Mudofaa vazirligi askarlari harbiy qasamyod qabul qildi
Bugun, 14 aprel kuni Chirchiq poligonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlariga joriy yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan oddiy askarlarni harbiy qasamyodga keltirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Tantanali marosimda O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov, mas'ul ofitserlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, askarlarning ota-onalari ishtirok etdi. Shuningdek, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida Chirchiq shahridan ikki ming nafarga yaqin yoshlar qatnashdi.
Harbiy qasamyodga keltirish marosimidan so‘ng, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining kursantlari tomonidan tayyorlangan qurol bilan saf elementlari va qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri jamoasi, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar mehmonlar e'tiboriga havola etildi.
Amir Temur tavalludining 683 yilligi munosabati bilan bilim yurti askarlari tomonidan tayyorlangan tarixiy sahna ko‘rinishi namoyish etildi.
Shuningdek, poytaxtimizdagi “Vatanga qasamyod” monumenti oldida Toshkent garnizonidagi harbiy qismlarning muddatli harbiy xizmatchilari ham harbiy qasamyod qabul qildilar.
Tadbirlar davomida muddatli harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Prezidentining sovg‘asi — Amir Temurning “Temur tuzuklari” va “O‘zbekiston tarixi” kitoblari tantanali tarzda topshirildi.
Mavzuga oid
19:25 / 23.11.2024
Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
20:51 / 18.11.2024
“Qurollar qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, milliy g‘urursiz ish bitmaydi” - maktablarga harbiy darslar nega kerak?
18:23 / 07.11.2024
Chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi
17:54 / 31.08.2024