07:58 / 28.02.2019
9696

Misrda lokomotiv bilan yuz bergan halokatga ikki mashinist o‘rtasidagi mojaro sabab bo‘ldi

Foto: © AFP 2019 / Khaled Desouki

Misr poytaxti Qohirada lokomotivning stansiya platformasiga urilishi va undan keyin yong‘in chiqishiga ikkita teplovoz mashinistlari o‘rtasidagi mojaro sabab bo‘lgan. Bu haqda Misr bosh prokurori Nabil Sodiq ma'lum qildi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida 28 kishi halok bo‘lgan, 50 dan ko‘proq kishi jarohat olgan.

Ma'lum qilinishicha, Qohira markazida joylashgan Ramzes vokzalidagi platformaga urilgan lokomotiv mashinisti uning yo‘lini to‘sgan boshqa teplovoz mashinisti bilan gaplashib olish uchun o‘z teplovozini tark etgan. Ta'kidlanishicha, mashinist teplovozning dvigatelini ishchi holatda qoldirgan va tormozga qo‘ymagan.

Depoda joylashgan kuzatuv kameralaridagi videodan halokatga uchragan teplovoz yo‘lning ayrilish qismida turganini ko‘rish mumkin. Shu vaqt u tomon kichik tezlikda ikkinchi teplovoz yaqinlashgan va uning yonidan o‘tib ketmoqchi bo‘lganda unga siqilishib qolgan. Birinchi mashinist poyezdni joyidan siljitishga uringan, biroq bu natija bermagan. Shunda u hamkasbi bilan gaplashib olish uchun poyezdni tark etgan.

Shu vaqt ikkinchi mashinist janjaldan qochish uchun teplovozni orqaga yurdirgan. Shu vaqtda mashinissiz qolgan lokomotiv “iskanja”dan chiqib, tezlasha boshlagan va oqibatda katta tezlikda vokzaldagi platformaga borib urilgan.

To‘qnashuvdan keyin teplovozning yonilg‘i baki yonib, portlab ketgan, so‘ngra olov platforma va vagonlarga tarqalgan. Voqea joyida prokuratura ish olib borgan. Vokzalga bosh vazir tashrif buyurib, barcha aybdorlarni qisqa muddatlarda topib, jazolashga va'da bergan. 

Politsiya teplovoz mashinistini 27 fevral kechki vaqt Qohiradan shimolda joylashgan Manufiya viloyatida qo‘lga oldi.

Mavzuga oid
Top