8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

14:50 / 19.05.2019 12633

Video: Gvardiola finalda 2 gol urgan Sterlingga tanbeh berdi

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola yana bir bor o‘zining perfeksionistligini (mukammallikka intilish) namoyish etdi.

Angliya Kubogi finalida «shaharliklar» «Uotford»ni 6:0 hisobida mag‘lub etishdi va mavsumdagi to‘rtinchi sovrinni qo‘lga kiritishdi (Angliya Superkubogi, Angliya Ligasi Kubogi, APL chempionligi va Angliya Kubogi).

Hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi yangragach, murabbiy o‘yinda ikki gol urib, bir golga uzatma bergan Rahim Sterlingga yaqinlashdi-da, uni xatolari uchun tergay boshladi.

Keyinroq murabbiy o‘z xatti-harakatiga izoh berdi.

«Rahim - bu yutuqda asosiy  ishlarni qilgan futbolchilardan biri. Ammo u birinchi bo‘limda uncha yaxshi o‘ynamadi. Men aynan shunday holatlar tufayli «biz bundan ham yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin edi» deb turaman. U oddiy vaziyatlarda to‘p yo‘qotdi. Men o‘z yordamchi murabbiylarimdan ham menga xatolarimni ko‘rsatib turishni so‘rayman».

Qizig‘i shundaki, shu yilning martida APL doirasidagi o‘yinda ham Sterling «Uotford» darvozasini 3 bor ishg‘ol qilgan va o‘shanda ham o‘yindan keyin Gvardioladan tanbeh eshitgandi.

«U ikki holatda qanot himoyachilarini pressing qilmadi. Ikkinchi vaziyatda u shunchaki raqibni ta'qib qilishni to‘xtatdi. U bir necha marta to‘p yo‘qotdi, buning natijasida raqib qarshi hujumlar uyushtirdi. Men albatta u bugun 3ta gol urganidan xursandman», degandi murabbiy.

Pep futbolchilarga maydonda tanbeh berib turadi

«Bavariya»da bunday holat Joshua Kimmix bilan sodir bo‘lgandi. 2016 yilda u «Borussiya»ga qarshi safar o‘yinida (0:0) markaziy himoyachi sifatida o‘ynagandi va hakam o‘yinni yakunlaganidan keyin Kimmixning qarshisidan Pep chiqib kelgandi.

Jurnalistlar o‘shanda Kimmix tushkunlikka tushib qolishini kutishgandi, ammo aslida barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi.

«Men unga dunyodagi eng yaxshi himoyachi ekanini aytdim. U barcha ishga qodir», degandi Gvardiola.

Himoyachi ham rostini aytgandi: «O‘yin davomida men himoya markazida o‘ynadim. Keyin esa Habi Alonsoning o‘rniga Mehdi Benatiya tushdi. Men yarimhimoyachi pozitsiyasini egalladim, ammo markaziy himoyaga yordam berishda davom etdim. Pep menga qichqirib, oldinroqda o‘ynashim kerakligini ayta boshladi, ammo men nega bunday qilishim kerakligini tushunmadim. Kiyim almashtirish xonasiga yo‘l olayotganimizda u bunga izoh berdi. U shunaqa. U seni yanada yaxshiroq qilish uchun shunday yo‘l tanlashi mumkin. Bu bir tomondan g‘alati ko‘rinadi, ammo uning o‘sha harakati men uchun ahamiyatli bo‘lgandi. U futbolchi uchun qanchalik qayg‘urishini ko‘rsatgandi».

Gvardiola o‘yinlardan keyin raqib futbolchilariga ham maslahatlar berishi mumkin. 2017 yilning noyabrida u «Sauthempton» yarimhimoyachisi Natan Redmondga shunday qilgandi.

Redmond keyinroq bergan izohida bu bezbetlik bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa-da, Gvardiola unga hujumkorroq o‘ynash kerakligini, himoyachilarni pressing qilishi kerak bo‘lganini aytganini eslab o‘tdi.

«O‘tgan mavsumda u bizni juda qiynab qo‘ygandi. Ammo bu mavsumda u agressiv bo‘lmayapti, ko‘p hollarda jamoasining himoyalanishida qatnashmoqda. Axir u birga-bir vaziyatlarda juda yaxshi o‘ynaydi-ku?! «Sauthempion» o‘yinning 9-daqiqasidanoq vaqtni o‘ldirishga kirishib ketdi. Men esa ular futbol o‘ynashini istayman. O‘zimni bunday tutganimdan afsusdaman. Ba'zida men o‘zimni nazorat qila olmayman», degandi o‘sha vaziyatga izoh bergan Gvardiola.

Buning qo‘rqinchli joyi yo‘q, axir Gvardiola o‘zining atrofidagilarga faqat yaxshilik tilaydi.

Top