16:20 / 25.07.2019
80518

Turkmaniston prezidenti telekanal orqali ko‘rinish berdi

Foto : tdh.gov.tm

24 iyul kuni, 9 kunga cho‘zilgan jimlikdan so‘ng Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov davlat televideniyesi kameralari qarshisida paydo bo‘ldi. Qo‘shni davlat rahbari «Altyn Asyr» telekanalida ko‘rinish bergan.

Kadrlarda Ashxobod hokimi Shomuhammad Durdialiyev (prezident administratsiyasi boshlig‘i) prezidentga qator qurilish loyihalari, jumladan, Axal viloyatida barpo etiladigan yangi shahar - Ashxabod-siti loyihasini taqdim etgani va prezident loyihalarni tasdiqlagani ko‘rsatilgan.

TDH agentligi xabarida «davlat rahbari vaqtidan imkon qadar unumli va maksimal darajada samarali foydalanish tamoyiliga sodiq qolayotgani» qayd etilgan.

Ma'lumot uchun, bu Turkmaniston prezidenti o‘limi haqidagi tarqalgan xabarlardan so‘ng ilk bor omma oldida ko‘rinish berishidir.

20-21 iyul kunlarida rus nashrlarida Turkmaniston prezidenti vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Ko‘p o‘tmay Turkmanistonning Moskvadagi elchixonasi bu xabarlarni rad etib chiqdi.

24 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati Gurbanguli Berdimuhammedov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo‘llagani to‘g‘risida xabar tarqatgandi.

Mavzuga oid
Top