Aslida futbolni sog‘ingan muxlislar uchun anons shart emas, har qanday o‘yin ham mavsum boshidagi murosasizlik, ham yangi transferlarga baho berish nuqtayi nazaridan o‘ziga yarasha qiziq bo‘lsa-da, an’anadan chekinmagan holda ba’zi o‘yinlarga alohida to‘xtalishni lozim topdik.

BYoRNLI – MANCheSTeR SITI (11 avgust, 23:59)

APL yangi mavsumi ustoz va shogird bahsi bilan boshlanadi. Gap bu yerda Kompanining bir necha mavsum Pep Gvardiola qo‘l ostida o‘ynaganida ham emas. Chempionshipda «Byornli» o‘yinlarini kuzatgan aksariyat muxlis va mutaxassislar jamoa Shon Daychning eski «Byornli»sidan ancha o‘zgargani, liganing o‘ziga xos «siti»siga aylanganini aytishgandi. Juda ko‘p ko‘rsatkichlarda «Byornli» rostanam Chempionshipda yaqqol ustunlik qildi. Aksariyat notanish futbolchilardan iborat tarkib bilan Kompani juda yaxshi jamoa tuza olganini bu safar yuqoriroq darajada isbotlashi kerak bo‘ladi.

Tabiiyki, transferlar ham bo‘ldi. Xususan, Natan Redmond APL muxlislariga yaxshi tanish nom. Futbolchi «Sauthempton» tarkibidagi qariyb 7 yildan so‘ng, bir mavsum Turkiyada o‘ynab keldi va erkin agent sifatida Kompani jamoasiga kelib qo‘shildi. Shuningdek, 19 million yevro evaziga «Bazel»dan kelib qo‘shilgan Zeki Amduni ham yil kashfiyotlaridan bo‘lishi mumkin. 22 yoshli futbolchi Shveytsariyada ancha sermahsul o‘yin ko‘rsatgan.

«Manchester Siti» o‘tgan hafta Superkubokni «Arsenal»ga boy berib qo‘ydi. Ammo bu «shaharliklar» uchun fojia emas, zero Gvardiola jamoasi mavsumga asta-sekinlik bilan kirib kelib, asosan qishga borib kuchayishi yangilik bo‘lmay qoldi. Superkubok bahsini ham uchinchi yildirki «Manchester Siti» yutqazadi. Darvoqe, kelasi chorshanba kuni Gvardiola shogirdlari UYeFA Superkubogi uchun «Sevilya» bilan bahs olib boradi. Mazkur sovrin 1972 yili, ya’ni «Manchester Siti» Kubok egalari kubogini yutganidan ikki yil o‘tib ta’sis etilganini e’tiborga olsak, bu o‘yin klub uchun o‘z tarixidagi dastlabki UYeFA Superkubogi o‘yini bo‘ladi.

O‘zaro o‘yinlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi 11 o‘yinda «Manchester Siti» g‘alaba qozongan, oxirgi 7 o‘yinda umuman «Byornli» gol ham ura olmagan. Aynan Kompani boshchiligidagi «Byornli» o‘tgan yili quyi ligada qatnashgan bo‘lsa-da, Angliya kubogi chorak finalida «Manchester Siti»ga duch kelgandi. O‘sha o‘yinda «shaharliklar» «Etihad»da 6:0 hisobida ustun kelgan, Erling Holand esa, het-trikka erishgandi.

NYuKASL – ASTON VILLA (12 avgust, 21:30)

Murosasizlik va drayv nuqtayi nazaridan haftaning eng e’tiborli uchrashuvi Nyukaslda bo‘lib o‘tsa kerak. «Nyukasl» deyarli top-klubga aylandi, bu safar Chempionlar Ligasida to‘p suradi. Tarkibni saqlab qolish bilan bir qatorda, Tonali, Livremento hamda Barns kabi yangi futbolchilarni xarid qildi. Mavsumoldi o‘rtoqlik o‘yinlarini ajoyib o‘tkazdi – 5 g‘alaba va 2 durang. Mag‘lubiyat yo‘q. Xususan, uch kun oldin «Vilyarreal» 4:0 hisobida dog‘da qoldirildi. Harvi Barns dublga erishdi.