8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

11:30 / 13.06.2019 7322

Ko‘ngil ayniganda nima qilish kerak - 12 oddiy tavsiya

Toza havo, zanjabil donasi va to‘g‘ri nafas olish yordam beradi.

1. Yotib olmang

Tana yotiq holatda bo‘lganda me'da suvi qizilo‘ngachga yetib borishi va ko‘ngil aynish va yoqimsiz hisni kuchaytirishi mumkin. Shuning uchun ham tanovuldan so‘ng yotib olish yaramaydi, ayniqsa siz kislota oqimidan aziyat cheksangiz. Oshqozon ezilishini oldini olish maqsadida qorin mushaklarini siqmaslikka harakat qiling. Behuzur bo‘la boshlaganingizda o‘tirib oling va iloji boricha qimirlamaslikka harakat qiling.

2. Oynani oching yoki ventilyator yaqiniga keling

Shu yo‘sinda siz o‘zingizdan yomon hidlarni bartaraf etasiz. Toza havo ko‘ngil aynishini pasaytiradi. Jamoat transportida tobi qochganda ham derazaga yaqinroq borishga harakat qilish lozim.

3. Sovuq kompress tayyorlang

Qayt qilishda harorat ko‘tarilishi mumkin. Bo‘yinning orqa tomoniga bir necha daqiqaga sovuq kompress qo‘yish tavsiya etiladi. Bu isitma tushishiga va behuzurlikni to‘xtatishga yordam bera oladi.

4. Chuqur nafas oling

Ko‘ngil aynishi stress yoki vahima ortidan kelgan bo‘lsa, chuqur nafas olish foydali. Burun orqali chuqur nafas olib, 3 soniya davomida ushlab turing va asta nafas chiqaring. Bu harakatni bir necha marta qaytaring.

5. Boshqa ishga chalg‘ing

O‘qchish haqida qancha ko‘p o‘ylaganingiz sari o‘zingizni shuncha yomon his qilib borasiz. Kitob yoki biror film bilan diqqat markazingizni o‘zgartiring. Agar ishda bo‘lsangiz, bir necha chuqur nafas mashqlarini bajarib, anchadan beri navbatini kutib turgan biror yumush bilan shug‘ullaning, masalan hisobot.

6. Ko‘proq suyuqlik qabul qiling

Ko‘ngil aynishi suvsizlanish alomati bo‘lishi ham mumkin, biroq birdaniga ko‘p miqdorda suyuqlik qabul qilish qayt qilish ehtimolini faqat oshiradi. Kun davomida suvni oz-oz yutimdan iching. Oddiy suv o‘rnini ozroq mevalisi va kofeinsiz choy ham bosa oladi.

7. Moychechakli choy iching

Moychechak behuzurlikka davo bo‘luvchi xalq tabobatining sinalgan usuli hisoblanadi. Bundan tashqari, u tinchlanishga va yengil uyquga ketishga ko‘mak beradi. Bir stakan qaynagan suvga osh qoshiq miqdorida moychechak guli qo‘shing va 5 daqiqaga damlashga qo‘yib, iching.

8. Limon hidlang

Limon tarkibida hazm qilishga foydali bo‘lgan limon kislotasi mavjud. Agar ko‘ngil aynishiga qabziyat sabab bo‘lsa, limon suvi qo‘shilgan issiq suv ichak faoliyatini normallashtirishga yordam beradi. Faqat me'yorni oshirmang  — limon kislotasining ortiqcha miqdori qayt qilishni kuchaytirib yuboradi.

Limon isi ham o‘qchiqdan qutulishga o‘z hissasini qo‘sha oladi. Efir moyi yoki shunchaki yangi kesilgan limon hidlang.

9. Zanjabil donasidan tanovul qiling.

Zanjabil ko‘ngil aynishini qaytarish xususiyatiga ega. Behuzurlikda sarxil yoki shakarga botirilgan zanjabil donasidan tanovul qiling, choyga qo‘shib iching.

10. Yalpiz qaynating

Yalpizli kapsulalar qabul qiling yoki yalpizli choy. Efir moyi yoxud yangi uzilgan yalpiz bargi hidi ham muammoni yengillashtiradi.

11. Gazlangan ichimlik ichmang

Bunday ichimliklar tarkibidagi gazlar qorin shishishiga va achchiq kekiriqqa sabab bo‘ladi. Tarkibida shakarning ko‘pligi qusishni yanada tezlashtiradi. Agar gazlangan suvdan boshqa hech nima topilmasa, tarkibidan gazi chiqib ketishini kutgan ma'qul.

12. Og‘ir taom iste'mol qilmang

Odatda ko‘ngil aynishidan keyingi tiklanish uchun banan, guruch, olma bo‘tqasi yeyish tavsiya etiladi. Shuningdek, oz miqdorda sousi yo‘q makaron, kartoshka pyuresi, qaynatilgan tuxum ham zararsiz. Qovurilgan, sut va go‘sht mahsulotlari, kletchatkaga boy oziq-ovqatlardan xavf bartaraf bo‘lguncha voz kechgan ma'qul.

Agar ko‘ngil aynishi boshqa alomatlar bilan bir vaqtda kelsa, shifokorga murojaat qiling. Masalan, ko‘ngil aynishi va ko‘krak qismida og‘riq  infarkt belgisi bo‘lishi mumkin. Qattiq bosh og‘rig‘i yoki aylanishi bilan kelganda asab tizimlaridagi muammolardan darak beradi.

Ko‘ngil aynishi hissi uzoq vaqt davomida ham o‘tib ketmasa yoki sababsiz vazn tashlash bilan kechsa zudlik bilan shifokorga uchrash zarur.

Top