Sport | 20:00 / 17.03.2019
30146
8 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu «Real» uchun qasos olib, finalda Messiga qarshi o‘ynaydimi? YeChL juftliklari haqida

Foto AFP

Chempionlar ligasining chorak finali uchun qur'asi shunday ko‘rinish oldiki, 1 iyun kuni kubok uchun final o‘yinida Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu bir-biriga qarshi maydonga chiqishi mumkin.

Nimchorak finalning javob uchrashuvlarida Ronaldu «Atletiko» darvozasiga het-trik qilib, jamoasini keyingi bosqichga olib o‘tdi, Lionel Messi esa «Lion»ga hukm o‘qidi, uning ikki goli va ikki golli pasi birinchi o‘yinda golsiz durang qayd etgan fransuzlarni turnirni yirik mag‘lubiyat bilan tark etishga majbur qildi. 

Krishtianu Ronalduni Turinga YeChL kubogini yutish uchun olib kelishgan, Lionel Messi ham o‘tgan yilning avgustida mavsum uchun asosiy vazifa - «quloqli kubok»ni Kataloniya poytaxtiga qaytarish ekanini aytgandi. Qur'adan keyin ma'lum bo‘ldiki, bu ikki yulduzning jamoalari finalga qadar o‘zaro to‘qnashmaydi.

10 yil davomida Ronaldu va Messi aqlbovar qilmas o‘yinlar ko‘rsatib, 5 martadan «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishdi. «Real» va «Barselona» esa Chempionlar ligasida jami 7 marta g‘olib bo‘ldi (3 marta ko‘k-anorranglilar, 4 marta «qaymoqranglilar»). Lekin zamonaning bu ikki buyuk futbolchisi YeChL finalida faqat 1 marta to‘qnash kelishgan - 2009 yilning mayidagi finalda hali Krishtianu Ronaldu «MYu» libosida to‘p surardi. O‘shanda ser Aleks Fergyusonning oxirgi yillarini boshdan kechirayotgan manchesterliklar Pep Gvardiola qo‘li ostida yangi davrni boshlayotgan «Barselona» qarshisida ojiz qolishgandi.

O‘tgan yillar davomida ikki futbolchi Ispaniyada klasikolarda ko‘p marta o‘zaro to‘qnash kelishdi, ammo ularni katta finallarda bir-biriga qarshi ko‘rmadik - na klublar darajasida va na terma jamoalar darajasida (Ispaniya Kubogi va Ispaniya Superkubogi hisob emas, bu turnirlarga qiziqish darajasi yuqori emas).

Ronalduning Italiyaga ketishi ikki yulduz atrofidagi bahs-munozaralarni yangi bosqichga olib chiqdi - endi portugaliyalik futbolchi boshqa bir top-chempionatda ham o‘zini ko‘rsatayotgani, argentinalik futbolchi esa o‘zi uchun qulay sharoit hosil qilingan qadrdon jamoasidan tashqariga chiqmasligi haqida gapira boshlashdi.

Bu mavsumdagi bahslar uchun 1 iyun kuni «Vanda Metropolitano»da bu ikki yulduzning to‘qnashuvi o‘ziga xos mantiqiy yakun bo‘lgan bo‘lardi.

Albatta, bunday final barcha bahslarga oxirgi nuqtani qo‘ya olmaydi. Lekin futbol dunyosi Ronaldu boshchiligidagi «Yuventus» va Messi boshchiligidagi «Barselona» o‘rtasidagi qarama-qarshilikka guvoh bo‘lishga haqlidir. Buning uchun esa, jamoalar 4tadan uchrashuv o‘tkazib, kerakli natijalarga erishishi kerak bo‘ladi. Raqiblar ham finalga chiqishni istaydi, masalan, «Barselona» yo‘lida dastlab «MYu» chiqadi. Agar bu to‘siqdan o‘ta olsa, katalonlarni yarimfinalda «Manchester Siti» va «Tottenhem» juftligi g‘olibi kutib turadi.

Juftliklardagi vaziyat

Foto AFP

«MYu» - «Barselona»
La Liganing bu sakkizlikdagi oxirgi vakilini chorak finalda «eski tanish» bo‘lmish «Barselona» kutmoqda. Keyingi 10 yil ichida bu jamoalar YeChLda ikki bor to‘qnash kelishgan, ser Aleks Fergyuson boshchiligidagi «qizil iblislar» 2009 va 2011 yillarda ikki bor «Quloqli kubok»ni to‘rtinchi bor o‘ziniki qilishga yaqin kelgan, ammo ikki safar ham Pep Gvardiolaning «Barsa»si ustun kelgandi. Endi manchesterliklarda o‘sha alamli mag‘lubiyatlar uchun o‘ch olish imkoniyati yuzaga kelgan.

«PSJ» ustidan Parijda qozonilgan g‘alaba Ole Gunnar Sulsher o‘z jamoasi futbolchilarini mo‘jizaviy o‘yinga tayyorlay olishi mumkinligini ko‘rsatdi. Neymar va Mbappe «MYu»ning qurboniga aylandi. Navbat Messi va Suaresga kelishi mumkinmi?

«Liverpul» - «Portu»
Birinchi juftlik g‘olibi yarim finalda «qizillar» va «ajdarlar» juftligi g‘olibiga ro‘baru keladi. «Liverpul» 1 yil muqaddam nimchorak finalda portugallarga qarshi o‘ynagan, Klopp shogirdlari «Dragau»dagi birinchi o‘yindayoq 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, qarama-qarshilik taqdirini hal qilgandi. Yaqindagina «Bavariya»ni ojiz qoldirgan inglizlar bu safar ham yaqqol favorit sifatida ko‘rilmoqda.

«Ayaks» - «Yuventus»
Amsterdamliklar ko‘pchilik uchun kutilmaganda Madridda «Real»ning qatorasiga to‘rtinchi chempionlik uchun yurishini to‘xtatdi va madridliklarning Yevropadagi gegemonligiga chek qo‘ydi. Endi «ayaksid»ni madridliklarning gegemonligi davrida asosiy figura bo‘lgan Ronalduning yangi jamoasi «Yuventus»ga qarshi bahs kutmoqda. O‘z navbatida, portugaliyalik hujumchida sobiq jamoadoshlari uchun o‘ch olish imkoniyati mavjud.

Ronalduning het-trigi «Atletiko»ni o‘z uyida o‘tadigan YeChL finalida tomoshabin bo‘lishga majbur qildi. Endi uning gollari turinliklarga «Ayaks»dan bir bosh balandligini isbotlash uchun zarur. Hozirgi «Yuventus» hozirgi «Real»dan birmuncha kuchli, ammo «Ayaks»da ham «oltin avlod» yetishib chiqqan.

«Tottenhem» - «Manchester Siti»
YeChLning chorak finalida «inglizcha choyxo‘rlik»dan qochib qutilib bo‘lmadi. Keyingi 10 yil ichida ilk marta APLdan birato‘la 4 jamoa chorak finalga chiqdi va endi kamida bitta ingliz jamoasi yarimfinalda bo‘lishi uchun ikkita ingliz klubi o‘zaro o‘ynaydi. Ularning joriy mavsumdagi yagona uchrashuvi o‘tgan yilning oktyabrida o‘tkazilgan, o‘shanda «shaharliklar» Londondagi o‘yinda minimal hisobda g‘alaba qozonishgan.

YeChLda «shporlar» 8 yildan buyon chorak finalga chiqa olmagan (2010/2011 yilgi mavsumda londonliklar chorak finalda o‘ynab, «Real»ga qarshi ikki o‘yinda 0:4 va 0:1 hisoblarida mag‘lub bo‘lgandi), «Ayaks» esa keyingi 16 yil ichida YeChLning bu bosqichida o‘ynamagan. Agar «Siti» va «Yuve» o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonsa, yarimfinalda Xosep Gvardiola OAVda o‘zining keyingi jamoasi deb aytilayotgan «Yuventus»ga qarshi o‘ynaydi. 

Mavzuga oid