16:55 / 19.08.2019
18061

Milliy paralimpiya assotsiatsiyasiga yangi rais saylandi

O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi rahbari o‘zgardi.

Bugun bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi qatnashchilari tashkilot raisi Ulug‘bek Mirhaydarovning iste'fo haqidagi arizasini ma'qullashdi.

Uning o‘rnini bunga qadar assotsiatsiya raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Muxtorxon Maxsudovich Toshxo‘jayev egalladi.

«Ovoz berish jarayonida barcha bir ovozdan yangi nomzodni ma'qulladi va Muxtorxon Toshxo‘jayev O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasiga yangi rahbar etib saylandi», – deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.

Muxtorxon Toshxo‘jayev

«Avvalo, menga bildirilgan ishonch uchun hammaga rahmat. Oldimizda Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlaridek mas'uliyatli musobaqa turibdi. Rioda qayd etilgan natija tasodif emasligini isbotlash uchun barchamiz birgalikda harakat qilamiz.

Jamoaning hamjihatligisiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Umid qilamanki, barchamiz bir jamoa bo‘lib, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni ado etamiz», – dedi Toshxo‘jayev.

Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qo‘mita vitse-prezidentlari Aziz Komilov va Saken Polatov, shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov ham qatnashdi.

Aziz Komilov
Oybek Kasimov

«Tadbir yakuniga yetgach, barcha Milliy paralimpiya assotsiatsiyasida jam bo‘ldi. Bu yerda MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov Paralimpiya assotsiatsiyasi mutasaddilari, sportchi va trenerlar bilan suhbatlashdi. MOQ prezidenti uchrashuv davomida tashkilot a'zolariga yangi rahbarni yana bir bor tanishtirib, M.Toshxo‘jayevga faoliyatida omad tiladi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Muxtorxon Toshxo‘jayev va Rustam Shoabdurahmonov

Mavzuga oid
Top