Deloitte kabilar shtat psixonalitiklari xizmatlaridan foydalanadi. Biroq u yerdagi ish olamida ham hanuz ommaviy "miya gigiyenasi" madaniyati yo‘q. Kompaniyalar egalari va top-menejyerlari o‘z xodimlari uchun psixoanalitik yollashdan pul tejab, oxir-oqibat o‘zlari aziyat chekishadi - bundan kompaniya va qaysidir ma'noda butun mamlakat iqtisodiyoti zarar ko‘radi.

Foto: pixabay

Shaxsiy tajriba

Inson o‘ziga o‘zi yordam bera olmaydigan ko‘p vaziyatlar bo‘ladi, kompaniya yoki rahbarlarning o‘zi esa bunga aniqlik kirita olmaydi. Aksariyat bu xodimning "shaxsiy dunyosi" deb hisoblaydi, uning biznesga ta'sir qilishi haqida o‘ylab ko‘rish esa hammaning ham xayoliga kelmaydi. Xodimning biznesdagi muvaffaqiyati uchun ulkan salohiyat aynan shunda yashirin. Ko‘p xodimlar muayyan darajadagi maoshga erishganidan keyin motivatsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish bermaydi. Qoidaga ko‘ra, rahbar bilan bu haqida gaplashilmaydi. Boshqa bir vaziyat - xodimning shaxsiy hayotida og‘ir damlar bo‘lib, bunda xodim har qancha harakat qilmasin, yaxshi ishlay olmaydi.

G‘arbiy biznes madaniyatida performance-menejment tushunchasi bor, uning maqsadi - xodimning samaradorligi o‘smoqdami yoki pasaymoqda, shuni baholash. Agar ko‘rsatkichlar pasaysa, psixoanalitik nima uchun bunday bo‘lganiga oydinlik kiritib, muammoni bartaraf etishga yordam beradi.

Korporatsiya ichida bir loyiha menejyerlari ishlash o‘rniga o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritishi natijasida qanchadan-qancha biznes-jarayonlar to‘xtab qolishi mumkinligini hatto tasavvuringizga ham sig‘dira olmaysiz! «Bitriks24» jamoasida texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha juda aqlli va professional xodim bor edi. Bir kuni u mening oldimga kelib, ishdan bo‘shamoqchi ekanini aytdi: ma'lum bo‘lishicha, ish bo‘yicha yozishmalarda mijoz unga og‘ir psixologik jarohat yetkazgan. Bu vaziyat meni kompaniyada psixoanalitik faoliyatining muhimligi haqida o‘ylashga majbur qildi. Ayniqsa, insonning intellektual va emotsional resurslariga katta yuk tushadigan kompaniyalarda bunday holatlar tez-tez uchrab turadi. Men kompaniya ichida kuchli emotsional tadqiqot o‘tkazishga qaror qildim va biror marta bundan afsuslanmadim.

Samimiy suhbatlar

Shaxsan men uchun tadqiqotning eng qiyin bosqichi top-menejyerlarga ular psixoanalitik xizmatlariga muhtoj ekanliklarini aytish bo‘ldi.  Eng avvalo xodimlarga psixiatr, psixolog va psixoanalitik o‘rtasidagi farqni tushuntirish kerak bo‘ladi. Psixiatr ruhiy faoliyat buzilishi bilan shug‘ullanadi, psixolog yordam beradi va  qo‘llab-quvvatlaydi, psixoanalitik esa mavjud muammoni anglab yetishga ko‘mak beradi. Buning uchun haftasiga 1-2 soat muzokaralar xonasida u qadar charchatmaydigan suhbatlar olib boriladi. Tushunmovchiliklar bo‘lmasligi uchun men umumiy ma'ruza o‘tkazdim, bu loyihaning nima uchun kerakligi, uning har bir xodim va kompaniyaga qanday foyda keltirishi, muammoni anglash va shaxsiy o‘sishni qanday kuchaytirish mumkinligi haqida so‘zladim.

Kimdir darhol rozi bo‘ldi, yana birov o‘ylab ko‘rishini aytdi. Kimgadir bir seansning o‘zi yetarli bo‘lsa, boshqasiga hatto o‘n uchrashuv ham kamlik qildi. Psixoanalitik bilan ishlash tizimi quyidagicha yo‘lga qo‘yildi: xizmatlar uchun to‘lovlarning kichik qismini xodim o‘zi to‘lashi, qolganini kompaniya kiritishi kerak. Seans davomiyligi - bir soat. Tabiiyki, xodim va psixoanalitik o‘rtasida muhokama qilingan barcha ma'lumotlar qat'iy konfidentsial bo‘ladi. Seans vaqtida menejyer turlicha - ham ish, ham boshqa mavzularda savollar berishi mumkin.

Foto: depositphotos

Kompaniya top-menejyerlarining aksariyati birinchi seanslar to‘lqinidan o‘tishdi. Navbat o‘rta zveno rahbarlariga keldi - bu yerda loyiha misli ko‘rilmagan foydani qayd etdi! Bir necha hafata o‘tiboq men biznesdagi ilk natijalarni ko‘ra boshladim. Yig‘ilishlar, majlislar va skayp-konferensiyalarning aksariyatida xodimlar bir-birlari bilan osongina kelisha boshlashdi, hamkasblar ochiqdan-ochiq bir-biriga qarshi bo‘lgan vaziyatlar soni qisqardi.

Tadqiqot davomidagi boshqa kuzatuv shaxsiy tarix bilan bog‘liq. Rahbarlardan biriga uning rahbar ekanini his qilish uchun ichki ishonch yetishmagan, lekin psixoanalitik bilan muloqot qilgani sari vaziyat yaxshi tomonga o‘zgardi. Xodim ancha xotirjamlashdi va o‘z darajasidagi vazifalarni yanada ishonch bilan uddalay boshladi.

Shundan so‘ng men butun bir kompaniyaga xat yozdim va «1S-Bitriks»ning barcha xodimlarini tadqiqotda ishtirok etishga taklif qildim. Umumiy taqvimda biz seanslar uchun muntazam slotlar yaratdik. Tez orada psixoanalitikning yuklamasi shu darajaga yetdiki, uni shtatga qabul qilishga to‘g‘ri keldi. Hozir uning grafigi uch hafta oldindan yozib qo‘yilgan.

Xulosalar

Bir yil ichida kompaniyada nima o‘zgardi? Birinchidan, ichki muhit, tabassum qiluvchi xodimlar soni bir necha baravarga o‘sdi. Bundan tashqari, HR-menejyerlar kuzatuvlariga ko‘ra, shtatda psixoanalitikning borligi yangi ish o‘rniga nomzod tanlashda qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qildi. Hozircha samaradorlik aniq raqamlar bilan o‘lchanmadi. Biroq kelgusi yili bu yangi tajriba to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki qisman ta'sir ko‘rsatuvchi ba'zi biznes-ko‘rsatkichlarni baholashni rejalashtiryapmiz.

12 oylik faoliyatdan so‘ng psixoanalitikdan loyihani qanday baholashi haqida so‘radim. "Ajoyib, - deya javob berdi u, - lekin odamlar qo‘l ishga bormaydigan darajadagi emotsional va psixologik holatga ko‘p tushishar ekan. Shunchaki ishga kelib, yig‘laydigan xodimlar ham bor. Bunday xodimlar bilan suhbatlarda oila va ishdagi hal qilinmagan muammolarning ulkan qatlami ochiladi". Bularning bari ish jarayoniga juda katta ta'sir ko‘rsatadi. Kompaniyalarning o‘z xodimlari oldida ijtimoiy javobgarligi va psixologik qulayligi juda tez real iqtisodiy foyda keltiradi. Biz hech qanday global maqsadlar qo‘ymadik, biroq bu tadqiqot kompaniyamizdagi eng motivatsiyalovchi tadqiqotlardan biri bo‘ldi.

Korporativ psixoanalitiklar bazaviy psixologik muammolarni hal qilishdan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda salohiyatli nomzodlarning psixologik portretlarini tahlil qilishga ham o‘rgatishadi, kadrlar bo‘limi uchun tavsiyalarni tayyorlash, pesronal to‘plash, ishchi guruhlarda psixologik muhitni sozlash va qo‘llab-quvvatlashga yordam berishadi. Shuningdek, bunday mutaxassis yangi kelgan xodimlarga kompaniyaga moslashishga yordam berib, eski xodimlarga motivatsiya beradi va ularning sog‘lom work-life balance darajasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, psixoanalitik xodimlarning srg‘lig‘i va sog‘lom turmush tarzini yaxshilashga yo‘naltirilgan turli korporativ dasturlarni tashkillashtirish va ularning bajarilishini nazorat qilishga ko‘mak berishadi. Xullas, kompaniyada psixoanalitikning ishlashi cheklanmagan vazifalar va imkoniyatlar, demakdir.

Top