01:26 / 21.09.2019
0
17299
«Bir yarim sahifalik axborotga ikki yarim betlik savollar». SSVning Senatga taqdim qilgan ma'lumotnomasi nega uch marta qaytarib yuborildi?

20 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ayollar salomatligini mustahkamlash va oilalarning tibbiy madaniyatini oshirish borasida qilinayotgan ishlar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining axboroti eshitildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, vazirning birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev bergan ma'lumotlar senatorlarni qoniqtirmadi. Jumladan, qo‘mita raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev vazirlik hisobotini uch marta qaytarib yuborganini aytib, muhokamadagi mavzu yuzasidan o‘z e'tirozlarini sanab o‘tdi.

«Bizga berilgan ma'lumotlardan quyidagi kamchiliklar aniqlanganiga e'tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, bolalar salomatligini saqlash borasida olib borilayotgan kompleks tibbiy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmagan. Masala aytildi, muammolar ko‘lami to‘g‘ri baholangan, lekin unga erishish yo‘l xaritasi yo‘q.

Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ular orasida profilaktik emlash tadbirlarini tashkil etish masalalari to‘g‘risida ma'lumot taqdim etilmagan. Faqat shuncha foiz bolalar qamrab olindi, deyilgan. O‘zi qancha, ehtiyoj qancha, qaysi hududda degan ma'lumot yo‘q. Nahotki Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan, bosh mutaxassislarimiz tomonidan bu haqda hech qanday ma'lumot to‘planmagan?

Berilgan ma'lumotnomani uch marta qaytardim. Vazirlikdan bir yarim betlik ma'lumotnoma berilgan, mana. Bir yarim betlik. Savollar – ikki yarim bet bo‘ldi.

So‘nggi yillarda go‘daklar o‘limini kamaytirish bo‘yicha ijobiy ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz quyi pog‘onalarda qolmoqda. Xususan, BMT tomonidan yuritiladigan go‘daklar o‘limi indeksida 200ta davlat orasida davlatimiz 146-o‘rinni egallab turibdi.

Ikkinchidan, xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini saqlash, xomilador ayollarning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish, ularni polivitaminlar bilan ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yetarli darajada tahlil qilinmagan.

Ayollarda kuzatilayotgan bepushtlik holatlari, uni davolash, yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibi, homiladagi nuqsonlarga erta tashxis qo‘yish maqsadida yangi perinatal texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq masalalar yoritilmagan.

Bu yil 46ta perinatal markazi tashkil qilishini aytildi. Oldingi ma'lumotlarga qaraganda, 200ta UTT apparati sotib olingandi. Ular bilan ishlaydigan yuqori malakali mutaxassislarimiz bormi?

Uchinchidan, «xavfli guruh» orasida ayollar va bolalarning ulushi, ular bilan olib borilayotgan ishlar borasida ma'lumot keltirilmagan.

Xususan, OIV infeksiyasi bilan yashovchi, ineksiyaviy giyohvand moddalarni iste'mol qiluvchi va boshqa ijtimoiy kasalliklarga chalingan ayollar va bolalar holati tahlil qilinmagan. Ular o‘zi nechta, nechta tug‘ilyapti, qanday chora-tadbirlar olib borilyapti?

Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan va bunday muassasalardan ozod etilgan xotin-qizlarning, homilador ayollarning reproduktiv huquqlarini ta'minlash masalalari umuman o‘rganilmagan.

Shu to‘g‘risida ma'lumot beringlar, nimalar qilingan, deb uch marta qaytarildi. Afsuski, yo‘q. Buni yo‘q, bajarilmagandeb hisoblashga, muammo sifatida kiritishga majbur bo‘ldik.

Og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan ayollarning, shuningdek, odam savdosidan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar qanday yo‘l bilan o‘z yechimini topyapti, degan savolga ham ma'lumot yo‘q.

To‘rtinchidan, jinsiy tarbiya, voyaga yetmagan shaxslarni reproduktiv salomatligini saqlash masalalari bo‘yicha tarbiyalash, o‘qitish va ularga axborot berish, ularni oilaviy hayotga tayyorlash, oilani rejalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar umuman yoritilmagan.

Fevral oyida «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildik. Bu masalalar qonunning 13-moddasida alohida belgilab qo‘yilgan. Hozir – sentyabrning oxiri. Qonun fevralda qabul qilingan. Afsuski, 1 sentyabrgacha ma'lumot olingan bo‘lsa, bu sohada qandaydir targ‘ibot ishlari qilingani to‘g‘risida axborot berildi. Bu nima degan gap?

5000ta bola yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan. Respublikamizning imkoniyati qanaqa? Eng ko‘pi bilan 1000-1200ta operatsiya qila olar ekanmiz. Qolganlari-chi? Ular nima bo‘ladi? Bu borada nima ishlar qilinyapti, nima muammolar bor, Oliy Majlis tomonidan nima yordam kerak? Bu muammo-ku axir.

Hech qanday ish rejasi taqdim etilmadi. Afsuski.

Beshinchidan, onalik va bolalikni muhofaza qilishga doir umume'tirof etilgan xalqaro konvensiyalarda belgilangan normalarning bajarilishi yuzasidan ma'lumot keltirilmagan.

Yana bir narsaga e'tibor qaratmoqchiman. Yaqinda «Ijtimoiy fikr» markazi aynan tug‘ruq yoshida bo‘lgan ayollar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Tug‘ruqlar oralig‘ida necha yil tanaffus bo‘lishi kerak, degan oddiy savol berilganda adashmasam 55 foizga yaqini umuman xabardor emas. Kim uni qilishi kerak?

Shu savollarga bugun javob olishni istardim. Bu – tahdid emas. Lekin qo‘mitamizda sog‘liqni saqlash masalasiga to‘rtinchi marta to‘xtalyapmiz. Lekin samarasini ko‘rmayapman.

Qo‘mitamizga kelayotgan shikoyatlar... Mana yaqinda Qashqadaryoda bir kechada ikkita ona o‘limi bo‘lgan. Qarindoshlari so‘rayapti, tuppa-tuzuk deyishgan, oxirgi kunigacha yaxshi deyishgan. Tug‘ruq vaqti olib kelishganda, bachadonning yorilishi yuzaga keldi, deb operatsiya qilingan-u, operatsiyada ayol vafot etgan. Tasavvur qiling, kimningdir qizi, kimningdir oila a'zosi. Xavf bor ekan, nega oldindan aniqlanmadi?

E'tibor qarating, bir kechada ikki ayolda xuddi shu diagnoz. Bu – bitta misol», – dedi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Zayniddin Nizomxo‘jayev

Senat qo‘mitasi raisining bu e'tirozlariga Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev quyidagicha munosabat bildirdi.

Bahodir Yusupaliyev

«O‘z ma'ruzamda bu savollarga javob berishga harakat qildim. Kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. U 20ta banddan iborat. 38ta vazifamiz bor, buni aytib o‘tdim. Uni taqdim qilmagan bo‘lsa, demak bizning mutaxassislarimizning aybi bordir. Lekin, kompleks chora-tadbirlarlar rejasi bor.

Bundan tashqari, maktabgacha ta'lim bo‘yicha. Tibbiy ko‘riklar albatta o‘tkaziladi va poliklinika mutaxassislari maktablarga borib, ma'lum muddatda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.

Degelmintizatsiya haqida aytdim. Emlash masalasida muammo umuman yo‘q. 98 foizdan yuqori natijaga erishganmiz, buning tahlili bor.

Go‘daklar o‘limi haqida, haqiqatan ham to‘g‘ri. Bu haqda o‘zim ham aytdim. Lekin buni yildan yilga kamaytirishga harakat qilyapmiz va shunda davom etamiz. Keyingi kamaytirishlarimiz yanada qiyinroq kechadi, chunki qancha kamaytirilsa, ishimiz shuncha yaxshiroq bo‘lishi kerak.

Birgalikda ishlash masalalarimiz bor. Bu boshlangan. Tegishli telefonimiz ham ishlayapti, murojaatlar kelib turibdi. Bu murojaatlarning ham tahlili bor. 2800tacha murojaat tushgan, ularga tegishli javoblar berilgan.

To‘g‘ri, 46ta perinatal markaz – muammo. Buni Xudo xohlasa, xalqaro moliyaviy institutlar bilan birgalikda amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

«Xavfli guruh»ga kelsak. Haqiqatan ham, OITS bilan kasallangan onalar bor. Va bu raqam 243tani tashkil qiladi. OITSning onadan bolaga o‘tishi bo‘yicha choralar ko‘rilgan. Ularning barchasi antiretrovirus terapiyani oladi va virusning bolaga o‘tishi deyarli keskin kamaygan. Bugungi kunda, 0,002 foiz desak ham adashmaymiz.

Jazoni o‘tash muassasalari bilan bog‘liq holatga kelsak, bunda ham tizim yo‘q emas. U yerdan chiqqan ayollar haqida albatta ma'lumot keladi va biz bu ma'lumotni viloyat boshqarmalari va tuman tibbiyot birlashmalariga beramiz. Shu asosda tibbiyot xodimlarimiz, patronaj hamshira bo‘ladimi, vrachlar bo‘ladimi, ularning turar joyiga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, patronajni amalga oshiradi. To‘g‘ri, hamma joyda bir xil emas. Qayerdadir yaxshidir, qayerdadir sal yomon, lekin tizim bor va tizim ishlayapti. Yo‘q desak, noto‘g‘ri bo‘ladi.

Keyingi masalamiz – tug‘ma nuqsonlar bo‘yicha to‘g‘ri aytdingiz. Yurak tug‘ma nuqsonlari bo‘yicha muammo bor, lekin bu muammo bo‘yicha yuqorida aytdim – faqat Toshkent shahrida emas, viloyatlarimizda ham ishlar qilinyapti. Buni bir kunda qilish qiyin. Viloyatlarda navbatma-navbat amalga oshiriladi. Qolaversa, prezidentimiz tashabbuslari bilan Koreya Respublikasida ham qo‘shimcha jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi.

To‘g‘ri, ehtiyoj yuqori, to‘liq qamrab ola olmayapmiz. Lekin ishlar borayapti, to‘xtamagan va davom etadi», dedi Bahodir Yusupaliyev.

Muhokama davomida ayollar salomatligini saqlash borasidagi qator muammoli holatlar tanqid ostiga olindi. Yakunda Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top