18:19 / 30.03.2019
77836

Eng qimmat avtomobillarga ega davlat rahbarlari

Bugungi kunda avtomobillar harakatlanishning eng ommabop vositasiga aylanib ulgurgan. Ko‘pchilik xaridorlar avtomobil xarid qilganida ko‘rinishi, tejamkorligi, narxi va ommabopligi kabi dastlabki talablarni hisobga olishadi. Ammo davlat rahbarlariga xizmat qiluvchi avtomobillarga qo‘yiladigan talablar butunlay boshqacha. Ular hashamat va qudratni ifoda etishi, ichidagi inson uchun barcha qulayliklarni taqdim etishi hamda eng muhimi yuqori darajadagi xavfsizlikni ta'minlay bilishi shart. Ana shunday avtomobillar yettiligi bilan tanishib ko‘ramiz.

7. Buyuk Britaniya - Jaguar XJ Sentinel, qiymati 455 ming dollar

Buyuk Britaniya bosh vaziriga xizmat qiluvchi asosiy avtomobil zirhlangan, 5,0 litrli V8 turbodvigatelga ega. Ko‘plab xususiyatlari maxfiy tutiladigan bu avtomobil kuzovi titan, kevlar kabi qotishmalardan ishlangan. Oynalari o‘q o‘tkazmaydigan mashina kislorod ballonlariga ham ega va gaz hujumiga ham bardosh beradi. Jaguar XJ Sentinel ichida tungi ko‘rish moslamasi mavjud. Yuqori sifatli ekran maxsus aloqa tizimi orqali videokonferensiya o‘tkazish imkoniyati beradi.

6. Tailand - Limuzin Maybach 62, 500 ming dollar

Bu davlat qirolining sevimli avtomobili ko‘plab mashinalar avtoparkida alohida o‘rin tutadi. V12 dvigatel hashamdor salon, yuqori xavfsizlik, ajoyib kuzov bilan uyg‘unlashib, qirol qudratining ramzi sifatida harakatlandi.

5. Rossiya – Prezident “Kortej”i, aniq qiymati ma'lum emas, umuman yaratilish loyihasiga 8 mlrd rubl sarflangan.

Rossiya prezidenti uchun mo‘ljallangan bu loyiha mahsuli bo‘lgan “Kortej” yaratilishi uchun jami dunyo bo‘ylab 130 dan ortiq ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganlar. Lekin bu mahsulot faqat prezident uchun xizmat qilmay, bosh vazir, asosiy mehmonlar uchun ham mo‘ljallangan. O‘ta kuchli zirh, o‘q o‘tkazmas oynalar kabi standart xavfsizlik vositalaridan tashqari bu mashinada hatto katapulta tizimi ham joriy qilingan.

4. Vatikan - Mercedes-Benz M-klass, 525 ming dollar

Bir qarashda bu avtomobil oddiy o‘yinchoqqa o‘xshaydi. Lekin yagona nusxada maxsus ishlangan bu mashinaning ahamiyat juda ulkan. Ma'lumki Rim papasi ko‘p suiqasdga nishon bo‘luvchi insonlar toifasiga kiradi. Bu avtomobil esa unga o‘z hayoti uchun xavfsiramagan holda qavm orasiga kirish, ommaviy duolar qilish imkonini beradi. “Papamobil” uchun Vatikan yarim milliondan ortiq mablag‘ni sarflagani bejizga emas.

3. Xitoy - Hongqi Limousine, 802 ming dollar

Xitoyda Hongqi limuzinining obro‘si baland. “Qizil bayroq” degan ma'no beruvchi bu nom ostidagi avtomobilga 381 ot kuchiga ega V8 dvigatel o‘rnatilgan. Ulkan vazniga qaramay unga 100 km/soat tezlikka chiqish uchun 8 soniya kifoya qiladi. Maksimal tezligi 220 km/soat bo‘lgan bu mashinadan nafaqat oliy rahbariyat, balki ko‘pchilik badavlat insonlar ham foydalanadilar.

2. AQSh - Cadillac One, 1,5 mln dollar

AQSh dunyoning eng qudratli davlati bo‘lgani holda uning prezidenti xavfsizligiga nihoyatda katta e'tibor qaratiladi. 80 yildan buyon prezidentlar uchun mashinalar tayyorlab kelayotgan General Motors kompaniyasining alohida loyihasi bo‘lgan bu avtomobil hatto prezidentga mos qon namunasini ham saqlaydi. Eshiklari qalinligi 20 sm lik bu vositaning ichida barcha qulayliklar mavjud.

1. Angliya qirolichasi uchun - Bentley State Limousine, 15,2 mln dollar

Dunyoning eng qudratli davlati AQSh bo‘lsa ham uning prezidenti qirolicha mashinasiga havas qilsa arziydi. Sababi qiymatlardagi farq roppa-rosa 10 barobarga teng.

15 mln. dollarlik Bentley State Limousine barcha qulayliklarni jamlagani holda hashamatning yaqqol namunasi hamdir. Brendning 50-yilligiga va qirolicha uchun maxsus yaratilgan bu avtomobilning yana bir nusxasini topib bo‘lmaydi. Eng qizig‘i, keksa yoshiga qaramay bu avtomobilni hanuz qirolichaning o‘zi vaqti-vaqti bilan boshqarib turadi.

Ma'lumot uchun: Buyuk Britaniya hududida zarur hujjatlarsiz avtomobilni boshqarish huquqiga ega yagona shaxs qirolichadir.

Abror Zohidov tayyorladi.

Top