8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

15:33 / 20.02.2019 13245

O‘zbekiston terma jamoasi bosh shifokori Ignatiy Nesterovning doping tufayli chetlatilishiga izoh berdi

O‘tgan hafta O‘zbekiston terma jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterov doping sababli futboldan chetlatilgani ma'lum bo‘ldiOsiyo Kubogi vaqtida olingan tahlillarda uning qonidan taqiqlangan modda topilganbo‘lib, bu borada OFK Tartib-intizom qo‘mitasi hali yakuniy qaror chiqarmadi. O‘FA matbuot xizmati terma jamoa bosh shifokori Abror Pirriyev bilan suhbat uyushtirib, mazkur holatga mutaxassis sifatida oydinlik kiritib berishni so‘radi.

- Abror aka, siz terma jamoa bosh shifokori sifatida Ignatiy Nesterov borasida OFKdan kelgan xat haqida birinchilardan bo‘lib xabar topgansiz. Lekin xatda ko‘rsatilganidek, oxirgi xulosa chiqarilmaguncha bu haqida ommaga oshkor qilmay turilgan. Shunday bo‘lsa-da, bugungi axborot zamonida biror narsani sir saqlash qiyin. Shu sababli muxlislar uchun Nesterov bilan bog‘liq vaziyat haqida batafsil ma'lumot berib o‘tsangiz.

- Avvalombor doping tushunchasi haqida oddiy muxlisga tushunadigan tarzda to‘xtalib o‘tsam. Bir so‘z bilan aytganda, doping bu sportchining WADA (Jaxon antidoping agentligi) tomonidan taqiqlangan dori vositasini istemol qilishi. Ushbu taqiqlangan vositalarni shartli 3 guruhga bo‘lish mumkin:

1. Sportchining qabul qilishi qat'iyan taqiqlangan vositalar;
2. Sportchi davolanish ko‘rsatmasi asosida qabul qilishi mumkin bo‘lgan vositalar;
3. Ko‘rsatmalarsiz iste'mol qilish mumkin, lekin doping tekshiruvi blankasida qayd etilishi kerak bo‘lgan vositalar. (Ignatning vaziyati 2-guruhga to‘g‘ri keladi).

Bizda doping so‘zi juda bir vahimali talqin kilinadiki, bu bilan sportchi albatta dahshatli ta'sirga ega bulgan preparat qabul qilgan deb tushuniladi. Holbuki, oddiygina bosh og‘rigi uchun ichilgan “Tsitramon” ham doping deb topilishi mumkin, agarda u shifokorga aytilmasa va doping varag‘ida yozilmagan bo‘lsa. Siz o‘zingizni yoki boshqa birovni “Tsitramon” ichganlikda ayblay olmaysiz, to‘g‘rimi? Ammo professional sport bilan hayotini bog‘lagan sportchilarimizda shunga o‘xshash mas'uliyatli vaziyatlar mavjud. Shuning uchun muxlis va mutaxassislarimizdan bir narsani iltimos qilardimki, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda vaziyatga to‘g‘ri baho bergan holda, terma jamoamiz g‘alabalariga katta hissa qo‘shgan darvozabonimizni ushbu murakkab vaziyatda qo‘llab-quvvatlovchi fikrlar bildirishsa adolatdan bo‘lardi.

- Umuman, Osiyo Kubogi musobaqasi doirasida terma jamoamizdan necha kishi doping tekshiruvidan o‘tkazildi?

- Umumiy hisobda Osiyo Kubogi musobaqasi doirasida bizning jamoamizdan 12 nafar futbolchi doping tekshiruvidan o‘tkazildi. Darvozabonimiz Osiyo Kubogi guruh bosqichining birinchi o‘yinidan keyin (9 yanvarda bo‘lib o‘tgan Ummonga qarshi o‘yindan keyin) doping tekshiruvidan o‘tgan. Shuni aytib o‘tish joizki, odatda musobaqa doirasidagi doping tekshiruvlar natijasi ushbu musobaqa tugaguniga qadar ma'lum bo‘ladi, chunki biror futbolchida u yoki bu taqiqlangan modda topilsa, unga o‘sha musobaqa davomidayoq chora ko‘rish maqsadida. Ammo mustasno tarzda ancha kech muddatlargacha tekshirilishi ham mumkin, bizdagi vaziyatga o‘xshab.

- Abror aka, Nesterovda qanday taqiqlangan modda topilgan va u nima maqsadda ishlatiladi, organizmda qanchalik uzoq muddat saqlanib qoladi?

- Men bir narsani aytib o‘tishim joizki, Ignatiy Nesterov borasida OFK oxirgi xulosasini chiqarmas ekan, suhbatimiz faqatgina muxlislar uchun ma'lumot tarzida qabul qilinishi kerak. O‘FAga yuborilgan maktubda darvozabonimizda sibutramin moddasi topilgani aytilgan. Bu modda asosan vaznni kamaytirish uchun qo‘llaniladigan dori vositalari tarkibiga kiradi. Darvozabonimizda topilgan modda faqat musobaqa davridagina taqiqlanuvchi tarkib bo‘lib, uni futbolchi musobaqadan tashqari davrda (terma jamoada bo‘lmagan davrida) qabul qilganida yoki musobaqa davrida ichmay turganida ham unda bu modda aniqlanmagan bo‘lar edi. U organizmda uzoq vaqt turmaydi.

Shu o‘rinda bir vaziyatni alohida ta'kidlab o‘tishim joiz. Bugungi kunda vitamin va BFQ (biologik faol qo‘shimchalar) ishlab chiqaruvchi kompaniyalar juda ham ko‘payib ketgan. Taqiqlangan modda topilayotgan ko‘p sportchilar qabul qilgan BFQ vositalari tarkibi o‘rganilganda, raqobatdosh kompaniyalar o‘z mahsulotlarining samarasini oshirish maqsadida turli egri yullarni tanlashmoqda. Bu haqida so‘nggi paytlarda o‘tkazilayotgan xalqaro sport konferensiyalarida ham ko‘p gapirilmoqda. Ular o‘z mahsulotlari annotatsiyasida tarkibini «toza» deb, yani faqat tabiiy o‘tlardan iborat yoki sportchi uchun taqiqlangan moddalar yo‘q, deb yozib, aslida esa taqiqlangan kimyoviy moddalar qo‘shib tayyorlashmoqda. Ignatiy Nesterov ham shunday holat kurboniga aylandi.

- Bunday holatlardan qanday qilib muhofazalanish mumkin?

- Buning uchun faqatgina ishonchli, WADA va boshqa xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlovchi kompaniyalar mahsulotini qabul qilish lozim. Xuddi shu sababli O‘FA bugungi kunda terma jamoamiz tibbiy xizmatini mukammal tashkil qilish maqsadida Yevropaning top-klub va jamoalari bilan hamkorlik qiluvchi Shveytsariyaning «Sponcer» kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan. Hozirda barcha vitamin va energetik vositalarni mazkur kompaniyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilmoqdamiz.

Bugungi kunda milliy terma jamoamizda to‘laligicha tibbiy ta'minotimiz mavjudki, futbolchining boshqa qo‘shimcha narsalar qabul kilishiga umuman hojat yo‘q. Shu sababli terma jamoa yig‘iniga kirgan har bir futbolchi jamoa shifokori bergan dori vositalari va vitaminlardan tashqari ruxsatsiz biror dori qabul qilishga haqqi yo‘q. Ushbu mas'uliyat musobaqa davrida ikki hissa ko‘payadi. Chunki Osiyo Kubogi, Jahon chempionati saralash o‘yinlari kabi xalqaro rasmiy uchrashuvlarda futbolchilarning doping nazorati kuchaytirilgan tarzda olib boriladi.

Bu jarayon Nesterovdek tajribali darvozabonimizga notanish emas edi. Bu xaqda musobaqa oldidan o‘tkazilgan Turkiya yig‘inida, shuningdek, musobaqa davomida har bir o‘yin oldidan terma jamoa shifokorlari va murabbiylar shtabi tomonidan futbolchilarga bot-bot eslatib turildi. Shunga qaramay, ro‘y bergan ushbu holat albatta noxushdir.

- Futbolchi ham issiq jon, kasal bo‘lishi, jarohat olishi bor. Yuqorida aytib o‘tganingizdek, oddiy dorilar ham doping tekshiruvida taqiqlangan vosita bo‘lib chiqishi mumkin. Sizdagi mavjud vitamin va dori vositalarining musobaqa davrida qo‘llanilishi qanday nazorat qilingan?

- Men boshchiligimdagi tibbiy shtab musobaqa oldidan tibbiy ta'minot yuzasidan O‘FAga bildirgi berib, qanday dori-darmon, vitamin va bog‘lov materiallari zarurligini ko‘rsatib o‘tamiz. Yuqorida aytib o‘tganimdek, mahalliy dori vositalari bilan bir qatorda barcha vitaminlarimiz, energetik ichimliklarimiz belgilangan kompaniyadan xarid qilinadi. Men ularni tasdiqlangan shaklda musobaqadan oldin OFK  va BAA tashkiliy qo‘mitasiga yuborganman. Ya'ni men musobaqaga kanday preparat va vitaminlarni olib borishim va ishlatishim haqidagi barcha ma'lumot OFK va u orqali Antidoping tashkilotiga ma'lum edi.

Bundan tashqari, agarda qaysidir futbolchi kasal bo‘lib qolsa yoki jarohat olsa, men bu haqda yozma ravishda OFKga bildiraman hamda qanday davo muolajalari qilganimni va qanday dori vositalarini ishlatganimni hisobot tarzida yuborib turaman.

Ularda biror shubha paydo bo‘lsa, menga yoki O‘FAga albatta bildirgan bo‘lishardi. Agarda ushbu muammo dori vositasi yoki vitaminlar bilan bog‘liq bo‘lganida, o‘z e'tirozimizni bizni tibbiy ta'minlayotgan kompaniyaga bildirishimiz yoki qonun doirasida arz qilishimiz mumkin bo‘lardi. Hozirgi vaziyatning yana bir qiyin tarafi shundaki, darvozabonimiz qabul qilgan, Xitoyda ishlab chiqarilgan BFQni olib kelgan va sotgan vositachilar faoliyatining qonuniyligiga kafolat yo‘q.

O‘FAning qayd etishicha, Nesterovning doping masalasi ma'lum qilinganidan boshlab bugungi kungacha O‘FA mutasaddilari tomonidan ushbu vaziyatga oydinlik kiritish, Ignatiyning haq-huquqlarini himoya qilish, OFKning so‘nggi xulosasi imkoni boricha yumshoqroq bo‘lishi maqsadida barcha sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Top