22:25 / 25.09.2018
22682

Innovatsion rivojlanish vaziri: O‘zbekiston dunyoning eng ilg‘or 50 mamlakati tarkibiga kirishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston Respublikasining 2019-2021 yillar uchun innovatsion rivojlanish strategiyasi tasdiqlandi. Yaqin yillar ichida mamlakatni bu borada nimalar kutmoqda? Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z intervyusida shu va boshqa savollarga javob topishga harakat qildi.

Strategiyaning asosiy maqsadi nima?

Strategiyaning asosiy maqsadi inson kapitalini mamlakatning jahon sahnidagi raqobatbardoshlik va innovatsion taraqqiyoti darajasini aniqlab beruvchi asosiy omili sifatida rivojlantirish hisoblanadi.

2030 yilga borib O‘zbekiston Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or 50 mamlakati tarkibiga kirishni rejalashtirmoqda.

E'tiboringizni dastur natijalarini baholashga innovatsion yondashuvga qaratmoqchiman. Ilgari bunday edi: biz o‘zimizni o‘zimiz maqtar edik, lekin tashqarida hech kim bunga jiddiy munosabatda bo‘lmas edi.

Xatolarni tan olishga to‘g‘ri kelmasligi uchun biz turli xalqaro tadqiqot va reytinglarda ishtirok etishdan chetlashdik.

Ilm-fan va innovatsiya rivojlangan, yutuqlar bo‘lgan. Biroq natijalar xalqaro ma'lumotlar bazasi va Global innovatsion indeks reytingiga taqdim etilmagan.

Agar vaziyatga ochiqchasiga qaraydigan bo‘lsak, bunday yondashuv ilg‘or rivojlanishga turtki bermagan, aksincha, bizni ortga tortgan.

Endi bari boshqacha, maksimal darajada obektiv bo‘ladi.

Taraqqiyot 81 ko‘rsatkich bo‘yicha baholanadi, ular xalqaro tashkilotlar reyting va tadqiqotlarida aks etadi.

Ibrohim Abdurahmonov

34 ko‘rsatkich bo‘yicha strategiyani amalga oshirish davomida mamlakat o‘z holatini sezilarli darajada yaxshilashni rejalashtirmoqda, 47 ko‘rsatkich bo‘yicha yutuqlarni baholash esa umuman birinchi marta o‘tkaziladi. Baholash davlat qurilishi, inson kapitali va tadqiqotchilik faoliyati, infratuzilma, bozorlar, biznes, ilm-fan va texnologiyalar, ijodiy natijalar bo‘yicha amalga oshiriladi.

Bu yo‘lda nimalar qilish kerak bo‘ladi?

O‘zbekiston dolzarb muammolarni hal qilishga yo‘naltirilgan bir necha tadbirlar kompleksini amalga oshirishi zarur.

Birinchi navbatda, biz barcha darajalarda ta'lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish va iqtisodiyot talablaridan kelib chiqqan holda kadrlarni tayyorlash tizimi moslashuvchanligini  ta'minlashimiz kerak.

Ikkinchidan, ilmiy-tadqiqot, tajribaviy-konstruktiv va texnologik ishlar natijalarini keng targ‘ib qilish uchun ilmiy tadqiqotlar hamda ishlanmalarning salohiyati va samaradorligini mustahkamlash, ta'lim, ilm-fan va tadbirkorlik integratsiyasi amaliy mexanizmlarini yaratish zarur.

Uchinchidan, biz innovatsiyalarga davlat va xususiy mablag‘ vositalarini kiritish darajasini oshirishga erishishimiz, moliyalashtirishning zamonaviy va samarali usullarini targ‘ib qilishimiz kerak.

To‘rtinchidan, davlat organlari faoliyati samaradorligini  oshirishga boshqaruvning zamonaviy usullari va jihozlarini joriy qilish yo‘li orqali erishish.

Beshinchidan, biznesni targ‘ib qilish, davlat-xususiy sektor hamkorligi rivoji uchun shaxsiy huquqlar himoyasini ta'minlash tizimini takomillashtirish, raqobatbardosh bozorlar va teng shart-sharoitlar yaratish zarur.

Va nihoyat, barqaror faoliyat yurituvchi ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilma yaratish ustida ish olib borish kerak bo‘ladi.

Ta'lim tizimi qanday o‘zgaradi?

Ta'lim muassasalaridagi o‘qitish sifatini yaxshilash uchun o‘quv-tabiyaviy jarayonga yangi ta'lim dasturlari va smart-texnologiyalarni tatbiq qilish kerak.

Foto: Buxoro yoshlari gazetasi

Ta'lim sifatini oshirish uchun so‘zda emas, amalda elektron modullar va masofaviy ta'lim salohiyatidan foydalanishimiz kerak bo‘ladi.

Bunga javoban esa bizga ta'lim sifatini obektiv baholash kerak bo‘ladi. Shuning uchun ta'lim sifatini baholash milliy tizimini ishlab chiqish va tatbiq qilish hamda uning mamlakat innovatsion rivoji darajasiga ta'sirini o‘rganish zarur.

Professional ta'lim yanada hamyonbop bo‘lishi kerak. Kasbga ega bo‘lish istagidagi inson qandaydir yoshga doir yoki boshqa cheklovlar bilan kamsitilishi kerak emas, zero bu uning professional bilimlarga bo‘lgan qiziqishini cheklaydi.

Kollejlar mehnat bozorining tez o‘zgarayotgan tendensiyalarini hisobga olgan holda yoshlarni qisqa ta'lim dasturlari bo‘yicha professional qayta tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Oliy ta'lim muassasalari (OTM)da sekin-asta qabul kvotalari bekor qilinadi, ular o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, qabul qilinuvchi talabalar sonini belgilaydi. Abituriyentlar bir vaqtning o‘zida bir necha oliygohga kirish imkonini qo‘lga kiritishadi, bu ularning oliy ta'lim olish imkonini oshiradi. OTMlar soni ko‘payadi, yangilarini ishga tushirishda xorijning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik salohiyatidan faol foydalaniladi. Oliy ta'lim sifatiga alohida e'tibor qaratiladi. Yetakchi OTMlarda forsayt-markazlari paydo bo‘ladi. Ular soha va mintaqaviy iqtisodiyot ssenariylari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida innovatsion faoliyat rivojini prognozlash bilan shug‘ullanadi. Ichki va tashqi muhitni ilmiy-texnologik prognozlar bilan ta'minlash, texnologik va innovatsion muhitni hamda oliy ta'lim muassasasi ustuvor innovatsion yo‘nalishlarini rivojlantirish ham ularning vazifasiga kiradi.

Foto: Inha universiteti

Inklyuziv ta'limni rivojlantirishga ham e'tibor qaratiladi. Sog‘liq darajasi qanday bo‘lishiga qaramay, barcha birdek ta'lim olish imkoniga ega bo‘lishi zarur.

Yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish uchun nima qilish kerak?

Eng avvalo, ilm-fanni moliyalashtirish ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirish ko‘zda tutilgan, u YaIMning 0,8 foizigacha yetkaziladi. 2021 yilga borib O‘zbekiston shunday ko‘rsatkichga erishishi kutilmoqda.

Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tizimi rivojlantiriladi. Bizda innovatsion jamg‘armalar, innovatsion banklar, venchur fondlar paydo bo‘ladi. Mamlakatning innovatsion rivojlanishini rag‘batlantirish uchun bank kreditini olish jarayonlari va talablari soddalashtiriladi. Innovatsion rivojlanishni mikromoliyalashtirish tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda.

Ilmiy-texnologik taraqqiyotning ustuvor jihatlarini belgilash va moliyalashtirishda xususiy sektor ishtiroki rag‘batlantiriladi. Muntazam ravishda yangilanib turuvchi innovatsion loyihalar va salohiyatli investorlarning yagona ma'lumotlar bazasi yaratiladi.

Loyihaviy boshqaruv mexanizmlaridan foydalangan holda davlat buyurtmalari orqali dasturiy-maqsadli tamoyil bo‘yicha ilmiy-tadqiqiy va tajribaviy ishlarni tashkillashtirish mexanizmi joriy qilinadi. Bu dolzarb muammolarni hal qilishda olimlar ishtiroki samarasini oshirish imkonini beradi.

Innovatsion infratuzilmani rivojlantirish, olimlar o‘z salohiyatini oshira olishi uchun sharoitlar yaratishga katta e'tibor qaratiladi. Zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar xarid qilinadi. Noyob ilmiy-texnik uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari ishga tushiriladi, ular eng ilg‘or qurilmalar bilan ta'minlanadi.

Ilmiy-texnik ma'lumotlar davlat tizimini yaratishga qaror qilindi, u respublika, sohalar, mintaqa darajasidagi ilmiy-texnik axborot resurslari va shu yo‘nalishdagi ma'lumotlarni to‘plash, saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashgan tashkilotlarni o‘z ichiga oladi. Bu esa ilmiy ishlanmalar haqidagi ma'lumotlarga kirishni osonlashtiradi.

Foto: mahoratmaktabi.uz

Olimlar o‘z ishlanmalarini joriy qilishda bir-birlariga ko‘mak berishi kerak. Shu maqsadda texnologiyalar transferi bo‘yicha milliy va mintaqaviy idoralar ishga tushiriladi.

Ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq qilish uchun texnoparklar xabi, erkin iqtisodiy zonalar, erkin sanoat zonalari, kichik sanoat zonalari va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini yaratish rejalashtirilmoqda.

Milliy mahsulotlarni ishlab chiqish va ularni tashqi bozorga olib chiqishda xorijiy hamkorlar ishtirokidagi tashkilotlarni shakllantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi.

IT-texnologiyalar sohasi va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish rivojlantiriladi. 2021 yilga borib axborot-kommunikatsion texnologiyalar sohasida eksport xizmatlari ulushi umumiy hajmdan 4 foizgacha yetkaziladi.

Bularning bari olimlarning iqtisodiyot real sektorining aniq vazifalarini hal qilish bilan shug‘ullanishiga olib kelishiga turtki beradi.

Talabgorlikni oshirish uchun nima qilish kerak?

Raqobatni kuchaytirish kerak. Shu bois konsepsiyada uning rivojiga katta e'tibor qaratilgan.

Shunday ekan, xalqaro tajribadan kelib chiqib, korporativ huquqni rivojlantirish va korporativ boshqaruvning zamonaviy tamoyillarini tatbiq qilishga kirishiladi. Iqtisodiyotning innovatsion rivojlanish va resurslardan samarali foydalanishga o‘tishini rag‘batlantiruvchi raqobatbardosh bozorni shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Monopoliyaga qarshi siyosatni takomillashtirish, shu jumladan davlat-xususiy sektor hamkorligini tatbiq qilish hisobiga barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun tovarlar, ish o‘rinlari va xizmatlarga teng egalik qilish imkonini ta'minlash, monopoliyachi-korxonalar mahsulotlariga narx belgilashning samarali mexanizmini joriy qilishga alohida e'tibor qaratiladi.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va ichki bozorda monopoliyani bartaraf etish uchun barchaga teng shart-sharoitlar yaratiladi.

Bundan avval KUN.UZ'da Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan innovatsiyalar, ilm-fan va iqtisodiyotga oid videointervyusi taqdim etilgan edi.

Top