Ammo o‘tmishda bu ikki davlat dushmanligi ma’lum iliqlik davrlarini ham boshdan kechirgan. Masalan, Brejnev va Nikson uchrashuvlar o‘tkazgan, qator rejalarni amalga oshirgan bo‘lsalar, Gorbachev hamda Reygan davriga kelib, tinchlik ramzi ostidagi do‘stona loyihalar shu qadar ko‘payib ketdiki, ilk bor kuzatganda bu ikki davlat azaliy hamkorlar deb ham o‘ylash mumkin edi. Bunday ramziy harakatlar bir qarashda oddiy tashriflardan tortib nafaqat ikki davlat, balki butun dunyo ahamiyatiga molik hujjatlar imzolanishigacha borgandi. 

Samanta Smit SSSRda

1982 yilda Brejnev vafot etadi va KGB rahbari Yuriy Andropov SSSR yetakchisiga aylanadi. Ammo dunyo hamjamiyati uni juda sovuq kutib oladi. Andropovning o‘zi ham birovga ishonmaydigan, faqat mamlakatning qurolli qudratiga suyanishni afzal biladigan, o‘ta prinsipial rahbar edi. AQSh prezidenti Ronald Reygan SSSRni ochiqdan-ochiq yovuzlik imperiyasi deb ataydi va bu holat davlatlararo munosabatning naqadar sovuqligini anglatib turardi.

Shuningdek, juda ko‘pchilik negadir Andropovning yadro qurolidan foydalanishiga, ikki davlatning atom urushi boshlanishiga ishonib qolgandi. Time jurnali o‘sha yili Andropov haqida turkum maqolalar chop etadi. Men shtatida yashovchi 10 yoshli Samanta Smit onasidan “Andropovdan hamma qo‘rqarkan, nega undan hech kim urush boshlash niyati bor yoki yo‘qligini so‘rab xat yozmaydi?” deya so‘raydi. Onasi bunga javoban: “Nega o‘zing so‘ramaysan?” deydi va Samantaning mashhurligiga turtki beradi.

Samanta Andropovga “Siz atom urushi tarafdorimisiz? Nega AQShni bosib olmoqchisiz?” degan mazmunda xat yozadi. Uning xati “Pravda” gazetasida e’lon qilinadi. Andropov unga javoban “SSSR hech kim bilan urushmoqchi emas. Biz tinchlik tarafdorimiz. Sen yurtimizga mehmonga kel va o‘z ko‘zing bilan ko‘r”, deya javob yo‘llaydi.

Samanta Smit SSSRga keladi, Moskva, Leningrad, Qrimdagi “Artek” oromgohida bo‘ladi. Uning bu tashrifi ikki davlat do‘stligi ramzi sifatida keng yoritiladi.

SSSRga Yuriy Andropov taklifi bilan kelgan Samanta Smit Qizil maydonda qarindoshlari bilan © Yuriy Abramochkin / RIA Novosti

Yosh qizaloq mashhurlik ortidan filmlarda suratga tusha boshlaydi, intervyular beradi, qoplab xatlar oladi. SSSRdagi har bir bola uni o‘zining do‘sti hisoblagan bir paytda Samanta va otasi aviahalokatda ayanchli o‘lim topadi. Ikki davlat o‘rtasida tinchlik timsoliga aylangan qizaloq o‘sha paytda 13 yoshda edi.