Prezident qaroriga muvofiq, olimpiya zaxiralari kollejlari negizida Ta'limning xalqaro standart tasniflagichining 5-darajasiga mos ta'lim muassasasi shaklidagi olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari tashkil etiladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali ma'lum qildi.
2022-2023 o‘quv yilidan (2022 yil 1 sentyabrdan):
- olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari kontingenti faqat olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha shakllantiriladi (bundan milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari mustasno);
- O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tavsiyasiga asosan mazkur kollejlarning tegishli paralimpiya sport turlari bo‘limlariga yuborilayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun 10 foizgacha qo‘shimcha kvotalar ajratiladi;
- ta'lim jarayoni umumiy o‘rta ta'lim hamda o‘rta maxsus professional ta'lim bosqichlarida amalga oshiriladi;
- olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari, shuningdek, bolalar-o‘smirlar sport maktablari hamda ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida qabul kvotalari erkaklar va ayollar uchun 2024-2025 o‘quv yilidan teng ravishda belgilanadi (2022-2023 o‘quv yilida ayollar ulushi 30 foiz, 2023-2024 o‘quv yilida – 40 foiz, 2024-2025 o‘quv yilida – 50 foizni tashkil qiladi);
o‘quvchilarni tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi bekor qilinadi.
Qaror bilan shuningdek, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji bazasida uch yillik “spetsialitet” dasturni amalga oshiradigan davlat OTM shaklidagi ixtisoslashtirilgan Oliy sport mahorati instituti tashkil qilinadi.
- Institutga faqat olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarini bitirib olimpiya sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a'zolari bo‘lgan yoshlar sport natijalariga qarab hamda seleksiya bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
- 2022 yil 1 avgustdan hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) maxsus sport tizimini boshqarish platformasi orqali amalga oshiriladi.
Avvalroq, kollej va texnikumlarga test topshiriladigan fanlar hamda baholash mezonlari tasdiqlangani ma'lum qilingandi.










