13:30 / 16.03.2019
12092

Zidanning qaytishi, Ikardisiz Milan derbisi, «iblislar» «bo‘rilar»ga qarshi – hafta o‘yinlari anonsi

Kelasi haftadan ligalarda qisqa tanaffus e'lon qilinadi va futbolchilar o‘z terma jamoalarida yig‘inlarga jalb qilinadilar. Tanaffus oldidan esa, bir qator qiziqarli uchrashuvlar bizni kutib turibdi. Ispaniyada Zidanning qaytishi, Italiyada Milan derbisi ko‘pchilikning e'tiboriga sazovor ekani shubhasiz. Angliyada esa, kubok o‘yinlari munosabati bilan bir qator o‘yinlar boshqa kunga ko‘chirilgan. Shunday bo‘lsa-da, ikki Manchester klubining navbatdagi sovrin uchun hozircha sirtdan davom etayotgan raqobatini tomosha qilish qiziq bo‘lsa kerak. Shuningdek, raqibining bu turni o‘tkazib yuborishidan foydalanib, "Liverpul" vaqtincha bo‘lsa ham, yana birinchi o‘ringa qaytishi mumkin.

ReAL – SeLTA (16 mart, 20:15)

Madridliklar uchun mart oyi yaxshi boshlanmadi. Jamoa avvaliga "Barselona"ga yengilib, Ispaniya kubogidagi kurashni to‘xtatgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay "Barselona"ga ikkinchi marta yutqazib, La Ligadagi imkoniyatini ancha pasaytirib yubordi. Keyin esa, "Ayaks" "Bernabeu"da benefis namoyish etib, 2010 yildan beri ilk marotaba "Real"ni Chempionlar Ligasi chorak finalisiz qoldirdi.

Ruslarda "baxt bo‘lmas edi, agar bir baxsizlik bo‘lmaganda..." ma'nosidagi ibora bor. Uch yil oldin ham "Real" Rafa Benites boshchiligida jar yoqasiga kelib qolgan va u iste'foga chiqarilib, o‘rniga Zayniddin Zidan tayinlangandi. Voqeaning uyog‘ini juda yaxshi bilasiz. So‘nggi haftadagi mag‘lubiyatlar Madrid jamoasi muxlislari uchun umidbaxsh bo‘ldi, deb aytish mumkin, zero fransiyalik murabbiy yana "Real"ni boshqaradigan bo‘ldi. Bu safar Zidan YeChL uchun kurashishga kech qolgan bo‘lsa-da, muxlislar undan jamoani yana o‘zgartirishni va kelasi mavsumda yana barcha musobaqalar uchun asosiy da'vogar bo‘lgan "Real"ni qurishni kutmoqdalar. Balki yozda bir qator e'tiborli transferlar amalga oshirilar ham.

Xullas, jamoaning yangi tarixi aynan shu o‘yindan boshlanadi. Zidan ikkinchi marta "Real"da debyut qiladi. Turnir jadvali nuqtai nazaridan, bu o‘yin aytarli ahamiyat kasb etmasa-da, uni tomosha qilish qiziq bo‘ladi. Bu o‘yinlar orqali Zidan kelasi mavsum uchun qaysi futbolchilarga ishonishini payqash mumkin. Xo‘sh, Marseloni tarkibdan siqib chiqargan Regilon o‘sishda davom etadimi yoki biz yana braziliyalik himoyachining yuqori darajasini ko‘ramizmi? Beylning Madriddagi umri yakunlanib bormoqdami? Vaskes, Asensio, Sebalos, Lorente kabi yosh yulduzlarning keyingi taqdiri nima bo‘ladi? Xullas, "Real"ning har bir keyingi o‘yini Zidanning xulosalari uchun asos bo‘lib hizmat qilsa ajab emas.

"Selta"ning ham o‘z kurashi bor, albatta. Vigoliklar 27 o‘yindan 25 ochko to‘plab, xavfli zonada, 18-o‘rinda bormoqdalar. Albatta, jamoa La Ligadagi o‘rnini saqlab qolish uchun raqibdan qat'i nazar har bir o‘yinda ochko uchun kurashishi tabiiy.

VULVeRHEMPTON - MANCheSTeR YuNAYTeD (17 martga o‘tar kechasi, 00:55)

Bu hafta Angliyada tur o‘yinlari to‘liq bo‘lmaydi. Angliya kubogidan chiqib ketmagan jamoalar ushbu musobaqadagi kurashni davom ettirishadi. Jumladan, "Manchester Yunayted" safarda "bo‘rilar" mehmoni bo‘ladi.

“MYu”ning raqibi jiddiy. "Vulverhempton" Angliyada top-klublar safida bo‘lmasa-da, aynan top-6 dagilarga qarshi o‘yinlarda muvaffaqiyatli o‘ynaganini alohida e'tirof etish kerak. Masalan, Londondagi o‘yinlarda "Tottenhem" ustidan g‘alaba, "Arsenal" va "Chelsi" bilan o‘yinlarda durang alohida e'tirofga arziydi. "Manchester Siti" ham joriy mavsumda ilk marta aynan "Vulverhempton" bilan o‘yinda ochko yo‘qotgandi. "Liverpul"ni Angliya kubogidan chiqarib yuborgan jamoa ham shu. U qadar uzoqqa ketmasak, Premer Ligadagi birinchi davradagi o‘yin "Old Trafford"da bo‘lib o‘tib, o‘shanda 1:1 hisobi qayd etilgandi. Xullas, Sulsher shogirdlariga bugun oson bo‘lmasligi tayin.

Boshqa tarafdan, "Manchester Yunayted" aynan safar o‘yinlarida ishonchliroq harakat qilayotganini ta'kidlash kerak. Jamoa Sulsher qo‘l ostida qatorasiga to‘qqiz safar o‘yinida g‘alaba qozondi. Faqatgina o‘tgan turda, "Emiraytes"da mezbonlar g‘alaba qozonishgan bo‘lsa-da, o‘sha o‘yinni ham "MYu" yomon o‘tkazmagan va bir qator xavfli vaziyatlar yaratgandi.

Tarkib borasida mezbonlarda jarohatlar ham, diskvalifikatsiyalar ham yo‘q. Mehmonlar safida esa, juda ko‘p yo‘qotishlar asta-sekin o‘rnini to‘ldirib borayotgan bo‘lsa-da, yangi jarohatlar paydo bo‘lmoqda. Xususan, qatorasiga uch o‘yinda dubl qayd etib, "iblislar"ning asosiy hujumchisiga aylanib borayotgan Romelu Lukaku jarohat oldi. Uning o‘rnini endi jarohatdan tiklangan Antoni Marsyal egallashi mumkin. Shuningdek, Mata, Valensiya, Sanches, Errera, Jons, Darmiyan kabi futbolchilar tiklanib ulgurishgani yo‘q. Jyessi Lingard ham to‘liq sport formasida emas. Bundan tashqari, jamoa sardori Eshli Yang diskvalifikatsiya tufayli bu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.

Darvoqe, ushbu turnirda top jamoalardan "Manchester Siti" ham qolgan. "Shaharliklar" bu bosqichda "Suonsi" mehmoni bo‘lishadi.

SPARTAK - ZeNIT (17 mart, 21:00)

Rossiya chempionatining klasikolaridan biri. Piter va Moskva qarama-qarshiligi. "Zenit" nihoyat to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng yana shohsupaga qaytish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Semak shogirdlari 5 ochkolik farq bilan turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turishibdi. "Spartak" esa, aynan shu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali bu poygaga qo‘shilishi mumkin. O‘shandagina "Spartak" va "Zenit" o‘rtasidagi farq 5 ochkoga yetadi va "qizillar" ham mavsumning qolgan qismidan umid qilishlari mumkin. Aks holda, o‘rtadagi sakkiz ochkolik farq yanada ortishi va "Spartak"ning chempionlik orzusi kamida bir yilga "ko‘milishi" mumkin.

Albatta, ijobiy natija uchun mezbonlarda turli umidbaxsh raqamlar bor, masalan, "Spartak" oxirgi uch o‘yinda "Zenit"ga yutqazmagan. Aynan Moskvadagi o‘yinlarda "Zenit" oxirgi marta 2012 yilda ustun kelgan. Shuningdek, mezbonlar o‘z maydonlaridagi oxirgi 8 o‘yinda kamida bir marotaba bo‘lsa ham, raqib darvozasini ishg‘ol qilishning uddasidan chiqishmoqda.

Aynan qishki tanaffusdan keyingi o‘yinlarga ahamiyat bersak, "Zenit" har ikki o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi. Hujum chizig‘ida yangi kuch - Sardor Ozmunning paydo bo‘lgani ham e'tiborga arziydigan voqea. Ammo Yevropa Ligasidagi o‘yinlar omadsiz yakunlandi. "Vilyareal"ga har ikki o‘yin boy berilib, Yevropadagi yurish yakuniga yetdi.

"Spartak" esa, raqibidan farqli ravishda, bahorni qiyinroq raqiblarga qarshi boshladi. "Krasnodar" bilan durang qayd etgan bo‘lsa, "Dinamo" bilan derbida 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo Rossiya kubogida "Ural"ga yutqazib qo‘ydi.

Uchrashuvga tayyorgarlik borasida, mezbonlar tarkibida muammolar ko‘proq deyish mumkin. Yeshenko, Rebrov, Fernando kabi futbolchilarning safga qaytishlariga ancha bor. "Zenit" safida Kuzyayev, Yeroxin kabi futbolchilar safga qaytishga yaqin turgan bo‘lsalar-da, aynan bu o‘yinga tayyor bo‘la olmaydilar. Shuningdek, "Spartak" o‘tgan turdan beri tiklanish bilan mashg‘ul bo‘lgani, "Zenit" esa, payshanba kuni Yevropa Ligasida Ispaniyaga safar qilganiga ahamiyat bersak, jismoniy tomondan mezbonlar ancha tetik bo‘lishlarini taxmin qilish mumkin. 

EVeRTON - CheLSI (17 mart, 21:30)

"Chelsi" hozirda turnir jadvalida 6-o‘rinda borayotgan bo‘lsa-da, raqobatchilardan bir o‘yin kam o‘tkazgan va yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha "MYu"dan ustunroq, "Arsenal" bilan esa, teng holatda turibdi. "MYu" va "Arsenal" bu turda maydonga tushmasligini e'tiborga olsak, "Chelsi"da o‘z o‘yinini yutib, kuchli to‘rtlikka kirib olish imkoniyati mavjud.

Aytish mumkinki, "Chelsi"ning bir oy oldingi muammolari ortga chekindi. Roppa rosa bir oy oldin londonliklar avvaliga "Siti"dan 0:6, keyin esa, "Yunayted"dan 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan va jamoadagi ichki muhit ham yomonlashib ketgandi. Shundan beri "Chelsi" 7 o‘yinda maydonga tushdi va birorta ham o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadi. Bu orada "Tottenhem" ham muhim o‘yinda "yer tishlatildi", Yevropa Ligasida Kiyevning "Dinamo" klubi umumiy 8:0 hisobida mag‘lub etildi. Demak "Chelsi" yana kurashda!

Lekin raqib anoyi emas. "Everton" Angliyada tarkib va salohiyat borasida Top-6 ga eng yaqin jamoa sanaladi. Birinchi davrada beqarorlik kuzatilgan bo‘lsa-da, hozirda jamoaning ishlari joyida, buni biz "Liverpul"ga qarshi o‘yinda ham ko‘rdik. Umuman "Chelsi"ga qarshi uy uchrashuvlarida ham "Everton" yomon natija qayd etmagan – oxirgi 9 o‘yinning 5 tasida mezbonlarning qo‘li baland kelgan. Agar hozirda "Everton"ni xavfli zonadan atigi 7 ochko ajratib turganini va mavsum oxirlarida yana "Arsenal", "MYu", "Tottenhem" kabi jamoalarga qarshi o‘yinlar kutib turganini e'tiborga olsak, "Everton"ning ham "Chelsi" bilan o‘yinda mag‘lub bo‘lishga haqqi yo‘q. Juda qiziqarli o‘yin ko‘rishimiz shubhasiz.

MILAN - INTeR (18 martga o‘tar kechasi, 00:30)

Nihoyat 2011 yildan beri ilk marotaba Milan derbisini katta afisha sifatida taqdim eta olamiz. Aynan o‘shanda bu ikki jamoa o‘zaro o‘yinda maydonga kuchli to‘rtlik vakili sifatida tushgandilar. Shundan beri yo "Milan" yoki "Inter", ba'zida har ikkisi ham peshqadamlikdan uzoq jamoa sifatida derbini boshlagandilar. Hozir "Milan" 50 ochko bilan uchinchi, "Inter" esa, 49 ochko bilan 4-o‘rinni band etgan va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda ikkisi ham asosiy da'vogarlardan. Pastroqdan "Roma" quvib kelayotganini inobatga olsak, bu o‘yinda ochko yo‘qotilishi kuchli to‘rtlikdagi o‘rinni xavf ostida qoldirishi turgan gap.

Shu o‘rinda avvalo "Milan"ni e'tirof etish lozim. "Yuventus"ga qarshi Superkubok bahsini aytmasa, jamoa oxirgi marta o‘tgan yilning oxirida mag‘lubiyatga uchragandi. Shundan beri 9 tur "Milan" kamida bir ochko olishning uddasidan chiqdi, oxirgi besh o‘yinda esa, faqat g‘alaba qozonib kelmoqda. Albatta, bu ajoyib seriyaga yanvar oyida jamoaga kelib qo‘shilgan Kshishtof Pyontekning ta'siri katta bo‘ldi.

"Inter" esa, aksincha, mavsum boshida "Yuventus"ga qarshilik qilishi mumkin bo‘lgan eng asosiy nomzod maqomidan, beqaror jamoaga aylanib qoldi. Ikardi bilan bog‘liq muammolar so‘nggi paytlarda "Inter"ning faqat salbiy tomondan munozara qilinishiga sabab bo‘lmoqda. "Torino", "Kalyari" va ""Bolonya"dan uchralgan mag‘lubiyatlar esa, shunday muammolarning oqibatidir. "Inter"ning kuchli to‘rtlikdagi o‘rni ham xavf ostida, uch kun oldin esa, jamoa o‘z maydonida "Ayntraxt"ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va Yevropa Ligasida kurashni to‘xtatdi. Ayni shunday paytda jamoa muhitiga ijobiy havo olib kelish va muxlislar so‘nggi paytlardagi omadsizliklarni unutishlari uchun Milan derbisidagi g‘alaba ayni muddao bo‘ladi.

Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi o‘yinlar nihoyatda keskin o‘tgan va faqat minimal hisob yoki duranglar qayd etilgan. A Seriyadagi so‘nggi ikki g‘alaba "Inter" tomonida bo‘lgani va har ikki o‘yinda ham g‘alaba goli so‘nggi daqiqalarda ro‘y berganini eslash mumkin. Qizig‘i, mana shu hal qiluvchi gollar Mauro Ikardi tomonidan urilgan va u navbatdagi Milan derbisida maydonga tushmaydi. Demak derbi yangi qahramonga muxtoj, balki u yuqorida tilga olingan Kshishtof Pyontek bo‘lar?

BOShQA O‘YINLAR

16 mart. SPAL - Roma (22:00), Suonsi - Manchester Siti (22:20), Herta - Borussiya D (22:30), Atletik - Atletiko (22:30).

17 mart. Jyenoa - Yuventus (16:30), Lokomotiv - Krasnodar (18:30), Fulhem - Liverpul (19:15), Bavariya - Mayns (22:00), Napoli - Udineze (22:00), Betis - Barselona (18 martga o‘tar kechasi, 00:45), PSJ - Marsel (18 martga o‘tar kechasi, 01:00).

Top