19:26 / 30.07.2019
25132

Qozog‘istondagi shahar hokimi Londondan video jo‘natgani uchun ishdan bo‘shatildi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Chimkent hokimi Gabidulla Abdraximovni lavozimidan ozod qildi.

Abdraximov 2018 yilda Chimkent shahri hokimi lavozimiga tayinlangandi. U o‘tgan haftada o‘zining Instagram sahifasida Londonda tushgan videolavhasini joylagan, obunachalariga salom yo‘llab Qozog‘istonni yaxshi ko‘rishini aytgandi.

Videorolik ijtimoiy tarmoqlarda keskin fikrlarga sabab bo‘ldi, ayrim foydalanuvchilar Abdraximovni maqtanchoqlikda aybladi.  

Qozog‘iston prezidenti ma'muriyati rahbari Qrimbek Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, Abdraximov o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlamagan. 

"Davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev ta'kidlaganidek, hozirda eng asosiysi – bu xalq va hokimiyat o‘rtasidagi muloqot. Gabidulla Abdraximov mamlakatimiz rahbariyatining qo‘llab-quvvatlovi va ishonchini olgandi. Afsuski, u buni yetarlicha anglab yetmadi", - deya Kusherbayevning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Tengrinews.kz agentligi.

Kusherbayevning ta'kidlashicha, rahbarlar haqiqiy xalq xizmatchisi bo‘lishi va o‘zlarini shunga mos tutishlari lozim.

Mavzuga oid
Top