8460.92 USD +2.76

9439 EUR -62.05

131.06 RUB +1.32

10760.6 GBP -234.16

19:24 / 15.05.2019 2451

Toshkentda «O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2019» xalqaro ko‘rgazmasi va Power Uzbekistan-2019 konferensiyasi ochildi

Foto: Energetika vazirligi

15 may kuni Toshkentda “O‘zbekiston neft va gazi OGU 2019” 23-Xalqaro ko‘rgazmasi va Power Uzbekistan konferensiyasi 2019 ochildi. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov va «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kristofer Allan so‘zga chiqishdi. Kun.uz muxbiri Energetika vazirligi matbuot xizmatidan olingan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Alisher Sultonovning tadbirda ta'kidlashicha, bu kabi ko‘rgazmalarning o‘tkazilishi O‘zbekistonning energetika sohasi uchun juda muhim. 

Foto: Energetika vazirligi

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan energiya va gaz  ta'minoti obektlarini modernizatsiyalash va qayta tiklashga, yangi generatsiya obektlari hamda elektr uzatish tarmoqlarini qurishga, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga, bu borada davlat-xususiy sektor sherikligi asosida investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda», - dedi Sultonov. 

Ko‘rgazma doirasida yosh olimlarning an'anaviy kengashi ham o‘tkaziladi. Unda yosh mutaxassislar nafaqat mamlakatning energetika sohasidagi imkoniyatlari va yangi texnologiyalarga oid bilimlarini boyitishadi, balki o‘zlarining g‘oya va ishlanmalari xususida ham o‘zaro fikr almashishadi.

Tadbirda «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov Xalqaro energetika konferensiyasi doirasida muhokama etiladigan mavzular xususida to‘xtalib o‘tdi.

«Bular o‘zbekistonlik hamkorlarimizni atom elektrostansiyalari qurishni mahalliylashtirish, Rossiyaning eng ilg‘or xavfsizlik tizimlarini o‘z ichiga olgan atom bloklarini yaratishda "Rosatom"ning ilg‘or texnologiyalarini qo‘llash va bu loyihaning ijtimoiy va iqtisodiy jihatlari bilan bir qatorda ilg‘or rus texnologiyalarini joriy etish mexanizmlarini kengaytirishga xizmat qiladi", - dedi A.Lixachyov.

Foto: Energetika vazirligi

16 may kuni O‘zbekistonda ilk marta o‘tkazilayotgan “Power Uzbekistan 2019” konferensiyasi o‘z ishini boshlaydi. Mazkur ko‘rgazma va konferensiyada dunyodagi 31 mamlakatning 300 dan ortiq kompaniyasi ishtirok etadi. Ular orasida Avstriya, Ozarbayjon, Belarus, Belgiya, Vengriya, Buyuk Britaniya, Vetnam, Germaniya, Daniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Ispaniya, Qozog‘iston, Kanada, XXR, Koreya Respublikasi, Litva, Monako, Norvegiya, BAA, Polsha, Rossiya, Singapur, AQSh, Turkiya, O‘zbekiston, Ukraina, Fransiya, Shveytsariya va Yaponiya kabi mamlakatlarning vakillari bor. 

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori ITE kompaniyalari guruhi ko‘rgazmaning tashkilotchisi hisoblanadi. 

OGU-2019 ko‘rgazmasida neft va gaz qazuvchi, servis xizmati ko‘rsatuvchi yetakchi kompaniyalarning yangi texnologiyalari, muhandislik va dasturiy ishlanmalari namoyish etiladi. Ular orasida Lukoyl, Gazprom, DOW, KNOC, Hyundai Engineering, Eriell, Enter Engineering, Turboden, SOCAR, Air Producs, Endress + Hauser,  JUMO, KROHNE va sohaning boshqa yetakchi kompaniyalari borligini alohida ta'kidlash joiz.

Ko‘rgazmada Italiya, XXR, Rossiya kompaniyalari o‘zlarining milliy stendlari bilan ishtirok etadi. Jamoaviy namoyishlarda esa Bavariya (Germaniya), Tatariston Respublikasi (Rossiya) vakillari qatnashishadi. Ko‘rgazmada ilk marta Kanada kompaniyasi – Rossiya va Yevroosiyodagi Kanada ishbilarmonlar uyushmasi ishtirok etadi (CERBA).

OGU-2019 ning ilk ikki kunida «Yosh olimlar kengashi» o‘tkaziladi va «Yosh mutaxassislar kuni» interfaol sessiyasi bilan nihoyasiga yetadi. 17 may kuni soha OO‘Yu talabalarining o‘tkaziladigan interfaol sessiyasida Toshkent kimyo texnologiyalari instituti, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali, M. Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti  talabalari hakamlar hay'atiga neft-gaz sohasidagi innovatsion ishlanmalarini taqdim etishadi. Tanlov yakunida g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar bilan taqdirlanadi.

Foto: Energetika vazirligi

Power Uzbekistan 2019 ko‘rgazmasi o‘zida energetika majmuasining deyarli barcha tarmoqlarini o‘zida mujassam etuvchi soha vakillarini birlashtiradi. Bular qatoriga energiya ta'minoti, atom energiyasi, elektr texnika qurilmalari, tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari kabi sohalarni kiritish mumkin. Power Uzbekistan dunyo yonilg‘i energetika sohasining yetakchi vakillari: atom sohasidagi 360 korxonani o‘zida birlashtirgan «Rosatom» davlat xoldingi (Rossiya), General Electric (AQSh) kompaniyalarini taqdim etadi. Doimiy ishtirokchilar safidan   CALIK ENERJI, Aksa Jenerator San. A.S (Turkiya), “Silovyye Mashiny” (Rossiya), “ZAPOROJTRANSFORMATOR” (Ukraina), CENK (Turkiya), LAMPAR Srl (Italiya), Soyuzelektroavtomatika (Rossiya), “Spetskabeleksport” (Rossiya) Minskiy elektrotexnicheskiy zavod (Belarus) va boshqa kompaniyalar joy olgan. Jamoaviy namoyishlarda Chuvashiya Respublikasi (Rossiya) eksportchisi ham ishtirok etadi.

Ko‘rgazmada mahalliy kompaniyalar ham faol ishtirok etmoqda va ular orasida ilk marta «O‘zAtom» agentligini, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ, «O‘zbekgidroenergo» AJ kabi kompaniyalarni ko‘rish mumkin.

Tadbir doirasida Energetika vazirligi, «O‘zbekneftegaz» AJ, «O‘zAtom» agentliklari va ularning bo‘limlari rahbarlarining xorijlik delegatsiya va kompaniyalar vakillari bilan B2G va B2B formatidagi uchrashuvlari o‘tkaziladi. Bunday uchrashuvlar forum ishtirokchilari o‘rtasidagi muloqot samaradorligini oshirishga, mavjud aloqalarni rivojlantirishga va neft-gaz sohasiga investitsiya kiritishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. 

Top