O‘zbekistonda mln dollarlab pora olish odat tusiga kirib qoldi. Kun.uz navbatdagi suhbatda faollar bilan tobora yiriklashib borayotgan korrupsiya va uning oqibatlarini tahlil qildi. Suhbatdoshlar fikricha, muammoning ko‘lami kattalashib borishi davlatchilikka raxna soladi, unga qarshi kurashishning yagona va ishonchli yo‘li – siyosiy iroda.

O‘zbekistonda mansabdorlarning pora olishi keskin kamayib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyatlari ko‘paygan. Bu haqda oktyabr o‘rtalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ma’lumot bergandi.

Ammo yaqinda Chirchiq, Sirdaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida bo‘lgan keyslar buning aksini ko‘rsatayotgandek. Xo‘sh, aslida iqtisodiy jinoyatlar nima sabab sodir bo‘ladi, uni tiyib turish mexanizmlari qanday va bu borada biz qanday xatolar qilyapmiz? Ayni mavzuni muhokama qilish uchun Kun.uz siyosiy tahlilchi Hamid Sodiq hamda inson huquqlari faoli, “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan suhbatlashdi.

– Dastlab suhbatni Chirchiq keysi bilan boshlamoqchiman. Xabaringiz bor, yaqinda Chirchiq shahri hokimi o‘rinbosari 1 mln dollarni olayotgan vaqtda ushlanib, qamoqqa olindi. Va bu holat ko‘pchilikda savol tug‘dirgan bo‘lsa kerak. Ya’ni boshqaruv vertikalida quyiroq mansab egalarining katta summada pora talab qilgani qanchalik hayratlanarli? Boshqaruv vertikalida shu sxemani qanday ko‘rasizlar?