8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

16:12 / 30.11.2018 8769

Turizm sohasidagi jiddiy to‘siqlar ma'lum qilindi

2018 yil 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar qilmoqda.

Foto: senat.uz

Qo‘mita a'zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi va qator manfaatdor idoralarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan 2018-2019 yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.

Qayd etilishicha, logistika, infratuzilma, mehmonxonada joy yetishmasligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, turizm tarmog‘i kadrlari salohiyatini oshirish bilan bog‘liq qator muammolar 2025 yilgacha O‘zbekistonda Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi loyihasida o‘z aksini topgan bo‘lishiga qaramay, mamlakat hududlaridan, vazirliklar va idoralardan, joylarda ishlayotgan senatorlardan kelayotgan materiallarni o‘rganish, shuningdek ekspertlar so‘rovi mamlakatda turizm sohasini barqaror rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan bir  qancha qo‘shimcha muammolarni aniqlash imkonini berdi.

Foto: senat.uz

Xususan, O‘zbekiston turistik brendini tashqi bozorlarda tanitish bo‘yicha yagona strategiya mavjud emas. Kirish vizalari bekor qilinganidan keyin turistlar oqimi ko‘payganligi turizm bilan bog‘liq byurokratik tartib-taomillarni erkinlashtirishga qaratilgan faoliyatni davom ettirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Turizm sohasida malakali kadrlarning yetishmasligi – zudlik bilan hal etilishi zarur bo‘lgan yana bir muammodir. Ta'kidlanganidek, bu turizm sohasida uzluksiz ta'limning ko‘p bosqichli tizimi yo‘qligi, eskirgan o‘quv rejalari va dasturlari qo‘llanilayotganligi, ta'lim jarayoniga innovatsion texnologiyalar joriy etish darajasining yetarli emasligi bilan izohlanadi. Shu munosabat bilan turizm-rekreatsion ko‘rinishidagi alohida iqtisodiy zonalarni rivojlantirish negizida ta'lim klasterlarini shakllantirish, sayohat industriyasi professional ishtirokchilari bilan birgalikda o‘qitish tizimlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan takliflar bildirildi.

Foto: senat.uz

Majlisda joylarni band qilib qo‘yishning xalqaro tizimlari bilan integratsiyalashuvning yo‘qligi, avia va temir yo‘l chiptalarini onlayn xarid qilish tizimi yo‘lga qo‘yilmaganligi tarmoqni rivojlantirish yo‘lidagi jiddiy to‘siqlardan biri ekanligi ta'kidlandi. Shu munosabat bilan mehmonxonalar, restoranlarda joyni zaxira qilib qo‘yish va band qilish bo‘yicha zamonaviy mexanizmlar va texnologik yechimlarni joriy etish zarurligi qayd etildi.  

Majlisda ishtirokchilar ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan aniq takliflar berib, o‘z fikrlarini bildirdi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Top