8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

01:14 / 14.03.2019 33680

Samarqand viloyatida o‘ta yirik miqdordagi giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yildi

Shu yilning 9 mart sanasida Samarqand viloyati huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan Urgut tumani “Kamardon” MFY hududida o‘tkazilgan “nazorat tartibida giyohvandlik moddasini xarid qilish” keng qamrovli tezkor operatsiya natijasida Tojikiston Respublikasi fuqarosi U.A. ismli shaxs 1 kg 500 gramm “opiy” narkotik vositasini 13.500 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtida ushlanib, ushbu narkotik vosita daliliy ashyo sifatida xolislar ishtirokida hujjatlashtirilgan.

Samarqand viloyat IIB matbuot xizmatining Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, mazkur narkotik vositani U.A. bilan birgalikda o‘tkazishga kelgan tanishi — Sh.S.ning Tayloq tumanidagi yashash uyida tintuv o‘tkazilgan vaqtda, uning xonadonidagi molxonasi ichidagi somon tagidan 12 kg 446 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida olingan.

Foto: Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati

Olib borilgan qo‘shimcha tezkor surishtiruv tezkor tadbirlar natijasida Tojikiston Respublikasi fuqarosi U.A. hamda uning sherigi Sh.S.ning A.A. hamda Sh.Sh. kabi jinoiy sheriklari zudlik bilan aniqlanib, ulardan birining yashash uyida ko‘mib qo‘yilgan 2 kg 550 gramm geroin va 8 kg 790 gramm opiy giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Ikkinchisining uyida esa 1 kg 200 gramm opiy hamda 83 gramm geroin vositalari hujjatlashtirib olingan.

Foto: Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati

Qayd etib o‘tish kerakki, Samarqand viloyat huquq tartibot organlari tomonidan o‘ta tezkorlik bilan o‘tkazilgan bir qator tadbirlar natijasida mazkur giyohvandlik vositalarining viloyat va respublika hududida noqonuniy tarqalib ketishining oldi olindi. Hozirda ushbu holat bo‘yicha surishtiruv va tergov tadbirlari davom etmoqda.

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 7 nafar shaxsdan jami 2 kilogramm 633 gramm geroin va 24 kilogrammdan ziyod opiy (qoradori) giyohvandlik vositalari olinib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top