8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

21:52 / 18.05.2019 1760

O‘zbekiston delegatsiyasi “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi

18 may kuni Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Yaponiyaning tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdilar.

“Yig‘ilishda muloqot ishtirokchi davlatlarining savdo-sotiq, investitsiya, rivojlanish va turizm sohalaridagi amaliy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Alohida sessiya mintaqaviy xavfsizlik va ushbu sohadagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi”, deyiladi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabarida.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘z nutqida 15 yil mobaynida mazkur muloqot Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida iqtisod, transport, energetika, turizm, ta'lim, madaniyat va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlikning muhim maydoniga aylanganini ta'kidladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari so‘nggi ikki yil mobaynida mintaqada yangi siyosiy ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhiti yaratilganini e'tirof etdi.  

“O‘tmishda xalqlarimizning farovonligini yanada rivojlantirish va oshirish maqsadida o‘zaro yaqinlashish va umumiy manfaatlarga erishish yo‘lida to‘siqlar yaratgan ko‘plab masalalarni hal qilishda ulkan yutuqlarga erishildi. Savdo, investitsiya, transport-kommunikatsiya, kooperatsion ishlab chiqarish va madaniy-gumanitar aloqalar, chegara orqali va mintaqalararo hamkorlik, xavfsizlikni ta'minlash va zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik faollashdi”, - dedi Abdulaziz Komilov.

O‘zbekiston TIV rahbari Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan Yaponiya bilan hamkorlik bundan keyin ham keng ishlatilmagan salohiyatidan samarali foydalanish, jahonning savdo-iqtisod va transport aloqalari tizimiga yanada ko‘proq integratsiyalashuviga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Yig‘ilish yakuniga ko‘ra Qo‘shma bayonot qabul qilindi, unda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” shaklidagi hamkorlikning hozirgi holati va yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlar belgilandi.

Top