1960-70 yillarda iqtisodiyotda «yapon mo‘jizasi» termini paydo bo‘ldi. Bu bejizga emas edi. O‘sha paytda Yaponiya kompaniyalari ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan ko‘plab buyumlar ishlab chiqaradi.

Avvaliga ixcham radiopriyomniklar, kasseta bilan o‘qiydigan magnitofonlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, keyinchalik ularning cho‘ntakka solib yursa bo‘ladiganlari ham tayyorlanadi.

Bundan tashqari, ilk videomagnitofon, videokamera, o‘yin uskunalari kabilar ham Yaponiya kompaniyalari tomonidan tayyorlangan. Bunday mahsulotlar dunyo bo‘ylab ommalashishida Sony kompaniyasining ham hissasi katta bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng bir necha nafar xodim va 500 dollar aylanma mablag‘ bilan ish boshlagan Sony ko‘p o‘tmay dunyo darajasida taniqli kompaniyaga aylanadi.

Kompaniya asoschisi Akio Morita

Sony kompaniyasining asoschisi Akio Morita 1921 yilda Ayti prefekturasining janubiy-sharqiy qismidagi Tokoname shaharchasida tug‘iladi. O‘rta maktabni bitirgach Osaka universitetining fizika fakultetida tahsil olgan Akio Ikkinchi jahon urushi paytida Yaponiya armiyasida xizmat qiladi.

Urushdan so‘ng u Masaru Ibuka bilan tanishib qoladi. Ana shu tanishuv uning hayotini keskin o‘zgartirib yuboradi.

Akio Morita va Masaru Ibuka, 1950-yillar.

Masaru 1933 yilda Vaseda universitetining elektrotexnika fakultetini tugatgan va diplom ishi Parij ko‘rgazmasida mukofot olgandi. Ikkinchi jahon urushi paytida Masaru ham Yaponiya armiyasida xizmat qiladi va suvosti kemalariga qarshi ishlatiladigan aviatsiya uskunalarini tayyorlash ishlarida ishtirok etadi. Akito sherigi Masarudan 13 yosh katta edi. 

Urushdan so‘ng AQSh ta’siri ostida qolgan Yaponiyaga juda katta miqdorda Amerika sarmoyasi kirib kela boshlaydi. Natijada 1946 yildan boshlab bu davlatda juda ko‘plab kompaniyalar tashkil etiladi va ular qisqa muddatlarda muvaffaqiyatga erisha boshlaydi.

1946 yil 7 may kuni Akio sherigi Masaru bilan Tokio telekommunikatsiya-sanoat kompaniyasini tashkil etadi. Bu nom yapon tilida beshta so‘zdan iborat bo‘lib, xorijliklar uni talaffuz qilishda qiynalardi.

Shu sababli Akio hammaslagi Masaru bilan maslahatlashib kompaniya nomini Sony deb o‘zgartiradi. Bu nomni tanlashdan avval Akio hech bir tilda uchramaydigan jarangdor so‘z qidiradi va Sony atamasini tanlaydi.