Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida mutlaqo yangi institut amaliyotga tatbiq etildi. Ya'ni, 2019 yil 18 may kuni parlament quyi palatasida ilk bor Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jamshid Pirmatov bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri — o‘n birinchi sinf bitiruvchilarining keyingi taqdiri haqidagi savoli ko‘pchilikning e'tiborini tortdi.

— Mamlakatimizda ta'lim tizimini modernizatsiya qilish, uni qayta qurish, fan, texnika, texnologiya, iqtisodiyotning zamonaviy yutuqlari asosida ta'lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralmoqda, — dedi deputat J.Pirmatov. — Bu soha Prezidentimiz tomonidan ham alohida nazoratga olingan barchamizga ma'lum. Davlat dasturi ijrosi tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, hisobot davrida ijtimoiy sohalarga Davlat budjeti xarajatlarining 54 foizi ajratilgan va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan xarajatlar o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobarga oshgan.

Bugungi kunda umumta'lim maktablarining ishlab chiqarish majmualarida o‘rgatiladigan kasb-hunarlar soni 51 tani tashkil qilib, kelgusida ularni 90 taga yetkazish belgilangan.

Davlat dasturining 211-bandida maqsadli kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish bo‘yicha bir qator vazirliklar mas'ulligida joriy yilning mart oyigacha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish belgilangan edi. Ya'ni, 11-sinfni bitirgan o‘quvchilarning kasb-hunarli bo‘lishi uchun hammaga bir xil uch yillik kasbiy ta'lim tashkil etish emas, balki kasb va hunarning turidan kelib chiqib, kollejlarda o‘qish muddatini turlicha etib belgilash masalasi yuzasidan normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Ammo bu hujjatdan hozirgacha darak yo‘q.

Ushbu masalada prezident joriy yil fevral oyida Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida ham to‘xtalib, iqtisodiyotning o‘rta bo‘g‘in kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji asosida kadrlar tayyorlashning yangi tizimini yaratish bo‘yicha 1 aprelga qadar muhim topshiriqlar bergan edi.

Sanoqli kunlardan so‘ng respublikada o‘quvchilar ilk bor o‘n birinchi sinfni bitirishadi. Kollejlarda hali ham 6 oylik yoki 1 yillik yoxud 2 yillik ta'lim dasturlari joriy etilgani yo‘q. Bundan tashqari, qaysi kasb-hunar ta'lim muassasalari yopilishi yoki qisqartirilishi masalasi ham hal etilmagan.