15:10 / 26.09.2019
1
56557

Jak Shirak vafot etdi

Foto: Reuters

Fransiyaning sobiq prezidenti Jak Shirak 86 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda marhum siyosatchining oilasi vakillariga asoslangan holda AFP xabar tarqatdi.

«Bugun tongda yaqinlari qurshovida hayotdan ketdi. Tinch orom olsin», — deya Shirakning kuyovi Frederik Sala-Baruning so‘zlarini keltirmoqda agentlik.

Jak Shirak 1932 yilning 29 noyabrida Parijda tug‘ilgan. Karno va Lyudovik Buyuk litseyida u rus tilini o‘rgangan, o‘smir yoshida Pushkinning «Yevgeniy Onegin» poemasini fransuz tiliga o‘girgan. 

U 1956—1957 yillarda armiyada xizmat qilgan va Jazoirdagi urushda qatnashib, yaralangan. U keyinroq Siyosiy tadqiqotlar institutida va Administratsiya milliy maktabida o‘qigan, davlat xizmatiga ishga kirib, siyosat bilan shug‘ullana boshlagan.

O‘tgan asrning 60-yillarida u gollchi (Sharl de Goll tarafdori) bo‘lgan. 1974 yilda Jorj Pompidu vafotidan keyin u gollchilarning Demokratlar ittifoqini boshqargan, Jiskar d'Estenni prezidentlik saylovlarida qo‘llab-quvvatlagan, so‘ng bosh vazir lavozimiga tayinlangan. Ikki yil o‘tib u bosh vazirlikni tark etib, muxolifat vakiliga aylangan hamda Parij meri lavozimini egallagan.

Jak Shirak 1995 yildan 2007 yilgacha Fransiya prezidenti bo‘lgan. Ikki marta — 1974-1976 yillarda va 1986-1988 yillarda mamlakat bosh vaziri bo‘lgan. Bosh vazirligining ikkinchi muddatida bir vaqtning o‘zida Parij meri lavozimida bo‘lgan. U Fransiya poytaxtini 18 yil (1977 yildan 1995) yilgacha davomida boshqargan.

Shirak Ikkinchi Jahon urushida yahudiylarning deportatsiya qilinishiga Fransiyaning daxldorligini birinchi bo‘lib tan olgani, shuningdek, AQShning Iroqqa bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani bilan tanilgan. Uning eng katta siyosiy islohotlaridan biri esa prezidentlik muddatini 7 yildan 5 yilga qadar qisqartirish bo‘lgan.

Shirak 2005 yilda insultni boshdan kechirgan, so‘nggi yillarda uning sog‘ligi yomonlashib borayotgandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top