Ko‘ngil aynishi ovqat hazm bo‘lmaganda, viruslarda, yoqimsiz hidlardan yoki stress natijasida yuzaga kelishi mumkin. "Layfxaker" ushbu yoqimsiz holatni yengillashtirishga yordam beruvchi bir necha oddiy tavsiyalar bilan bo‘lishdi. 

1. Yotib olmang

Yotgan holatda oshqozon suyuqligi qizilo‘ngachga ko‘tarilishi mumkin, bu esa ko‘ngil aynishi va noqulaylik hissini kuchaytiradi. Shu bois ovqatdan keyin darhol uxlashga yotish tavsiya etilmaydi. Shu bilan birga qorin mushaklarini siqmaslikka harakat qiling. Ko‘nglingiz behuzur bo‘layotgan bo‘lsa, o‘tirib oling va imkon qadar kamroq harakatlaning. 

2. Derazani oching yoki ventilyator qarshisiga o‘tirib oling

Foto: Getty Images

Shu tariqa yoqimsiz hidlardan xalos bo‘lasiz va chalg‘iysiz. Toza havo yengillik hissini beradi. Aynan shuning uchun transportda ko‘ngli ayniyotganlar derazadan qarashga harakat qilishadi. 

3. Sovuq kompress qiling

Ko‘ngil ayniganda harorat ko‘tarilishi mumkin. Bo‘yinning orqa sohasiga bir necha daqiqaga sovuq kompress qo‘ying. Bu haroratni tushirish va ko‘ngil aynishini kamaytirishga yordam beradi. 

4. Chuqur nafas oling

Bu ayniqsa stress yoki qattiq tashvish ketidan kelgan ko‘ngil aynishida foyda beradi. Burun orqali chuqur nafas oling va uni 3 soniyaga ushlab turing-da asta-sekinlik bilan chiqaring. Bu mashqni bir necha marta takrorlang.

5. Chalg‘ishga harakat qiling

Ko‘ngil ayniyotgani haqida qancha ko‘p o‘ylasangiz, o‘zingizni shuncha yomon his qilasiz. Biror kitob yoki filmga chalg‘ishga harakat qiling. Agar ishda bo‘lsangiz, bir necha marta chuqur nafas oling, keyin anchadan beri orqaga surib kelayotgan ish bilan shug‘ullaning. 

6. Ko‘proq suyuqlik iching

Illyustrativ foto

Ko‘ngil aynishi suvsizlanish belgisi ham bo‘lishi mumkin, biroq bittada ko‘p suv ichib yuborish yoqimsiz hislarni yanada kuchaytirishi mumkin. Butun bir kun davomida ko‘p marta oz-ozdan suyuqlik ichishga harakat qiling. Agar oddiy suv ichgingiz kelmasa, meva bo‘laklari solingan suv ichishingiz mumkin.