Birinchi davra davomida juda tig‘iz va murosasiz tuyulgan APL jadvalida hammasi tartibga tushgan va «Manchester Siti» muddatidan oldin chempionlikni nishonlash yo‘liga tushgan bo‘lsa, Ispaniyada aksincha, shu paytgacha bo‘lmagan intriga qaytib qolishi mumkin. Italiyada esa «Milan» yopishish uchun so‘nggi has ilinjida. Yevropa milliy chempionatlari navbatdagi dam olish kunlari ham bizni zeriktirmaydi.

MANCheSTeR SITI – VeST HEM (27 fevral, 17:30)

Angliyada 2021 yilning eng yaxshi natija ko‘rsatayotgan ikki jamoasi o‘zaro to‘qnash keladi. Ulardan biri «Vest Hem» ekani chindanam syurpriz, ammo David Moyyes shogirdlari hozirda kuchli to‘rtlikda bekorga emasliklarini maydonda ham isbotlashmoqda. Gap faqat qulay taqvimda emas, «Vest Hem» so‘nggi ikki oyda «Everton», «Aston Villa», «Tottenhem» kabi raqobatchilari ustidan ham g‘alaba qozondi. Birinchi davrada «Lester» ham yirik hisobda mag‘lub etilgandi.

Lekin shuni ham tan olish kerakki, yaxshi formada bo‘lgan top-klublarga qarshi «bolg‘achilar» yetarli qarshilik qila olishmayapti. Masalan, «Vest Hem»ning APLdagi 6 mag‘lubiyatidan 5tasi aynan top-raqiblar – «Liverpul» (ikki marta), «Arsenal», «MYu» hamda «Chelsi»ga qarshi o‘yinlarda bo‘lgan. Ha, bu ro‘yxatda «Manchester Siti» yo‘q – birinchi davradagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlangandi. Bu voqeaga ham shu qadar ko‘p bo‘ldiki, go‘yoki o‘sha «Siti» umuman boshqa jamoa bo‘lgandek. Hozirgi «Siti» barcha musobaqalarda 19 o‘yindan beri faqat g‘alaba qozonayotgan, o‘zi ishtirok etayotgan barcha turnirlarda yaqqol favoritga aylangan «Siti»...

«Vest Hem» uchrashuvda Yarmolenko, Ogbonna, Masuaku kabi asosiy tarkib o‘yinchilari yordamidan foydalana olmaydi. Shuningdek, Frederiksning ham holati so‘roq ostida. «Manchester Siti» tarkibi va uning sifati shu qadar yuqoriki, biror-bir futbolchining yo‘qligi haqida fikr yuritish ham ma'nosiz. Zero, jamoa Kevin De Bryuynening jarohatini ham sezmasdan o‘tkazib yubordi. Birgina Natan Ake hamon to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q.

Shunday bo‘lsa-da, hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida «Borussiya»ga qarshi maydonga tushgan manchesterliklar tarkibida bir qator rotatsiya amalga oshirilishini ham kutsa bo‘ladi. Jamoaning yaqin ta'qibchilari «MYu» va «Lester» bu turda mos ravishda «Chelsi» va «Arsenal»ga qarshi to‘p suradi. Demak, Pep Gvardiola jamoasida balki o‘rtadagi ochkolik farqni yanada oshirish imkoni turibdi.

SeVILYa – BARSeLONA (27 fevral, 20:15)

«Barselona» Kuman boshchiligida bir amallab turnir jadvalida yuqorida borayotgan bo‘lsa-da, yuqori saviyali jamoalarga qarshi o‘yinlarda o‘ta ishonchsiz o‘yin ko‘rsatmoqda. Chempionlar Ligasida Turindagi g‘alaba «Kamp Nou»da mag‘lubiyat bo‘lib qaytdi, «El Klasiko»da ham, «Atletiko»ga qarshi o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchraldi. «PSJ»dan yirik mag‘lubiyat. «Sevilya» bilan birinchi davradagi o‘yinda ham 1:1 hisobi qayd etilgandi. «Sevilya» bilan Qirollik kubogi uchun dastlabki bahs ham yodimizda – andalusiyaliklar 2:0 hisobida ustun kelgandi. Xullas, «Barselona» hech bo‘lmasa birorta sovringa ilinishni istasa, top-o‘yinlarni yutishni boshlashi kerak, masalan, «Sevilya»ga qarshi mana shu uchrashuvni.