8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

13:30 / 05.06.2019 207349

Hukumat qarori: «Fara»larni yoqib yurish bo‘yicha talabga o‘zgartirish kiritildi

4 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 460-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqda bosh vazir matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.

Unga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvarga qadar kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi bo‘yicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi. 

Kunning yorug‘ vaqtida quyidagi hollarda yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi kerak:

  • transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;
  • yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobus va yo‘nalishli transport vositalarida;
  • bolalar guruhini tashkiliy tashishda;
  • xavfli, katta o‘lchamli va og‘ir vaznli yuklarni tashishda;
  • mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida);
  • mototsikl va mopedlarda.

Hujjatga ko‘ra, «faralar» bo‘yicha qat'iy talab haydovchilarga emas, ishlab chiqaruvchilarga qo‘yiladi. 

Qarorda belgilanishicha, 2020 yil 1 yanvardan mamlakatda ishlab chiqariladigan barcha avtomototransport vositalari ichki bozorga ishlab chiqaruvchi tomonidan avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlangan holda chiqariladi.

Respublikaga chet eldan import qilinadigan avtomototransport vositalarida kunduzgi signal chiroqlarining mavjudligi sertifikatsiyadan o‘tkazish uchun majburiy texnik talab sifatida belgilanadi. Ya'ni, import avtomobillarning ham shunday avtomatik yonadigan chiroqlari bo‘lmasa, mamlakat ichkarisiga olib kirilishiga ruxsat berilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi «O‘zstandart» agentligi, «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda ikki oy muddatda muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni mazkur qaror talablaridan kelib chiqib takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan hamkorlikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kunning yorug‘ vaqtida avtomototransport vositalarining yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanmaganligi uchun javobgarlikni yengillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining «Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» 2019 yil 9 apreldagi 292-son qarori bilan kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart qilib belgilangandi.

Bundan tashqari, hukumat topshirig‘iga asosan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorini (hozirda 101 ming 365 so‘m) kamaytirishga oid tegishli Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Top