21:50 / 22.10.2018
42796

Dunyo yangi qurollanish poygasi arafasida(mi?)

RIA Novosti © Vadim Savitskiy

20 oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar o‘rta va qisqa masofalarga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishini ma'lum qildi. Bu Rossiya va Yevropada keskin fikrlar uyg‘otdi. Mazkur shartnomada nimalar ko‘zda tutilgan va uning Rossiya-AQSh munosabatlarida tutgan o‘rni qanday?

Qurollanish poygasi

1970-yillar o‘rtalarida dastlab AQShda, so‘ngra SSSRda raketalarni nishonga yo‘naltirishning lazerli, infraqizil va televizion boshqaruvli tizimlari yaratildi. Bu raketalarning nishonga aniq tegishi imkonini berdi (30 metrgacha aniqlikda). Ekspertlar yadroviy zarbaning yangi turi – raqib tomon javob zarbasi berguniga qadar uni yo‘q qilib tashlaydigan qurol haqida gapira boshlashdi.

1973 yil 17 avgustda AQSh mudofaa vaziri Jyeyms Shlezinger yo‘q qiluvchi zarba konsepsiyasini AQSh yadroviy siyosatining asosi deb e'lon qildi. Bunda o‘rta va yaqin masofa vositalariga ustuvorlik berildi.

AQSh doktrinasini amalga oshirish maqsadida G‘arbiy Yevropada joylashtirilgan old baza tizimlarini modifikatsiya qilishga kirishildi. Ushbu loyiha doirasida suvosti qayiqlari va o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalarni modifikatsiya qilish bo‘yicha Amerika-Britaniya hamkorligi kuchaydi. 1974 yilda Buyuk Britaniya va Fransiya umumiy mudofaa tizimi, jumladan yadroviy sohani rivojlantirishga qaratilgan Ottava deklaratsiyasini imzoladi.

Bu harakatlar SSSRni tashvishga soldi. 1976 yilda AQShga nisbatan keskin javob qaytarishga moyil D. Ustinov SSSR mudofaa vaziri etib tayinlandi. 1977 yili SSSR eskirgan RSD-4 va RSD-5 majmualarini modifikatsiya qilish bahonasida g‘arbiy chegaralarda o‘rta masofaga mo‘ljallangan RSD-10 «Pioner» raketalarini joylashtirishga kirishdi. Har biri uchtadan jangovar blokka ega bo‘lgan jami 300ga yaqin raketa joylashtirildi. Bu SSSRga NATOning G‘arbiy Yevropadagi infratuzilmasini – boshqaruv markazlari, qo‘mondonlik punktlari va portlarini sanoqli daqiqalarda yo‘q qilib tashlash imkonini berardi.  

Bunga javoban NATO kengashi 1979 yil 12 dekabrda 1983 yilgacha Yevropada 572ta Pershing-2 raketasini joylashtirish haqida qaror qabul qildi. Pershing-2 raketalarining parvoz vaqti kamligi (6-8 daqiqa) AQShga sovetlarga qarshi birinchi bo‘lib zarba berish imkoniyatini yaratardi. Shu bilan birga, NATO davlatlari 1983 yilgacha sovet raketalari muammosini hal qilish uchun muzokaralar boshlashga kelishib olishdi.

Muzokaralar

Jimmi Karter ma'muriyati Yevropada «yevroraketalar» joylashtirish borasida ikkilanardi. 1980 yil oktabrda Yevropada yadroviy qurollarni cheklash borasida muzokaralar boshlandi. Ammo o‘sha yilning noyabrida AQShdagi prezident saylovlarida respublikachi Ronald Reygan g‘alaba qozondi. 1981 yilda uning ma'muriyati «nolli variant»ni taklif qildi — AQSh Yevropada o‘rta va kichik masofaga mo‘ljallangan va qanotli raketalarni joylashtirmaydi, SSSR esa o‘zining RSD-10 «Pioner» raketalarini yo‘q qiladi. Biroq SSSR bu taklifni rad etdi. Chunki birinchidan, Yevropada Amerika raketalari yo‘q edi va sovet rahbariyati «Pioner»larni yo‘q qilishni «yo‘q narsa»ga almashish deb baholadi. Ikkinchidan, bu taklifda SSSRGa xavf soladigan Buyuk Britaniya va Fransiyadagi raketalar hisobga olinmagandi. Reyganning taklifiga javoban L. Brejnev «mutlaq nol» dasturini taklif qildi. Unga ko‘ra, RSD-10 yo‘q qilinishiga AQSh «Pershing-2»ni joylashtirmaslik hamda Yevropadan taktik yadroviy qurolini olib chiqib ketish, old baza tizimini yo‘qotish va Britaniya va Fransiyadagi raketalarni yo‘q qilish bilan javob qaytarishi lozim edi. AQSh bu taklifni qabul qilmadi.

1982 yilda sovet tomoni yangi taklif bilan chiqdi. SSSR umumiy kelishuvga erishilguniga qadar RSD-10 «Pioner» raketalarini joylashtirishga nisbatan moratoriy e'lon qildi. Bundan tashqari, RSD-10 «Pioner»lar sonini Fransiya va Britaniyadagi raketalar soniga qadar kamaytirishni taklif qildi. Ammo Fransiya va Buyuk Britaniya o‘z yadroviy qurollarini «mustaqil» deb e'lon qildi va Amerika raketalarining G‘arbiy Yevropada joylashtirilishi muammosi SSSR-AQSh munosabatlariga taalluqli ekanini bildirdi.

Brejnev vafotidan so‘ng 1982 yil noyabrda SSSRda hokimiyat tepasiga Yu. Andropov keldi. 1983 yil sentabrda amerikaliklar Buyuk Britaniya, Italiya, Belgiya va Niderlandiya hududida o‘z raketalarini joylashtirishga kirishdi. Noyabrda bundestag GFR hududida «Pershing-2» raketalarini joylashtirish uchun ovoz berdi. Bu SSSRning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. 24 noyabr kuni Andropov Yevropada yadroviy urush xavfi ortganini, SSSR yevroraketalar bo‘yicha Jyeneva muzokaralaridan chiqishini hamda GDR va Chexoslovakiya hududida OTR-23 «Oka» raketalari joylashtirilishini e'lon qildi. Ularning ta'sir doirasi 450 kilometrgacha bo‘lib, butun GFR hududini nishonga olishga qodir edi. Shu bilan bir vaqtda SSSR atom suvosti kemalarini AQSh sohillari yaqiniga olib keldi. 1984 yil yozida AQSh Yevropada neytronli jangovar kallaklarga ega «Lance» operativ-taktik raketalarini joylashtirishini ma'lum qildi.

1985 yil martda M.Gorbachyov hukumat tepasiga kelganidan so‘ng muzokaralar yangilandi. 1985 yil yozida Gorbachyov Chexoslovakiya va GDRda OTR-23 «Oka» raketalarini joylashtirishga moratoriy qo‘ydi. 1986 yil yanvarda Gorbachyov yadro qurolini butun dunyoda bosqichma-bosqich yo‘qotish dasturini e'lon qildi.

O‘sha yilning kuzida SSSR RSD-10 raketalarini Ural ortiga olib ketish, AQShni esa «Pershing-2» va qanotli raketalarni Shimoliy Amerikaga olib ketishni taklif qildi. Prezident Reygan bunga rozi bo‘ldi, biroq Yaponiya bu taklifga qarshilik ko‘rsatdi. Natijada ushbu taklif amalga oshmadi.

Muzokaralar natijasi

1987 yil. KPSS TsK bosh kotibi Mixail Gorbachyov va AQSh prezidenti Ronald Reygan Oq uyda 
Foto: Ronald Reagan Presidential Library

1987 yil sentabrda Vashingtonda SSSR tashqi ishlar vaziri E. Shevardnadze o‘tkazgan muzokaralarda nihoyat murosaga kelindi.

O‘sha yilning 8 dekabr kuni Vashington shartnomasi imzolandi va 1988 yil 1 iyundan kuchga kirdi.

Shartnomaga ko‘ra, tomonlar o‘rta (1000-5,5 ming km) va kichik (500-1000 km) masofalarga mo‘ljallangan barcha ballistik va qanotli raketalar majmualarini yo‘q qilishga hamda kelgusida bunday raketalarni ishlab chiqarmaslik, sinovdan o‘tkazmaslik va joylashtirmaslikka kelishishdi.

Hujjatga muvofiq, tomonlar uch yil ichida 500dan 5,5 ming kilometrgacha masofaga mo‘ljallangan barcha uchirish qurilmalari va raketalarini yo‘q qilishi lozim edi. Hujjatda raketalarning yo‘q qilinish jarayoni ikki tomon inspektorlari tomonidan kuzatib turilishi ko‘zda tutilgandi.

Shartnomaning bajarilishi

Shartnoma kuchga kirganidan so‘ng oradan 18 oy o‘tgach, har ikki tomon kichik masofaga mo‘ljallangan barcha raketalarini va ularni uchirish qurilmalarini yo‘q qildi. Uch yil davomida esa o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalar ham yo‘q qilindi. 1991 yil iyuniga kelib shartnoma bajarildi: SSSR 1846ta raketa majmuasini (ularning yarmiga yaqini ishlab chiqarilgan, lekin jangovar navbatchilikda bo‘lmagan raketalar), AQSh esa 846ta majmuani yo‘q qildi.

O‘zaro ayblovlar

2007 yil 15 fevralda Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general Yuriy Baluyevskiy Sharqiy Yevropada AQShning raketaga qarshi mudofaa tizimlari joylashtirilishiga javoban barcha shartnomaviy-huquqiy tizim qayta ko‘rib chiqilishini bildirdi. U xususan Rossiya bir tomonlama tartibda O‘rta va kichik masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishi mumkinligini aytdi.

AQShning raketaga qarshi mudofaa tizimlarini cheklash to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishi haqidagi xabarga javoban Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham (2000 yil iyunda) Rossiyaning ushbu shartnomadan chiqish ehtimoli haqida shunga o‘xshash bayonot bergandi.

2013 yil iyunda Putin SSSRning o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalardan voz kechish haqidagi qarorini «kamida bahstalab» deb atadi va Rossiyaning shartnomadan chiqishi ehtimoli haqida gapirdi.

2014 yil iyulida AQSh prezidenti Barak Obama Vladimir Putinga maktubida Rossiyani o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalarni sinovdan o‘tkazishda aybladi. AQSh tomonining ta'kidlashicha, Rossiya 2008—2011 yillarda shartnomani buzgan holda 500 kilometrdan uzoqqa uchuvchi qanotli raketa sinovini o‘tkazgan. 2017 yilda Amerika nashrlarida taqiqlangan raketa allaqachon joylashtirilgani haqida yozildi. Rossiya rasmiylarining ta'kidlashlaricha, bu raketaning ta'sir masofasi 500 kilometrdan kamroq.

Rossiya tomonining fikricha, AQSh Yevropada raketalarga qarshi mudofaa qurilmalarini o‘rnatish bilan shartnomani buzmoqda. Bu qurilmalardan o‘rta va kichik masofaga mo‘ljallangan raketalarga o‘xshash qanotli raketalarni o‘rnatishda foydalanish mumkin.

2017 yil 2 avgustda AQSh kongressida AQShning shartnomadan chiqish imkoniyati muhokama qilindi. O‘sha yilning 19 oktabrida «Valday» forumida Vladimir Putin AQSh shartnomadan chiqishga urinadigan bo‘lsa, «Rossiya zudlik bilan va xuddi shunday tarzda javob qaytarishini» aytgandi.

Trampning «javob yurishi»

Foto: GETTY IMAGES

Shu yilning 20 oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar O‘rta va kichik masofalarga uchuvchi raketalar bo‘yicha shartnomadan chiqishini ma'lum qildi.

Amerikaliklar rahbari «Rossiya bu kelishuvni ko‘p vaqtdan buyon buzib kelayotgani»ga javoban shunday qadam tashlaganini bildirdi.

«Biz mazkur kelishuvni bekor qilmoqchimiz, keyin Rossiya va Xitoy yangi kelishuvga rozi bo‘lmagunga qadar qurollanishni rivojlantirishda davom etamiz», dedi u (aslida Xitoyning bu shartnomaga aloqasi yo‘q).

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu bayonotga tahdidona javob qaytardi.

TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Ryabkov amerikaliklar xalqaro kelishuvlardan o‘ta qo‘pollik bilan chiqayotganini qayd etdi.

«Amerikaliklarda Rossiyani bu kelishuvni buzgani haqida ayblash uchun asos yo‘q», dedi diplomat.

«Bu holda biz javob choralari qo‘llashga majbur bo‘lamiz. Xususan, harbiy-texnik xarakterdagi choralar. Ammo ish bungacha yetib borishini istamaymiz», —  deya qo‘shimcha qildi u.

Germaniya vazirlar mahkamasi vakili Ulrike Demmer esa GFR huqumati AQShning ushbu shartnomadan chiqishidan taassufda ekanligini va bu qaror oqibatlari NATO bo‘yicha hamkorlar doirasida muhokama qilinishini bildirdi.

22 oktabr kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton Moskvaga kelgani xabar qilindi.

Bolton tashrifi davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan uchrashadi. Dushanba kuni u Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvlarda AQShning O‘rta va kichik masofalarga uchuvchi raketalar bo‘yicha shartnomadan chiqishi mavzusi muhokama qilinadi.

Dunyodagi bugungi vaziyat

Bugungi kunda butun dunyoda harbiy xarajatlar o‘sib bormoqda. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, jahon bo‘yicha jami harbiy xarajatlar 1,739 trillion dollarni tashkil etgan — bu sovuq urush tugaganidan buyon mutlaq rekord hisoblanadi.   

AQSh ushbu poyganing mutlaq rekordchisi hisoblanadi. 2002 yildan 2017 yilgacha Qo‘shma Shtatlar 2,8 trillion dollar sarflagan. 2017 yilda yillik harbiy xarajat borasida hech bir davlat AQSh sarflagan mablag‘ning yarmiga ham yeta olmagan – 610 milliard dollar.  Bu butun dunyodagi harbiy xarajatlarning 35 foizini tashkil etadi.

Shu yilning iyulida AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa bo‘ylab turnesi davomida NATO a'zolarini harbiy xarajatlarni ikki baravarga – YaIMning ikki foizidan to‘rt foizga oshirishga chaqirdi. Amerika prezidenti AQSh NATO ichida o‘z harbiy xarajatlarini muntazam oshirib borayotganidan, ittifoqchilar esa bunday qilishmayotganidan norozi bo‘ldi. 2017 yilda 29 mamlakat a'zo NATOning jami harbiy xarajati 946 milliard dollarni tashkil etdi.  

Yevropada harbiy xarajatlar bo‘yicha 2017 yilda Fransiya yetakchilik qildi: 57,8 milliard dollar (YaIMning 2,3 foizi). Ikkinchi o‘rinda YaIMning 1,8 foizini tashkil etuvchi 47,2 milliard dollar xarajat bilan Buyuk Britaniya joylashgan. Yuqori uchlikdan 44,3 milliard dollar yoki YaIMning 1,2 foizini sarflagan Germaniya ham o‘rin olgan.

Keyingi o‘n yillikda Afrika va Janubiy Amerikada harbiy sohadagi xarajatlar oshdi. 2008 yildan buyon ushbu sohaga investitsiyalar Lotin Amerikasida 17 foizga va Afrikada 28 foizga o‘sgan.

Harbiy xarajatlar borasida Braziliya yetakchi – 29,3 milliard dollar. O‘n yildan buyon bu davlat mudofaaga YaIMning 1,4 foizini sarflab kelmoqda.

Osiyo davlatlari orasida Xitoy, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlari harbiy sohaga eng ko‘p mablag‘ sarfladi. Masalan, Xitoy o‘tgan yili 228 mlrd dollar,  Saudiya Arabistoni 69,4 mlrd dollar, Hindiston 63,9, Yaponiya 45,4 va Janubiy Koreya 39,2 mlrd dollar xarajat qilgan.

Osiyo davlatlari orasida Saudiya Arabistoni YaIMning 10 foizini harbiy xarajatlarga ajratishi bilan yetakchi. 

Rossiya harbiy xarajatlar bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda: bu davlat o‘tgan yili 66,3 milliard dollarni yoki YaIMning 4,3 foizini harbiy sohaga sarflagan.

Bugungi kunda jahonda 8 davlat o‘z yadro quroliga ega. Bular AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston va KXDR. Shuningdek, Isroilda ham yadro quroli mavjudligi taxmin qilinadi.

AQShning Koreya yarimorolini yadro qurolidan xoli hududga aylantirish maqsadida KXDR bilan muzokaralar olib borishi manzarasida Rossiya bilan munosabatlari keskin tus olmoqda. AQSh shuningdek, Eron va Xitoy bilan ham bahsli holatda.

Donald Tramp shu yilning mayida AQSh Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvdan chiqishini va unga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qilishini bildirgan bo‘lsa, Xitoy bilan savdo urushi allaqachon boshlab yuborilgan.

Umid qilamizki, dunyoning harbiy-siyosiy jihatdan eng qudratli davlatlari murosa yo‘lini topishadi va sayyoramizdagi tinchlikka raxna soladigan nizolar sodir bo‘lmaydi.

Dilshodbek Asqarov tayyorladi

Mavzuga oid
Top