17:05 / 22.09.2018
12544

Mojaroli yo‘l voqeasi. Hokimlik ta'mirlash ishlari qachon boshlanishini ma'lum qildi

KUN.UZ saytida Shayxontohur tumanidagi «Yangi Beltepa» mahallasida tuman rahbariyatining rasmiy va'dasidan keyin ham mahalladagi yo‘lni ta'mirlash ishlari bajarilmagani haqida maqola e'lon qilindi.

Maqolada Shayxontohur tumani «Yangi Beltepa» mahallasida joylashgan 24 ta ko‘p qavatli uylardagi 72 ta xonadonga xizmat qilib kelayotgan yo‘l haligacha ta'mirlanmay kelayotganligi haqida so‘z boradi. Mazkur ko‘p qavatli uylarning oldidagi yo‘l «Obod mahalla» dasturiga tushganligi bois 2018 yil 26 iyunda 3 kun ichida qayta qurib beramiz degan va'da bilan buzish boshlangan, lekin haligacha qurilish boshlanmagan. Bundan buyog‘i yog‘ingarchilik mavsumi kelayotganini hisobga olsak, bu tuproq yo‘llar yomg‘irda loyga aylanishi ma'lum. Bu esa mazkur ko‘p qavatli uydagilar uchun yana bir qator muammolarni keltirib chiqarishi tayin. Tuman hokimining Kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akromxon Najmiddinov «Yangi Beltepa» mahallasi «Obod mahalla» dasturiga tushganligi, hamma narsa tayyorligi va yo‘lni ta'mirlash ishlari 19 sentabr kuni boshlanishiga va'da bergandi. Biz ham ushbu va'daga ishongan holda mahalla fuqarolariga yo‘l qurilishi 19 sentabr chorshanba kuni boshlanishi xabarini mamnuniyat bilan yetkazgan edik. Lekin haligacha qurilish boshlanmadi.

Foto: KUN.UZ

Maqola e'lon qilingandan so‘ng hokimlik matbuot xizmati KUN.UZ tahririyatiga tumanda olib borilayotgan ish hajmi kattaligi sababli yo‘l o‘z muddatida asfalt qilinmaganligini bildirdi. Hokimlikning ma'lum qilishicha, mazkur mahalladagi yo‘l 28 sentabr kuniga ta'mirdan chiqariladi.

Hokimlik matbuot xizmati bu borada olib borilgan ishlarni o‘z vaqtida yoritishini bildirib o‘tdi.

Davlat idoralari bugun xalqqa xizmat qilishi kerak. Xalqning ishonchini oqlashi kerak. O‘ylaymizki, tuman hokimiyati bundan buyog‘iga belgilangan ishlarni o‘z vaqtida bajaradi va va'da qilingan kunda tuproqqa aylangan yo‘lni ta'mirlab beradi.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Rahmatillo Isroilov

Top