13:11 / 06.10.2018
42689

Oliy ta'lim muassasasining o‘qituvchi va ikki talabasi pora bilan qo‘lga olindi

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi taqdim etgan xabarga ko‘ra, joriy yilning 24 sentabr kuni fuqaro Ch.N. Ichki ishlar vazirligiga ariza bilan murojaat qilgan.

Unda Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi “R” ismli shaxs va o‘zini Mehnat vazirligining yuqori lavozimida ishlovchi rahbar xodimi deb tanishtirgan “X” ismli shaxs uning ikki tanishini Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining rahbarlari orqali Toshkent avtomobil yo‘llari kollejiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni berishini talab qilayotganliklarini ma'lum qilgan.

Ariza asosida, shu kuni IIV tezkor xodimlari tomonidan Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida, Toshkent davlat yuridik universitetining 4-bosqich talabasi J.R. ariza muallifi Ch.N.dan 3000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. J.R. ushbu pullardan 1000 AQSh dollarini o‘ziga ulush sifatida olib qolib, qolgan 2000 AQSh dollarini o‘qishga joylashtirish masalasini hal etish uchun “X” ismli sherigiga berishi lozim bo‘lganligini ko‘rsatganligi sababli tezkor tadbir davom ettirildi. 

Natijada, 27 sentabr kuni O‘zbekiston  Milliy universitetining 2-bosqich talabasi X.X. hamda ushbu universitetining Ijtimoiy fanlar fakulteti katta o‘qituvchisi lavozimida ishlovchi X.S.lar 2000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandilar.

Ushbu holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan fuqarolar J.R., X.X. va X.S.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olinganlar. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top