2005 yil aks-sadosi
18 yil muqaddam Istanbuldagi «Otaturk» stadionida futbol muxlislari sonini karrasiga oshirgan o‘yin bo‘lib o‘tgandi. Chempionlar ligasining har bir finali ham yodda qolarli kechmaydi, ammo o‘shanda «Liverpul» va «Milan» o‘rtasida voqealarga boy bo‘lgan quvlashmachoq (3:3) asr o‘yiniga aylangandi.
Shanba kuni Yevropa va Osiyo tutashgan nuqtada yana Angliya va Italiya jamoalari maydonga chiqib kelishdi. Ko‘pchilik bu safargi o‘yinda o‘sha finalning davomi bo‘lishini kutmayotgandi: «Manchester Siti» yaqqol favorit edi va ko‘pchilik aynan shu jamoa osonlik bilan g‘alaba qozonishini bashorat qilayotgandi. Lekin 2005 yilda ham turli darajadagi jamoalar to‘qnashgandi — «Liverpul» o‘shanda «Everton»ni bazo‘r ortda qoldirib, APLda beshinchi o‘rinni egallagan, «Milan» esa A seriyada ikkinchi jamoa edi.
Qora-ko‘k armada

So‘nggi haftalarda hamma joyda «Manchester Siti» Angliyaning bir mavsumda uchta asosiy sovrinni qo‘lga kiritib, trebl qayd etadigan ikkinchi jamoasiga aylanishi mumkinligi haqida gapirishdi. Gvardiola jamoasi chempionat va Angliya Kubogida g‘olib bo‘lgandi, Chempionlar ligasi esa ko‘p yildan buyon «Siti» yasayotgan pazzldagi yetishmayotgan element bo‘lib qolayotgandi. Qolaversa, Pepda individual motivatsiya bor edi: kataloniyalik mutaxassis «Barselona»dan ketganidan keyin asosiy yevrokubokda «Bavariya» bilan ham, hozirgi jamoasi bilan ham g‘alaba qozona olmayotgandi.
«Inter»ning final oldidagi ambitsiyalari qandaydir sust ko‘rinardi. Milanliklar ichki chempionatda bazo‘r Chempionlar ligasining keyingi mavsumi uchun yo‘llanmani kafolatladi va ko‘p parametrlarga ko‘ra «Siti»dan kuchsizroq edi. Ammo qora-ko‘klarning muxlislari oldindan mag‘lubiyatga rozi emasdi. Aksincha, Istanbulda ular oldindan toj kiydirilgan raqib muxlislaridan jonliroq ekanini namoyish etishdi.
«Inter»ning Turkiyaning eng yirik shahriga kelgan muxlislari ham ikki-uch barobar ko‘proqligi ko‘chalarda ko‘rinib turardi. Shu bilan birga, «Siti» fanatlari ham kam emasdi, ular shunchaki ma’lum lokatsiyalarda to‘planishgan va shaharning diqqatga sazovor joylarini aylanishga chiqishmagandi.
Italyan fanatlar g‘alabasi
O‘yin boshlanishiga uch soat qolganidayoq «Inter» fanatlari sektori deyarli to‘lib bo‘lgandi. Albatta, bu ko‘p jihatdan o‘tgan yil ikki klub fan zonalarini stadionga yaqin joylashtirgan UYeFA bu xatoni takrorlashdan qochishi bilan bog‘liq edi. Ammo inglizlar jamoasi muxlislari ham stadionga oshiqishmadi va bunga afsuslanishdi.























