09:29 / 04.04.2019
4298

Nissan’ning sobiq rahbari Karlos Gon yana hibsga olindi 

Foto: Global Look Press

Yaponiyada Nissan Motor Co. kompaniyasining sobiq rahbari Karlos Gon yana hibsga olindi. U garov puli evaziga ozodlikka chiqarilgandan bir oydan kamroq vaqtdan keyin yana panjara ortiga jo‘natildi, deb xabar berdi The Mainichi nashri.

Nashrda ta'kidlanishicha, Gon hibsga olinishidan bir kun oldin 11 aprelda matbuot anjumani o‘tkazishi va unda “yuz berayotgan voqealar haqida barcha haqiqatni” so‘zlab berishga va'da bergan.     

Xabardor manbalar ma'lumotlariga ko‘ra, Gonning navbatdagi hibsga olinishiga u tomonidan 2012 yildan ummonlik distribyutorga to‘lovlarning bir qismining o‘zlashtirilishi sabab bo‘lgan. Prokurorlar Gonni 563 mln yyenga (5 mln dollar) yaqin pulni o‘zlashtirganlikda gumon qilishmoqda.

Manbalarning ta'kidlashicha, pullar yaxtalar va boshqa qimmatbaho buyumlarni xarid qilishga sarflangan bo‘lishi mumkin.
 
Gonga Yaponiyada 11 yanvarda moliyaviy bitimlar haqidagi qonunni buzish va xizmat mavqeini suiiste'mol qilish bo‘yicha ayblovlar bildirilgan. Mart oyi boshida Gonning yangi advokati uning garov puli va Yaponiyani tark etmaslik haqidagi tilxati evaziga ozod qilinishiga erishgan.

Top