8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

13:11 / 28.04.2019 132756

Shveytsariya sudi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ikkita muhim qaror qabul qildi

Foto: Nader Daoud, Wikipedia

Shveytsariya federal jinoyat sudi Toshkentdagi jazoni ijro etish koloniyalaridan birida jazo o‘tayotgan Gulnora Karimova (O‘zbekiston Respublikasi sobiq prezidentining to‘ng‘ich qizi) ishi bo‘yicha ikkita muhim qaror qabul qildi, deb yozmoqda Nashagazeta.

Nashrning Le Temps gazetasiga tayanib yozishicha, federal jinoyat sudi (TPF) qarorlaridan biriga ko‘ra, uch dona superkarning sotuvi bekor qilinadi. Umumiy narxi 1 million shveysar frankidan oshiqroq bo‘lgan Mercedes-Benz SLR2DR, Bentley Arnage va Range Rover Sport V8 avtomashinalari Gulnora Karimova tomonidan 2009 yilda 18,2 million frank evaziga xarid qilingan Koloni pomestesi hududida qoladi. TPF’ning qayd etishicha, avtomashina kalitlari 2013 yilda musodara qilingan, biroq o‘tgan yillar davomida prokuratura (MRC) ularning taqdiri bilan qiziqmagan.

Sudning ikkinchi qarori esa bu ish bilan ko‘p yillardan buyon shug‘ullanayotgan prokuror Patrik Lamonning 2018 yilning sentyabrida O‘zbekistonga norasmiy tashrifi bois almashtirilishi bilan bog‘liq. Toshkentga u konfederatsiya bosh prokurori Mikael Lauber va MRC’ning boshqa xodimlari bilan birga borgan. Gulnora Karimovaning advokatlari mazkur tashrif borasida tayinli tushuntirish ololmagan va uni shubhali deb topishga erishgan. Natijada, ishning borishiga bevosita ta'sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan Patrik Lamon endi boshqa ishni tergov qilish bilan shug‘ullanadi.

O‘z navbatida, prokuratura Toshkentga tashrifdan maqsad tergov davomida o‘zaro yordam ko‘rsatish shartlarini aniqlashtirib olishdan iborat bo‘lganini ta'kidlagan. TPF’ning xulosasiga ko‘ra, tergov boshlig‘ining safari uning ishida foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan, biroq u Shveytsariyaga qaytganidan so‘ng ishda yangi ma'lumotlar paydo bo‘lmagan.

Muzlatilgan yuz millionlab franklar esa berkitilgan hisob raqamlarida qolishda davom etadi. Tribune de Geneve nashrining yozishicha, o‘tgan yilning iyulida Gulnora Karimovaning advokati Greguar Manja Konfederatsiya prokuraturasiga Gulnora Karimovaning «himoyasi bilan bog‘liq turli xarajatlarni qoplash uchun» 500 million frankni blokirovkadan xalos etishni so‘rab so‘rov yuborgan. MRC rad javob bergan va buni tergov natijalariga ko‘ra muzlatilgan bu pullar jinoiy yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgani ehtimoli yuqori ekanligi bilan tushuntirgan. Greguar Manja esa tayinlangan advokat sanaladi va bu ishda unga maoshni davlat to‘laydi.

2019 yilning aprel oyi boshlarida advokat Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi №21 ayollar koloniyasiga borgandi. Gulnora Karimovani 5 mart kuni uy qamog‘idan shu yerga o‘tkazishgandi

Qayd etish kerakki, Gulnora Karimova 2008 yili O‘zbekistonning BMTdagi vakili etib tayinlangandi. Biroq 2013 yili u diplomatik immunitetdan mahrum bo‘ladi va Shveytsariya prokuraturasi unga nisbatan pullarni o‘zlashtirish aybi bilan jinoiy ish ochadi. Natijada uning Shveytsariya banklaridagi hisobida saqlangan 800 mln frank muzlatib qo‘yiladi.

2017 yilning yozida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ma'lumot bergan, unga ko‘ra Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, ya'ni birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgani va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani ma'lum bo‘lgandi.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rasmiy saytida xabar qilinishicha, 2017 yilning 18 dekabrida 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Gulnora Karimovaga jazo 2018 yilning 1 iyulida 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan va jazoni qizi Imon Karimovaning uy manzilida o‘tashi kerak bo‘lgan. G.Karimova ozodlikni cheklash qoidalarini buzganligi, chunonchi, uyni tark etgani, aloqa vositalari va Internetdan foydalangani uchun koloniyaga o‘tkazilgan.

Top