09:01 / 30.10.2018
39919

Venetsiyaning 75 foiz hududi suv ostiga ketdi

Kuchli shamollar Venetsiyada suv sathining keskin ko‘tarilishiga olib keldi. Shaharning 75 foiz hududi suv ostida qolgan. Bu haqda ANSA axborot agentligi xabar berdi. 

Foto: AFP/Getty Images

Ma'lum qilinishicha, gap 2012 yildan beri kuzatilayotgan eng kuchli toshqin haqida bormoqda. Suv sathining ko‘tarilishi sababli mahalliy aholi va sayyohlar harakatlana olishi uchun vaqtinchalik ko‘priklar va suv usti trotuarlarini o‘rnatishga to‘g‘ri kelgan.   

Favqulodda xizmatlar ma'lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, bir kishi bedarak yo‘qolgan. 

Shaharning bosh diqqatga sazovor joylaridan biri – San-Marko maydoni to‘liq suv ostida qolgan.

Ma'lum qilinishicha, shaharda suv sathi dengiz sathidan 150 smdan yuqoriroqqa ko‘tarilgan.  Vaholanki shaharda suv sathi 110 smdan oshganda favqulodda vaziyatdan ogohlantiruvchi sirenalar yangray boshlaydi. Suv sathining 120 smdan oshishi esa orolda joylashgan shaharning to‘liq suv ostida qolishini anglatadi.

 

Top