14:51 / 01.03.2019
9328

O‘zbekistonda patologoanatomga foydalanilmagan mehnat ta'tillari uchun 68,9 mln so‘m undirib berildi

Foto: agesor.com.uy

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 151-moddasi 1-qismida mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qo‘shimcha ta'tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lanishi belgilangan.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi xabariga ko‘ra, shunga qaramasdan ayrim ish beruvchilar tomonidan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda foydalanilmagan ta'tillar uchun kompensatsiya pullarini oxirgi 3 yil uchun berish hollari mavjud. Bu esa, yuqorida ta'kidlangan Mehnat kodeksining 151-moddasiga ziddir.

Xuddi shunday holatga 1978 yildan Jizzax viloyat Patalogioanatomiya byurosining patalogoanatom vrachi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan X.Qayumov duch keladi. 

Ya'ni, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2018 yilda bekor qilinadi, ammo fuqaro X.Qayumov bilan oxirgi hisob-kitob qilinayotgan paytda unga foydalanilmagan mehnat ta'tillari uchun pullik kompensatsiya to‘lanmaydi.

Fuqaro X.Qayumov o‘z huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam so‘rab kasaba uyushmalariga murojaat qildi. Jizzax viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan fuqaro X.Qayumovning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga Jizzax viloyat Patalogoanatomiya byurosiga nisbatan xodimga foydalanilmagan mehnat ta'tillari uchun pullik kompensatsiya undirish haqida da'vo arizasi kiritildi.

Kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilgan sa'y-harakatlar natijasida da'vo arizasi qanoatlantirilib, jami foydalanilmagan mehnat ta'tillari 34 yilni tashkil etgani aniqlandi hamda shunga mutanosib ravishda 68 million 941 ming 44 so‘m miqdorida pullik kompensatsiya to‘lovlari undirib berilishiga erishildi.

Yuqorida ko‘rsatilgan holat yagona bo‘lmay, xodimlarning o‘z huquqlarini bilmasligi oqibatida bunday holatlar afsuski uchrab turibdi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top