O‘zbekiston | 21:57 / 18.01.2019
44889
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston uchun eng kerakli islohot huquqni muhofaza qilish va adolat tizimini yo‘lga qo‘yish – mutaxassis

Yomon iqtisodiyotga ega mamlakatlarda aholining iqtisodiy tushunchalari baland bo‘lishi mumkin. Aksincha, rivojlangan davlatlarda jamiyatning iqtisodiy savodxonligi past bo‘lishi kuzatilgan. Ammo O‘zbekiston sharoitida, biz iqtisodiyot to‘g‘risida bilimlarimizni yangilab, u haqda aniq tasavvurga ega bo‘lishimiz zarur. 

Shu bois, Singapurdagi Nanyan texnologiyalar universiteti bakalavri, AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, 2016 yilning may oyidan e'tiboran, Veynart ishbilarmonlik markazida tadqiqotchi sifatida ishlab kelayotgan Behzod Hoshimov bilan suhbatlashdik. 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Sizda AQSh va O‘zbekiston iqtisodiyotini solishtirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Iqtisodiyot haqidagi tushunchalar bu ikki jamiyatda har xilmi, qay darajada rivojlangan?

Albatta, bir xil emas.Jamiyatning rivojlanganlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan jamiyatda iqtisodiyot haqidagi tushunchalarning darajasi ham shunga mos bo‘ladi. Bu esa iqtisodiyot fanining o‘qitilishi bilan bog‘liq, deb o‘ylayman.

Masalan, AQShda taxminan 50-65 foiz bakalavr talabalari fakultet yo‘nalishidan qat'iy nazar iqtisodiyot asoslari fanini o‘tishadi. Iqtisodiyot fanini o‘rganish sal xavfli, chunki uni boshlagandan keyin orqaga qadam yo‘q. Negaki iqtisoddan boxabar odam iqtisodga yot g‘oyalarni eshitsa, buning mutlaqo noto‘g‘ri ekanligini tushunadi. Ilmga asoslanmagan g‘oyalarga ular ishonmaydi. U yerda 50-60 foiz odam iqtisod haqida tushunchaga ega. Demak, ular, misol uchun, Oq uy ma'muriyati tomonidan iqtisodiyotga qo‘yilayotgan cheklovlarning noto‘g‘ri ekanligini bilishadi. Bunday cheklovlarga mamlakatdagi o‘ngchilar ham so‘lchilar ham birdek norozilik bildirganligi misolida ham buni ko‘rish mumkin.

Iqtisodiyot haqidagi tushunchalarga ega bo‘lish bilan ish bitadimi? Ya'ni AQSh aholisi iqtisodiyot nazariyasini bilgani uchun ham turmushi shu darajaga yetdi, deb ayta olamizmi?

Yo‘q, bunday emas. Misol uchun, Argentinada iqtisodchi bo‘lish rok yulduzi bo‘lib, mashhurlikka erishishdek gap. Lekin u yerda iqtisodiyot yaxshi rivojlanmagan. Menimcha, yomon iqtisodiyotga ega bo‘lgan mamlakatda ham odamlar bu borada yaxshi tushunchaga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, avtomobilingiz tez-tez buzilsa, uni qanday ta'mirlash, tuzatish haqida ko‘nikmaga ega bo‘lib borasiz. Agar avtomobilda hech qanday muammo bo‘lmasa, uning holati bilan qiziqmaysiz. Xuddi shunday iqtisodiyoti zo‘r rivojlangan Singapur kabi davlatlarda kishilarning iqtisodiy tushunchalari zo‘r deb aytish qiyin.

O‘zbekistonda odamlarning iqtisodiy bilimlari yaxshilansa, turli g‘oyalarga nisbatan immunitet hosil bo‘ladi. Chunki bilimlari bilan qiyoslab, g‘oyaning mantiqsiz ekanligini anglay oladi. Xullas, hamma iqtisodni tushunsa, soha rivojlanib ketadi degani emas, o‘z navbatida, odamlar tushunmasa ham iqtisodiyot rivojlanmasligi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Investitsiya haqida gap ketganda, o‘z-o‘zidan mamlakat Soliq va Bojxona kodeksi asosiy hujjat sifatida qarala boshlanadi...

Konstitutsiya misolida bo‘lgani singari turli mamlakatlarning Soliq va Bojxona kodekslari ham mazmunan bir-biriga o‘xshash. Shunga qaramay, mamlakatlarda qonun ishlashi bir xil emas. Iqtisodchilar orasida shunday gap bor: rivojlangan va rivojlanmagan davlatlar o‘rtasidagi tafovut ularning formal va formallashmagan institutlari o‘rtasidagi farqda. Ya'ni, masalan, qonunda belgilab qo‘yilgan tartibga amalda hech kim rioya qilmasligi mumkin. Qonuniyatning mohiyati qonun va real hayotning bir-biriga yaqin bo‘lishidadir. Shuning uchun biz AQSh kodeksini o‘zimizga olib kelib qo‘yganimiz bilan hech narsa o‘zgarmaydi.

Investor Soliq kodeksining mazmuni bilan emas, soliq ma'muriyatining qanday ishlashi bilan, o‘z haq-huquqi qanday muhofaza qilinishi bilan qiziqadi. Huquq yaxshi muhofaza qilinadigan davlatlarda ma'muriyat bu muhofaza uchun kafolat bermaydi. Bunday ma'muriy kafolat bo‘lishining o‘zi muhofazaning yo‘qligidan dalolat beradi. Misol uchun, Afrikaga investor bo‘lib borsangiz, vazir sizning huquqlaringizga kafil bo‘lsa, bu noto‘g‘ri. Rivojlangan mamlakatlarda inson kafil bo‘lishi kerak emas. Qonun kafil bo‘lishi kerak. Investorni ikki narsa qiziqtiradi – pul tiksam, qaytarib ola bilamanmi va ish faoliyatim davomida qonundan tashqari holatlar menga xalal bermaydimi, degan savollar. 

Qonun amalda ham ishlasa, shu eng muhimi. Qog‘ozda nima yozilgani emas, uning qanday ishlayotganligi ahamiyatli. Kodekslarda yoziladigan raqamlar, foizlar ham biz o‘ylaganchalik muhim emas. AQSh iqtisodiyoti rivojlangan bo‘lsa-da uning Soliq kodeksini mukammal deb aytib bo‘lmasdi. Buni amerikalik iqtisodchilarning o‘zi ham tasdiqlaydi.Lekin ularda qonun ishlaydi, inson huquqlari himoyalanadi. Lekin O‘zbekistondagi singari yuqori bojxona badallari dunyo mamlakatlarida kam uchraydi.

2019 yil O‘zbekistonda Faol investitsiyalarni jalb qilish va ijtimoiy rivojlanish yili deb e'lon qilindi. Bu yilda e'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar, hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar nimalar deb o‘ylaysiz?

Fikrimcha, O‘zbekiston uchun eng kerakli islohot huquqni muhofaza qilish va adolat tizimini yo‘lga qo‘yish. Biz yuqori malakali va mustaqil mahkama – sud tizimiga ega bo‘lishimiz kerak.

Rivojlangan, lekin sud tizimi yomon bo‘lgan mamlakatni topolmaysiz. Buning uchun katta siyosiy iroda kerak, lekin bu shart narsa. Sud tizimini yaxshi yo‘lga qo‘ysangiz, investor kelishi muqarrar, yaxshi yo‘lga qo‘ymasangiz, kelmasligi ham muqarrar.

Dunyo mamlakatlarining 98 foizi savdo tashkilotida. Biz esa o‘sha qolgan ikki foizning ichidamiz. Chunki savdo tashkilotining o‘ziga yarasha talablari bor. Aksariyat badallar nolga yaqin.

Bunda sud tizimining roli muhim.30 milliondan ortiq aholimiz bor. Lekin yalpi ichki mahsuloti 1200 dollar kishi boshiga. Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich kishi boshiga 8 ming. To‘g‘ri, paypoq ishlab chiqarishda biz katta bozordirmiz. Lekin ixtiyoriy raqamga ega yo‘nalishlarda O‘zbekiston kichik bozor sanaladi. Misol uchun, Viskonse shtatida 5 million kishi yashaydi. Lekin u yerda YaIM ko‘rsatkichi O‘zbekistonnikidan yuqoriroq. Tadbirkor uchun kallalar soni emas, cho‘ntaklarning chuqurlik darajasi muhim. 10 millionli juda boy odamga mahsulot sotish 30 milliondan ortiq o‘rta daromadli aholiga narsa sotishdan ko‘ra manfaatliroq.

Investorlar to‘siqlar tufayli kelmasligi muqarrar. Chunki to‘siqlar ertami-kechmi baribir bir kun olinadi.

Chet elda 30 yildan keyin foyda keltiradigan biznes samarali hisoblanadi. Bizda esa 2 yildan keyin foyda berishni boshlamasa, unga istiqboli yo‘q deb qaraladi. Siyosat bilan bog‘liq bo‘lgan biznesga katta investorlar qiziqmaydi. Katta investitsion institutlar O‘zbekistondagi biznes muhitiga hali ishonch ko‘zi bilan qaramaydi.

O‘zbekistonda yer masalasi ancha muammoli hisoblanadi. Imoratlarning qurilishi, yana buzilishi, fermerlarning klasterlarga kiritilishi... Yerga xususiy egalik shakliga o‘tilgandan keyin bu masalaga barham beriladimi?

O‘zbekistonda yer davlatga qarashli, undan foydalanishga ruxsat beriladi, lekin uning ustida qurilgan obekt sizning shaxsiy mulkingiz. Bizda odamlardan yerni olib, binosini buzib, boshqa narsa qurish odatiy hol bo‘lib qolgan. Yer davlatniki bo‘ladimi, fermerniki bo‘ladimi, agar davlat hozirgidek yerni olib qo‘yish huquqiga ega bo‘lsa, xususiylik shakliga o‘tilgani bilan hech narsa o‘zgarmaydi. O‘z navbatida, yer davlat tasarrufida qolsa-yu, sud tizimi a'lo darajada ishlasa, inson huquqlari muhofazalansa, yer kimga qarashli ekanligining ahamiyati yo‘q.​ Bu haqda Telegram-kanalimda ham yozgandim.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid