O‘zbekiston | 08:24 / 21.09.2019
22738
5 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar mardikor bozorlaridan lavhalar yuzasidan rasmiy axborot e'lon qildi

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

17 sentabr kuni qator nashrlarda ayollar mardikor bozorlaridan lavhalar berildi. Bu videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarni bir zumda aylanib chiqqani holda, boshqa saytlar tomonidan ham namoyish etildi, deyiladi O‘zbekiston Xotin qizlar qo‘mitasining rasmiy axborotida.

«Ushbu muammo davlat va jamoat tashkilotlari e'tiboridan chetda emasligini, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi mazkur muammoni bartaraf etish yuzasidan bir nechta loyihalar ustida ish olib borayotganini ma'lum qiladi.

Xususan, bir kunlik mehnat bilan shug‘ullanishni hamda shu yo‘l orqali ro‘zg‘or tebratishni istaydigan ayollarga qulaylik yaratishni ko‘zda tutuvchi loyihaning pilot varianti tez orada Yashnobod tumanida ishga tushirilishi mo‘ljallangan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va «JOB CAFE» mas'uliyati cheklangan jamiyatining vaqtinchalik-bir martalik ishlarni bajaruvchi xotin-qizlarning mehnat faoliyatini tartibga solish sohasidagi loyihasini amaliyotga tatbiq etish choralari ko‘rilmoqda.

Yana bir loyiha — huquqshunos Shahlo Sharipovaning mardikor ayollar mehnatini madaniylashtirish, rasmiylashtirish, ish beruvchi bilan ish izlovchi o‘rtasida vositachi bo‘lishga qaratilgan «Madadkor ayol» innovatsion loyihasidir.

Globalizatsiya davrida mehnat migratsiyasi kun sayin yangilanib boraverishi tabiiy. Biz o‘nlab ayollarni viloyatiga qaytarib jo‘natsak, muammolar va turli qiyinchiliklar sababli yuzlab ayollar yana mardikor bozorlarini to‘ldirishaveradi.

Shu bois o‘tgan davrlardagi — ish izlab poytaxtga kelgan ayollarni yoppasiga o‘z hududiga qaytarib yuborish «amaliyoti» allaqachon eskirganligi inobatga olinib, ish izlab yurgan ayollarning takliflarini ham olish maqsadida davra suhbatlari tashkil etildi.

Biz keng jamoatchilik, qadrli jurnalistlar va blogerlarimizdan yuqoridagi muammolarga barham berishga, ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishga xizmat qiladigan oqilona yechim yo‘lini ko‘rsatishlarini va takliflar berishlarini iltimos qilamiz. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorlikka hamisha tayyor», — deyiladi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar xizmati tomonidan e'lon qilingan axborotda.

Xotin qizlar qo‘mitasi o‘z rasmiy saytida «Mardikor emas, madadkor ayollar» sarlavhasi ostida e'lon qilingan tahliliy maqolada ushbu mavzuga yana bir bor to‘xtalgan.

Poytaxtimizning «Qo‘yliq», «Eski Jo‘va» bozorlari atroflarida, shuningdek, Toshkent tumanining Keles hududida mardikor ayol deb yuritiladigan, vaqtinchalik-bir martalik ish bilan band xotin-qizlarning ikkita asosiy nuqtasi bor.

Yaqinda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mas'ullari mazkur bozorlarda bo‘lib, viloyatlardan ish izlab kelgan 287 nafar xotin-qiz bilan uchrashishdi. Muloqotlar chog‘ida ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari chuqur o‘rganildi.

O‘zaro suhbatlar chog‘ida mardikor ayollar joylarda taklif qilinayotgan ish o‘rinlari uchun to‘lanadigan oylik maoshlarining kamligi, markaziy shaharlarda ularning xizmatiga yuqoriroq narx to‘lanishi, aksariyat hollarda turarjoyga ehtiyojlarining balandligi, to‘y qilish va uy-joylarini ta'mirlatish, farzandlarining kontrakt pullarini to‘lashlari, kasal yaqinlarini davolatishlari uchun katta mablag‘ zarurligini asosiy sabab sifatida keltirishdi.

Joylardagi yashash sharoitlaridan ko‘ra poytaxt sharoitining maqbulligi, hududlarda gaz va elektr energiyasida uzluksiz uzilishlarning mavjudligini ham aytib o‘tishdi.

Bu ayollar ayrim ish beruvchilar ishlatib, pulini bermasliklarini, ba'zi hollarda zo‘ravonlik holatlariga ham uchrayotganliklarini ma'lum qilishdi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ayollarning ba'zi muammolarini (masalan, bolasiga guvohnoma yoki pasport olish, bog‘cha va maktabga joylash, oilaviy kelishmovchiliklarni bartaraf etish hamda kreditga uy olib, to‘lolmayotgan ayollarni o‘z viloyatlarida maoshi yuqoriroq bo‘lgan ish o‘rinlariga joylash kabi) hal etishga ko‘maklashishdi.

Bugungi vaziyat mutasaddi idoralarning o‘zaro hamkorlikda ishlashini, ushbu ayollar faoliyatini tartibga solishda innovatsion yondashuvlarni va zamonaviy usullarni qo‘llashni talab qilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bir qator loyihalar ustida jiddiy ish olib borayotir, deyiladi maqolada.

Mavzuga oid