23:18 / 26.02.2019
6378
Bojxona: Pochta jo‘natmasidagi psixotrop tabletkalar va ichki kiyimdagi geroin fosh qilindi
Foto: Davlat

Tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan dori vositalarini jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirishga tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, davolash kursining tavsiya etiladigan soni ko‘rsatilgan hujjatlar mavjud bo‘lgandagina ruxsat beriladi. Shunga qaramay, ayrim jismoniy shaxslarning mazkur tartiblarga rioya qilmasdan, tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan dori vositalarini bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tishga urinishlari ko‘zga tashlanmoqda. 

Yaqinda Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ana shunday urinishlar bartaraf qilindi. Jumladan, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari poytaxt aeroportida Dehlidan uchib kelgan fuqaro G.A.ning qing‘ir qilmishlarini fosh qilishdi. Ushbu shaxs bojxona nazoratidan “yashil” yo‘lak orqali o‘tayotib, 100 dona “Klonazepam” tabletkalarini yashirin ravishda olib kirmoqchi bo‘lgan vaqtida to‘xtatib qolindi. 

Shuningdek, uning yonida og‘zaki so‘rovda ma'lum qilinmagan 190 quti sifati kafolatlanmagan dori vositalari hamda 177 dona kosmetika va gigiyenik vositalar borligi aniqlandi. 

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida esa xorijiy davlatdan yuborilgan pochta jo‘natmalaridan birida psixotrop tabletkalar borligi aniqlandi. Poytaxtda istiqomat qiluvchi fuqaro B.N. nomiga yuborilgan bu jo‘natmada bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 100 dona “Brotizolam” tabletkasi yuborilgan ekan. Vaholanki, amaldagi qonunchilikka binoan mazkur turdagi tabletkalar muomalasi O‘zbekiston hududida cheklangan.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona postida esa nafaqat psixotrop, balki narkotik moddalarni ham olib kirishga uringan qo‘shni davlat fuqarosi to‘xtatib qolindi. U o‘zi bilan olib kirayotgan dori vositalari orasida 149 dona “Tramadol” psixotrop tabletkalari ham bor ekan. Bu shaxs xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, ichki kiyimi orasiga 1 dona polietilen o‘ram yashirilganligi aniqlandi. O‘ramdagi 24 grammdan ortiq modda esa ekspertlar xulosasiga ko‘ra, geroin giyohvand moddasi bo‘lib chiqdi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.   

Top