6 yildan beri texnik sinovdan o‘tmagan avtobuslar fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmoqda – Senat
2018 yildan beri texnik sinovdan o‘tkazilmagan STG-3 rusumidagi ballonlarga ega 300 dan ortiq avtobus hali ham yo‘nalishlarga chiqib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga senatorlik so‘rovi yuborildi.
Texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan gazballonli 300 dan ortiq avtobuslar hali ham aholiga xizmat ko‘rsatmoqda, deb xabar berdi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi.
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi 815-sonli qarori bilan “JV MAN Auto-Uzbekistan” MChJ qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan “MAN A 22 SNG” rusumli avtobuslarga istisno tariqasida STG-3 rusumidagi gazballonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishga ruxsat berilgan.
Hujjat bilan “O‘zavtosanoat” AJ qoshida zamonaviy yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish, keyinchalik ularni zarur uskunalar bilan jihozlash va STG-3 (LNG-3) rusumidagi gazballonlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditatsiyadan o‘tkazish belgilangan. Biroq Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi 6 yildan beri hukumatning ushbu qarori talabi ijro etilmaganini qayd etdi.
Ta’kidlanishicha, “JV MAN Auto-Uzbekistan” MChJ qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan, STG-3 rusumidagi ballonlar bilan jihozlangan 300 dan ortiq avtobus 2018 yildan beri texnik sinovdan o‘tkazilmagan. Shunga qaramay, bu avtobuslarda hanuzgacha yo‘lovchilar tashilmoqda.
“Bu esa minglab, balki millionlab fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga real xavf tug‘dirmoqda. Mamlakatimizning turli hududlarida avtobus va boshqa transport vositalariga o‘rnatilgan gazballonlarining portlashi bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan holatlar bunga yaqqol misoldir”, – deyiladi Senat xabarida.
Shuningdek, qo‘mita bu jarayonda Toshkentga keltirilib, yo‘nalishlarga qo‘yilgan Xitoy kompaniyasining avtobuslariga ham e’tibor qaratishi lozimligini bildirgan. Bu avtobuslarning STG-3 rusumli gazballonlarini ham texnik sinovdan o‘tkazish maqsadga muvofiq.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga senator so‘rovini yuborgan.
Unda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi 815-sonli qarorida belgilangan yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish va STG-3 (LNG-3) rusumidagi gazballonlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha vazifaning ijrosi nima uchun ta’minlanmagani hamda mazkur laboratoriyalarni tashkil qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirish berish so‘ralgan.
Yuborilgan senator so‘rovining javobini Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida muhokama qilish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda ham Senat qo‘mitasi xuddi shu mavzuni ko‘tarib, hukumatni xavfsizligi to‘liq kafolatlangan gazballonlarini O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarishni rag‘batlantirmayotganlikda ayblagandi.